$
 12171.61
-24.39
 14117.85
-23.41
 149.80
-1.94
weather
+26
Кечаси   +14°

Vengriya Alisher Usmonovni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarishni talab qilmoqda

Alisher Usmonov

Vengriya sakkiz nafar rossiyalikni Yevropa ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarishni talab qildi. Aks holda sanksiyalarning uzaytirilishini bloklash bilan tahdid qilmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Talabgorlar kimlar?

Bu shaxslarning kimligi rasman e’lon qilinmagan. “Sistema” tadqiqot loyihasi esa manbalarga tayanib, ularning ismini aniqlashtirdi.

Ro‘yxatga rossiyalik oligarx Alisher Usmonov, uning singlisi Gulbahor Ismoilova, “Alfa-Bank” hammuassislari Mixail Fridman va Pyotr Aven, “Uralxim” xoldingi hammuassisi Dmitriy Mazepin, Yevropa yahudiylari kongressiga rahbarlik qilgan tadbirkor Vyacheslav Moshe Kantor, shuningdek, “Alyans” guruhi rahbari va neft magnati Musa Bajayev kiritilgan.

Veto huquqi

Ro‘yxatda sport vaziri va Xabarovsk o‘lkasining sobiq gubernatori Mixail Degtyarev ham joy olgan. Vengriya nima uchun aynan shu shaxslarni “qora ro‘yxat”dan chiqarishni so‘rayotgani noma’lum.

Yevropa ittifoqining sanksiyalar ro‘yxati muntazam ravishda 27 a’zo davlatning bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashi bilan qayta ko‘rib chiqiladi va uzaytiriladi. Vengriya avval ham veto huquqidan foydalanish bilan tahdid qilgan edi.

Sanksiyalar Rossiyadan ko‘ra YI mamlakatlariga ta’sir o‘tkazmoqda

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban sanksiyalar Rossiyadan ko‘ra Yevropa ittifoqi mamlakatlariga ko‘proq ta’sir o‘tkazayotganini aytgan. Bryussel esa sanksiyalar bo‘yicha yagona chiziq bo‘lmasa, Yevropa Ittifoqi Moskvaga bosim o‘tkazishning asosiy vositasini yo‘qotishini ta’kidlagan.

Usmonovga sanksiyalar

Alisher Usmonov AQSH, Yevropa ittifoqi, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Kanada, Yaponiya, Avstraliya va Yangi Zelandiyaning “qora ro‘yxati”ga kiritilgan. Milliarderga nisbatan cheklovlar Rossiya—Ukraina urushi boshlanganidan so‘ng kiritilgan. Yevropa sanksiyalari doirasida Germaniya rasmiylari uning singlisi Gulbahor Ismoilovaning taxminan 600 million dollarlik “Dilbar” yaxtasini musodara qilgan edi.

Теги :
Jamiyat