$
 11886.72
-55.49
 13717.27
-25.83
 146.37
-1.05
weather
+26
Кечаси   +14°

Uy bozorida paradoks: Hovli narxi tushdi, yangi kvartiralar esa qimmatlashdi

uy

2026-yilning ikkinchi choragida O‘zbekistonda uy-joy narxlari yana oshdi. Milliy statistika qo‘mitasi e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bir chorak ichida uy-joylarning o‘rtacha narxi 1,3 foizga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa 4 foizga ko‘tarilgan. Eng katta o‘sish yangi qurilgan kvartiralarda qayd etilgan. Shu bilan birga, poytaxt va hududlar o‘rtasida narxlar dinamikasida sezilarli farqlar kuzatilmoqda.

Yangi kvartiralar narxi eng tez oshmoqda

Hisobotga ko‘ra, kvartiralar narxi ikkinchi chorakda birinchi chorakka nisbatan o‘rtacha 1,2 foizga oshgan. O‘tgan yilning shu davri bilan solishtirilganda esa o‘sish 5,5 foizni tashkil etgan. Xususiy uylar narxi ham o‘sishda davom etgan bo‘lsa-da, ularning sur’ati kvartiralarnikiga qaraganda pastroq bo‘lib, chorak davomida 1,4 foiz, bir yil davomida esa 2 foizga oshgan.

Bozorning eng faol segmenti yangi qurilgan kvartiralar bo‘ldi. Birlamchi bozorda narxlar uch oy ichida 0,7 foizga, o‘tgan yilga nisbatan esa 7,1 foizga ko‘tarilgan. Ikkilamchi bozorda ham narxlar o‘sishda davom etmoqda. Mavjud kvartiralar narxi birinchi chorakka nisbatan 1,6 foizga, o‘tgan yilning ikkinchi choragiga nisbatan esa 4,2 foizga qimmatlashgan. Bu yangi uy-joylarga talab yuqoriligicha qolayotganini, shu bilan birga ikkilamchi bozor ham barqaror o‘sayotganini ko‘rsatadi.

Toshkent va hududlarda narxlar turlicha o‘zgardi

Poytaxtda kvartiralar narxi ikkinchi chorak davomida 1,3 foizga, o‘tgan yilga nisbatan esa 3,9 foizga oshdi. Toshkentdagi yangi qurilgan kvartiralar narxi uch oy ichida 1 foizga, bir yil ichida esa 5 foizga ko‘tarilgan. Ikkilamchi bozorda sotilayotgan kvartiralar ham qimmatlashib, chorak davomida 1,5 foiz, bir yilda esa 3,2 foizga oshgan.

Hududlarda esa narxlarning o‘sishi poytaxtga qaraganda yuqoriroq bo‘ldi. Toshkentdan tashqaridagi viloyatlarda kvartiralar narxi chorak davomida 1,1 foizga, bir yil davomida esa 7 foizga ko‘tarilgan. Ayniqsa, yangi qurilgan kvartiralarda sezilarli o‘sish kuzatilib, ularning narxi bir yilda 8,7 foizga oshgan. Ikkilamchi bozordagi kvartiralar narxi esa shu davrda 5,1 foizga qimmatlashgan.

Xususiy uylar bozorida esa vaziyat biroz boshqacha. Mamlakat bo‘yicha ularning narxi o‘rtacha 2 foizga oshgan bo‘lsa-da, Toshkentda chorak davomida 0,7 foizlik pasayish qayd etilgan. Aksincha, viloyatlarda xususiy uylar narxi uch oy ichida 2,8 foizga, o‘tgan yilga nisbatan esa 2,7 foizga ko‘tarilgan.

Uy-joy narxlari endi yangi usulda hisoblanmoqda

Milliy statistika qo‘mitasi 2026-yilning ikkinchi choragidan boshlab uy-joy narxlari indeksini hisoblashning yangilangan metodologiyasini joriy etdi. Endilikda hisob-kitoblar faqat kvartiralarni emas, balki xususiy uylarni ham qamrab oladi. Narxlar hedonik regressiya usuli asosida hisoblanadi. Bu usul uy-joyning maydoni, joylashuvi, qavati va boshqa muhim xususiyatlarini inobatga olgani uchun bozordagi haqiqiy narx o‘zgarishini aniqroq aks ettiradi.

Yangi metodologiya bo‘yicha asosiy ma’lumotlar OLX.uz platformasidagi sotuv e’lonlaridan olinadi. Ayrim hududlarda e’lonlar yetarli bo‘lmasa, Telegram’dagi ko‘chmas mulk kanallari va boshqa ochiq manbalardan ham foydalaniladi. Hisob-kitobdan oldin barcha ma’lumotlar statistika talablari asosida tekshiriladi, takroriy yoki haqiqatga mos kelmaydigan e’lonlar chiqarib tashlanadi.

Milliy statistika qo‘mitasi 2024-yilni bazaviy yil sifatida belgilagan. Shu asosda 2026-yilning ikkinchi choragida uy-joy narxlari indeksi 106,8 foizni tashkil etdi. Kvartiralar bo‘yicha indeks 107,1 foizga, xususiy uylar bo‘yicha esa 106,1 foizga yetgan. Bu ko‘rsatkichlar uy-joy bozori o‘sishda davom etayotganini va narxlar barqaror ravishda yuqorilayotganini ko‘rsatmoqda.

Теги :
Jamiyat