$
 12158.59
-39.69
 14238.92
-2.57
 157.88
1.31
weather
+26
Кечаси   +14°

Uy bozorida katta o‘zgarish: Narxlar 4 yilda qanchalik oshdi?

uy

So‘nggi 4 yil ichida O‘zbekistonda uy-joy narxlari sezilarli darajada o‘zgardi. Ayrim hududlarda narxlar keskin oshgan bo‘lsa, boshqalarida o‘sish biroz sekinroq kechgan. 2022-yildan 2026-yilgacha bo‘lgan ma’lumotlar bozordagi haqiqiy holatni aniq ko‘rsatib berdi. 

Xo‘sh, oxirgi yillar ichida uy-joy bozorida qanday o‘zgarishlar kuzatildi?

Poytaxt va yirik shaharlarda narxlar ko‘tarildi

2022-yil dekabrda Toshkent shahrida uy-joyning 1 kvadrat metri o‘rtacha 920 dollar edi. 2026-yil fevralga kelib esa bu narx 1 133 dollarga chiqdi. Samarqandda ham narxlar 615 dollardan 877 dollargacha oshdi. Toshkent viloyatida 486 dollardan 667 dollarga, Navoiyda 534 dan 650 dollarga ko‘tarildi. Buxoroda 400 dan 618 dollarga, Andijonda 450 dan 616 dollarga, Namanganda esa 408 dan 573 dollarga yetdi.

Faqat yirik shaharlar emas, boshqa hududlarda ham narxlar oshib borgan. Surxondaryoda 1 kvadrat metr 385 dollardan 525 dollarga chiqdi. Xorazmda 309 dan 492 dollarga, Farg‘onada 335 dan 489 dollarga ko‘tarildi. Sirdaryoda 341 dan 473 dollarga, Jizzaxda 353 dan 487 dollarga, Qashqadaryoda 350 dan 465 dollarga yetdi. Qoraqalpog‘istonda ham narxlar 309 dollardan 378 dollargacha oshgan.

Uy olishga talab ortgan

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga qaraganda, 2026-yil fevral oyida uy-joy oldi-sotdi bitimlari yana oshgan. Bir oyda 29,7 mingta bitim tuzilgan. Bu o‘tgan oyga nisbatan 4 foiz ko‘p. O‘tgan yil bilan solishtirganda esa bitimlar soni 7,2 mingga ko‘payib, 32,4 foiz o‘sish qayd etilgan.

Hududlar kesimida eng katta o‘sish Navoiy viloyatida qayd etilgan — 53 foiz. Sirdaryoda bu ko‘rsatkich 39 foiz, Toshkent shahrida esa 49 foizga oshgan. O‘tgan oy bilan solishtirganda Toshkent viloyatida 25 foiz, Navoiyda 22,6 foiz, Sirdaryoda esa 13,4 foiz o‘sish kuzatilgan.

Narxlar bo‘yicha esa eng tez o‘sish Surxondaryoda 22 foizni, Sirdaryoda 19,3 foizni, Jizzaxda 16,3 foizni, Qoraqalpog‘istonda esa 15,9 foizni tashkil etgan.

Toshkentda uy narxlari va ijara bozori

Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joy bozori ham o‘sishda davom etmoqda. Narxlar yil davomida o‘rtacha 3,2 foizga oshgan. Eng katta o‘sish Mirobod tumanida 7 foizni tashkil etgan. Yakkasaroyda 5,6 foiz, Shayxontohurda 5,4 foiz, Chilonzorda 5,3 foiz o‘sish kuzatilgan.

Yangi uylar bozorida esa narxlar o‘rtacha 11,5 foizga oshgan. Mirobodda bu ko‘rsatkich 18 foiz, Mirzo Ulug‘bekda 15,4 foiz, Yunusobodda 15,2 foiz bo‘lgan.

Ijara narxlari fevral oyida o‘zgarmagan, o‘rtacha 1 kvadrat metr uchun 8,7 dollar bo‘lib qolgan. Lekin o‘tgan yil bilan solishtirganda ijara narxlari 8 foizga oshgan. Markaziy tumanlarda esa ijara narxi taxminan 11 dollar atrofida. Yashnobodda ijara narxi 16 foizga, Sergelida 13 foizga, Yunusobodda 12 foizga, Olmazorda 11 foizga va Shayxontohurda 10 foizga oshgan.

Теги :
Jamiyat