$
 12466.44
-58.48
 14517.17
-113.19
 155.42
-0.54
weather
+26
Кечаси   +14°

“Yangi O‘zbekiston” massivlarida uy oluvchilarga soliq va kredit imtiyozlari taqdim etiladi

Uy-joy

Prezidentning 21-fevralda imzolagan farmoniga ko‘ra, 2025-yilda ipoteka kreditlari, uy-joy qurilishi va renovatsiya tizimida muhim o‘zgarishlar amalga oshiriladi. Ipoteka subsidiyalari 1,5 baravarga oshiriladi, yer ijaraga olgan qurilish kompaniyalari 12 oy davomida soliq to‘lashdan ozod etiladi, shuningdek, uy-joy egalari uchun renovatsiya bo‘yicha yangi qoidalar joriy etiladi.

135 ming yangi kvartira quriladi

Uy-joy bozorini rivojlantirish maqsadida 8,1 million kv.m dan iborat 135 mingta kvartira barpo etiladi. Qurilish jarayonlarini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun 20,9 trillion so‘m ipoteka kreditlari ajratiladi. Ipoteka kreditlari bo‘yicha boshlang‘ich badal va foiz to‘lovlarini qoplash uchun subsidiya ajratish hajmi 1,5 baravarga oshiriladi. Buning uchun davlat budjetidan 2,5 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

Qurilish kompaniyalari uchun yangi moliyaviy mexanizmlar

Ko‘p kvartirali uy-joylarni qurishda ishtirok etadigan qurilish tashkilotlariga 700 milliard so‘m budjet mablag‘i ajratiladi. Bundan tashqari, tijorat banklari 3 trillion so‘mlik qo‘shimcha kreditlar ajratadi. 1-martdan boshlab “Yangi O‘zbekiston” massivlari uchun yangi hududlar urbanizatsiya tamoyillariga mos ravishda tanlanadi. 1-maydan boshlab esa bu massivlarda qurilish bo‘yicha yangi tartiblar joriy etiladi.

Shuningdek, 12 oylik imtiyozli davr bilan 24 oy muddatga kreditlar taqdim etiladi. Ushbu kreditlar Markaziy bankning asosiy stavkasidan 2 foiz bandga yuqori stavkada ajratiladi.

Ko‘p kvartirali uy-joylar qurish uchun yangi shartlar

1-maydan boshlab yer faqat QQS to‘lovchi yuridik shaxslarga ijaraga beriladi. Qurilish loyihalarining tezkor amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida loyiha tayyorlashga 15 kun, qurilishni boshlash uchun 3 oy muddat belgilanadi. Shuningdek, ijaraga olingan yer uchun 12 oy davomida soliq to‘lash talab qilinmaydi.

Renovatsiya bo‘yicha yangi tartiblar

Renovatsiya doirasida buzilayotgan uy-joylar egalariga turli variantdagi kompensatsiyalar taklif etiladi:

– Buzilgan kvartira maydonidan kam bo‘lmagan yangi kvartira taqdim etiladi.

– Buzilayotgan uylarning bozor qiymati to‘liq qoplab beriladi.

– Mulk egalariga boshqa turdagi kompensatsiya olish imkoniyati taqdim etiladi.

Shuningdek, mulkdorlar bilan kelishuv bitimi faqat notarial tartibda imzolanganidan keyin renovatsiya loyihasi boshlanishi mumkin.

1-maydan boshlab barcha qurilish jarayonlari “Shaffof Qurilish” tizimi orqali onlayn boshqariladi. Qurilish loyihalarining tasdiqlanishi, ruxsatnomalar berilishi va nazorat jarayonlari to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi. Shuningdek, ko‘p kvartirali uy-joylarni foydalanishga qabul qilishda faqatgina Qurilish inspeksiyasi va Davlat yong‘in nazorati organlarining ruxsati talab etiladi, boshqa turdagi qo‘shimcha tekshiruvlar bekor qilinadi.

Bosqichma-bosqich

• 2025-yil 1-martdan – yer ajratish va ipoteka bo‘yicha yangi shartlar kuchga kiradi.

• 2025-yil 1-maydan – renovatsiya, yer auksionlari va qurilish qoidalari joriy etiladi.

Теги :
Jamiyat