$
 12035.26
-15.08
 13710.57
25.0
 151.46
-1.83
weather
+26
Кечаси   +14°

Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun yangi tizim: 15 foizlik ustama kimlarga beriladi?

ustama

O‘zbekistonda boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga milliy sertifikat berishning yangi tartibi rasman tasdiqlandi. Hukumatning 2026-yil 29-iyuldagi qaroriga muvofiq, yangi tizim 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab amaliyotga joriy etiladi. Unga ko‘ra, malaka imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘qituvchilar milliy sertifikat oladi, yuqori natija ko‘rsatganlarga esa qo‘shimcha ustama to‘lanadi.

B+ va undan yuqori sertifikat olganlarga har oy ustama beriladi

Yangi tartib boshlang‘ich ta’lim mutaxassisligi bo‘yicha dars beradigan o‘qituvchilarga tatbiq etiladi. Agar o‘qituvchi B+ yoki undan yuqori darajadagi milliy sertifikatni qo‘lga kiritsa, sertifikat amal qiladigan butun davr davomida unga davlat budjeti hisobidan har oy lavozim maoshining 15 foizi miqdorida qo‘shimcha ustama to‘lanadi. Ushbu ustama o‘qituvchi dars berayotgan ta’lim tiliga mos ravishda barcha fanlar bo‘yicha amal qiladi. Milliy sertifikatlash tizimini tashkil etish va imtihonlarni o‘tkazish vakolati Bilim va malakalarni baholash agentligiga yuklatilgan.

Sertifikat olish uchun nomzodlar my.gov.uz portali orqali elektron ariza topshiradi. Imtihonda qatnashish uchun ariza berilgan kundagi bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida to‘lov undiriladi. Imtihon davomida o‘qituvchilarning boshlang‘ich sinf fanlari bo‘yicha bilimlari, dars o‘tish metodikasi va pedagogik mahorati test sinovlari orqali baholanadi.

Natijalar xalqaro tizim asosida baholanadi

Malaka imtihoni natijalari xalqaro Rash modeli asosida hisoblanadi. 70 balldan yuqori natija olganlarga A+, 65–69,9 ball olganlarga A, 60–64,9 ball olganlarga B+, 55–59,9 ball olganlarga B, 50–54,9 ball olganlarga C+, 46–49,9 ball to‘plaganlarga esa C darajadagi milliy sertifikat beriladi. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarga bir ish kuni ichida QR-kodli elektron sertifikat my.gov.uz portali orqali yuboriladi.

Agar nomzod baholash natijasidan norozi bo‘lsa, natijalar e’lon qilingan kundan boshlab uch kun ichida elektron tarzda apellyatsiya shikoyati yuborishi mumkin. Qarorda yana bir muhim yangilik ham belgilangan. 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab huquqshunoslik fanini bilish darajasini aniqlash va ushbu yo‘nalish bo‘yicha ham milliy sertifikat berish tizimi joriy etiladi. Bu orqali o‘qituvchilar bilimini yagona mezon asosida baholash va malakali pedagoglarni rag‘batlantirish maqsad qilingan.

Теги :
Jamiyat