$
 12275.58
-11.73
 14591.98
-52.04
 159.09
0.26
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston uy-joy bozori “qizimoqda”: Qayerda narxlar eng ko‘p oshdi?

Uy-joy Foto: Gazeta.uz

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar oyida respublika bo‘yicha uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni 28,6 mingtani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan bitimlar soni qariyb 12 foizga oshgan.

Hududlar kesimida

Ko‘chmas mulk savdolarining qariyb uchdan bir qismi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan. Poytaxtda bitimlar hajmi 33,4 foizga ko‘payib, hududlar orasida eng yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan. Shuningdek, Samarqand (26 foiz) va Sirdaryo (24 foiz) viloyatlarida ham bitimlar soni sezilarli o‘sgan.

Yanvar oyida respublika miqyosida ikkilamchi uy-joy bozorida 1 kv metr uchun o‘rtacha narx oylik hisobda 0,9 foizga oshgan. Yillik kesimda narxlar o‘sishi 8 foizni tashkil etgan.

Eng yuqori yillik o‘sish Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida qayd etilib, bu hududlarda o‘rtacha o‘sish qariyb 24 foiz bo‘lgan. Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa narxlar 16 foizga oshgan.

Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joylarda 1 kv metrning o‘rtacha narxi taxminan 1120 dollar bo‘lib, oylik hisobda 0,6 foizga oshgan. Yillik o‘sish qariyb 2 foizni tashkil etgan. Ikkilamchi segmentda eng yuqori o‘sish Yakkasaroy (5,7 foiz) va Mirobod (4,3 foiz) tumanlarida kuzatilgan.

Birlamchi bozorda esa narxlar o‘sishi nisbatan yuqori bo‘lib, yangi qurilgan uy-joylarda 1 kv metrning o‘rtacha narxi yillik hisobda 9 foizdan ko‘proqqa oshgan. Eng yuqori o‘sish Mirobod (18,4 foiz) va Mirzo Ulug‘bek (17,3 foiz) tumanlarida qayd etilgan.

Ijara bozori

Yanvarda Toshkentda ijaraning o‘rtacha qiymati 1 kv metr uchun 8,8 dollar atrofida bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan 9 foizga yuqori bo‘lgan. Ijara narxlarining eng yuqori darajasi Mirobod, Shayxontohur, Yakkasaroy va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida saqlanib, bu hududlarda o‘rtacha 11 dollar atrofida qayd etilgan.

Shu bilan birga, ijara o‘sish sur’atlarining jadallashuvi Olmazor, Yunusobod, Yashnobod, Chilonzor va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida ko‘proq kuzatilib, ushbu hududlarda yillik o‘rtacha o‘sish qariyb 13 foizni tashkil etgan.

Теги :
Jamiyat