Sanksiyada qolgan Usmonovning shikoyati
Milliarder o‘z huquqlari buzilgani to‘g‘risida bergan arizasi bo‘yicha Germaniyalik ikki prokurorga jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
2 daqiqa o‘qiladi

Bild nashrining xabar berishicha, milliarder Alisher Usmonov o‘z huquqlari buzilgani to‘g‘risida bergan arizasi bo‘yicha germaniyalik ikki prokurorga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Sabab noqonuniy tintuv
USM asoschisi Alisher Usmonov o‘z huquqlari buzilgani haqida ariza berdi, shundan so‘ng Frankfurt-na-Maynda ikki nafar prokurorga nisbatan jinoiy ish ochildi. Bild nashriga ko‘ra, bu 2022-yilda Usmonovning mulkida o‘tkazilgan noqonuniy tintuvlar bilan bog‘liq.
Prokurorlardan biri yuqori lavozimli
Frankfurt prokuraturasi matbuot kotibi Dominik Miyesning aytishicha, ish bitta yuqori lavozimli prokuror va Bosh prokuraturaning bir nafar xodimiga nisbatan ochilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunga ikki kishining, jumladan “Rossiya Federatsiyasidan kelgan 70 yoshli tadbirkorning” arizasi sabab bo‘lgan.
Nashr tahmini
Bild nashrining yozishicha, ish adolatdan bo‘yin tovlaganlikda va begunohlarni ta’qib qilganlikda gumon qilinib ochilgan. Nashr bu ishni 2022-yilning kuzida bo‘lib o‘tgan tintuvlar bilan bog‘lamoqda. Frankfurt sudi o‘tgan yilning may oyida uni noqonuniy deb e’lon qilgan va keyinroq tintuvlar chog‘ida qo‘lga kiritilgan barcha ashyolarni qaytarishni buyurgandi.
2022-yildan beri sanksiyadagi Usmonov
Usmonov 2022-yildan beri Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida. U ularni sudga tortishga qaror qilgan. Germaniya tergov organlari rossiyalik tadbirkorni o‘zlashtirish va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlikda gumon qilmoqda. Tadbirkor barcha ayblovlarni qat’iyan rad etadi.
Ma’lumot uchun, Forbes talqini bo‘yicha Usmonov rossiyalik milliarderlar orasida 14,4 milliard dollar bilan 8-o‘rinda turadi.



