$
 12035.22
21.82
 13915.12
84.09
 167.95
4.08
weather
+26
Кечаси   +14°

Toshkentdagi 17 mingta eski uylar buzilib, qayta quriladi

Uy-joy

Shavkat Mirziyoyev 10-iyun kuni urbanizatsiya va shaharsozlik sohasidagi islohotlar samaradorligini oshirishga qaratilgan taqdimot bilan tanishdi. Unda ulush kiritish asosida ko‘p kvartirali uylar qurish sohasidagi joriy holat tahlil qilindi. Ma’lum qilinishicha, keyingi yillarda bunday uylar qurilishi hajmi 2,5 barobar ko‘payib, o‘tgan yili 11 million kvadrat metrdan oshgan. Shu bilan birga, ulushli uy-joy qurilishida huquqbuzarliklar ham ko‘paygan. O‘tgan yilning o‘zida 3 mingga yaqin fuqaroga 668 milliard so‘mlik zarar yetkazilgani qayd etildi.

Ushbu muammolarni hal etish uchun ulushli qurilishga oid yangi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Unda loyihalarni yangicha yondashuvlar asosida tartibga solish, fuqarolar mablag‘larini himoya qilish va qurilish jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash choralari ko‘zda tutilgan.

Ulushli qurilishda eskrou hisobvaraqlari tizimi joriy etiladi

Taqdimotda ulushli qurilishni moliyalashtirishning yangi mexanizmi — eskrou hisobvaraqlari tizimi muhokama qilindi. Bu tizimga ko‘ra, xaridorlarning mablag‘lari vakolatli bankdagi maxsus hisobvaraqda saqlanadi. Quruvchi kompaniya ushbu mablag‘larni faqat qurilish ishlari belgilangan shartlar asosida to‘liq bajarilgandan keyingina olishi mumkin bo‘ladi.

Eskrou tizimi to‘rtta asosiy qoidaga tayanadi. Birinchidan, ushbu hisobvaraqlarga tushgan mablag‘lar kreditorlarning undiruviga qaratilmaydi. Ikkinchidan, investorlar va quruvchilar faqat vakolatli banklar orqali faoliyat yuritadi. Uchinchidan, mablag‘lar quruvchiga faqat topshirish dalolatnomasi imzolangandan so‘ng o‘tkazib beriladi. To‘rtinchidan, shartnoma bekor qilingan taqdirda, ulushdorning mablag‘i to‘liq qaytariladi.

Yangi tizimda Uy-joy yagona axborot platformasi asosiy o‘rin tutadi. Unda barcha qurilish jarayonlari ochiq elektron shaklda yuritilib, developerlar reytingi, ruxsatnomalar, loyiha va qurilish jarayonlari, eskrou hisobvaraqlari hamda shartnomalar bo‘yicha ma’lumotlar bir joyga jamlanadi.

Qurilish sohasidagi axborot tizimlari yagona tarmoqqa birlashtiriladi

Taqdimot davomida bitta qurilish obyekti bo‘yicha ma’lumotlar hozirda bir nechta alohida axborot tizimlarida yuritilayotgani ko‘rsatib o‘tildi. UzKad, E-auksion, E-qaror, Shaffof qurilish va Mening uyim kabi tizimlar o‘zaro bog‘lanmagani sababli yer uchastkasi, loyiha hujjatlari, ekspertiza, qurilishga ruxsatnoma va obyektni foydalanishga topshirish jarayonlari tarqoq holda shakllanmoqda.

Ushbu muammoni hal qilish uchun qurilish jarayonlariga yagona identifikator, hududning raqamli pasporti, loyihaning raqamli pasporti va obyektning raqamli pasportini joriy etish taklif qilindi. Bu chora obyektning butun hayot siklini yagona raqamli tizimda qamrab olish imkonini beradi.

Shaharsozlikda renovatsiya jarayonlari qonun bilan tartibga solinadi

Uchrashuvda shaharsozlik renovatsiyasi masalalariga ham e’tibor qaratildi. Mamlakatda 1991-yilgacha qurilgan 17 mingta uy mavjud bo‘lib, ularning o‘rniga zamonaviy, energiya tejamkor va zarur infratuzilmaga ega ko‘p kvartirali uylar qurish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.

Hozirgi vaqtgacha renovatsiya jarayonlarini tartibga soladigan yagona qonun mavjud emasligi sababli, shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi yangi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Unda renovatsiya hududlarini belgilash, aholi roziligini olish, kompensatsiya to‘lash va ko‘chirish tartiblari, investorlar majburiyatlari hamda davlat organlarining vakolatlari aniq belgilab qo‘yilmoqda.

Renovatsiya loyihalari nima uchun kerak?

Renovatsiya loyihalaridan ko‘zlangan maqsad eskirgan uy-joy fondini yangilash, aholi uchun xavfsiz va qulay yashash sharoitlarini yaratish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, shuningdek, yashil hududlar va ijtimoiy infratuzilmani kengaytirishdan iborat.

Prezident shaharsozlik va urbanizatsiya sohasidagi islohotlar aholi uchun qulay muhit yaratish hamda barqaror rivojlanish tamoyillariga asoslanishi zarurligini ta’kidladi. Mutasaddilarga bosh rejalar va master-rejalarni raqamlashtirish, Uy-joy yagona platformasini ishga tushirish, ulushli qurilishda fuqarolar huquqlarini kafolatlash, eskrou mexanizmlarini joriy etish hamda renovatsiya bo‘yicha aniq va adolatli tartiblarni shakllantirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Теги :
Jamiyat