$
 12101.84
53.0
 13811.83
70.13
 153.75
0.87
weather
+26
Кечаси   +14°

40 milliard dollar ham kamlik qildi: AQSh Eronga qarshi urush uchun mablag‘ qidirmoqda

Tramp

AQShning Eronga qarshi harbiy amaliyoti tobora qimmatga tushmoqda. AQSh mudofaa vazirligi hisob-kitobiga ko‘ra, operatsiya xarajatlari allaqachon 37,5 milliard dollarga yetgan, ayrim ekspertlar esa bu raqam 40 milliard dollarga yaqinlashganini aytmoqda. Endi Oq uy urushni davom ettirish uchun yangi mablag‘ topish va Kongressni bunga ko‘ndirishdek murakkab vazifa oldida turibdi.

Urush davom etmoqda, mablag‘ esa tugab bormoqda

Bloomberg xabariga ko‘ra, AQSh ma’muriyati Eronga qarshi harbiy harakatlarni davom ettirish uchun qo‘shimcha mablag‘ izlamoqda. Dastlab buning uchun Kongress orqali yangi moliyalashtirish paketi qabul qilinishi rejalashtirilgan edi. Biroq bu masala amalda boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Shu sabab Oq uy boshqa manbalardan mablag‘ topish yo‘llarini ko‘rib chiqmoqda. Manbalarga ko‘ra, aynan shu masala Oq uy va Kongress o‘rtasidagi kelishmovchilikni yanada kuchaytirgan. Harbiy operatsiya cho‘zilgani sari xarajatlar ham ortmoqda va ma’muriyat oldida bu pullarni qayerdan olish masalasi tobora dolzarb bo‘lib bormoqda.

Tramp va Kongress o‘rtasidagi kelishmovchilik

Bloomberg manbalari Donald Tramp Kongressni qo‘shimcha mablag‘ ajratishga faol ishontirishga urinmayotganini ta’kidlagan. Aytilishicha, prezident qonunchilar bilan yetarli darajada muzokara olib bormagan va moliyalashtirish paketini ilgari surishga katta e’tibor qaratmagan. Shu bilan birga, mojaro Tramp kutganidan boshqacha tus olgani ham qayd etilgan. Harbiy harakatlar tez yakunlanishi kutilgan bo‘lsa-da, vaziyat cho‘zilib ketgan. Manbalardan biri prezident ayni paytda “qasos rejimi”ga o‘tganini ham bildirgan. Kongressdagi ayrim senatorlar va vakillar esa urush qancha davom etishi, uning yakuniy maqsadi nimadan iboratligi hamda milliardlab dollar aynan nimaga sarflanishi haqida aniq javob talab qilmoqda.

90 milliard dollar so‘raldi, ammo hamma ham bunga rozi emas

AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset Senatdagi eshituvda Eronga qarshi harbiy operatsiya xarajatlari qariyb 37,5 milliard dollarga yetganini ma’lum qilgan. Bu hisob-kitobga joriy xarajatlar bilan birga 30-sentyabrgacha rejalashtirilgan sarf-xarajatlar ham kiritilgan. Vazirning ogohlantirishicha, agar qo‘shimcha mablag‘ ajratilmasa, harbiy tayyorgarlik, texnikalarga xizmat ko‘rsatish va mudofaa dasturlarining ayrim qismini qisqartirishga to‘g‘ri keladi.

Oq uy Kongressdan Eron bilan bog‘liq harbiy xarajatlarni qoplash uchun qariyb 90 milliard dollar ajratishni so‘ragan. Biroq qonun chiqaruvchilar bunga shoshilmayapti. 23-iyul kuni Vakillar palatasi prezidentni Kongress roziligisiz harbiy operatsiyalarni davom ettirmaslikka chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qilgan, Senat esa bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamagan. Avvalroq CNN Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi hisob-kitoblariga tayanib, operatsiyaning umumiy qiymati 40 milliard dollarga yaqinlashganini xabar qilgan edi. Ekspertlarga ko‘ra, bu mablag‘ning qariyb 26 milliard dollari raketalar, bombalar va boshqa o‘q-dorilar xarajatiga to‘g‘ri kelgan. Ularning fikricha, mojaro davom etsa, qurol zaxiralarini to‘ldirish, samolyot va kemalarni saqlash, havo hujumidan mudofaa tizimlarini ishlatish hamda mintaqadagi qo‘shinlarni ta’minlash uchun bundan ham ko‘proq mablag‘ talab etiladi.

Теги :
Jamiyat