$
 11949.03
-52.91
 13921.81
-52.05
 166.28
-0.39
weather
+26
Кечаси   +14°

Urush yana alanga oldi: Muzokarlar fonida AQSh va Eron bir-biriga to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum qilmoqda

urush

AQSh va Eron o‘rtasidagi urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar davom etayotganiga qaramay, so‘nggi kunlarda vaziyat yana keskinlashdi. Eron AQShning harbiy dronini urib tushirdi, bunga javoban Vashington Eron hududidagi harbiy obyektlarga hujum uyushtirdi. Oradan ko‘p o‘tmay Eron ham AQSh harbiylari joylashgan hududlarga raketa va dronlar uchirdi. Shuningdek, Isroil va Livandagi Hizbulloh harakati o‘rtasidagi to‘qnashuvlar ham kuchayib bormoqda.

Xo‘sh, Yaqin Sharqdagi bu mojaro qachongacha davom etadi?

AQSh Eronning harbiy obyektlariga zarba berdi

AQSh Markaziy qo‘mondonligi ma’lumotiga ko‘ra, hafta oxirida Amerika harbiylari Eronning Geruk shahri va Qeshm orolidagi bir nechta harbiy obyektlariga hujum uyushtirgan. Zarbalar havo mudofaasi tizimlari, yerusti boshqaruv markazi va mintaqadagi kemalarga tahdid solayotgani aytilgan ikkita hujumchi dronga qaratilgan.

Vashington bu operatsiyani Eron tomonidan xalqaro suvlar ustida uchayotgan MQ-1 rusumli Amerika droni urib tushirilganiga javob sifatida izohladi. AQSh harbiylari zarbalar ehtiyotkorlik bilan rejalashtirilganini va maqsad vaziyatni yanada keskinlashtirish emas, balki xavfsizlikka tahdidlarni bartaraf etish bo‘lganini ta’kidladi.

Shu bilan birga, AQSh va Eron vakillari urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni ham davom ettirmoqda. Biroq tomonlar kelishuvga qanchalik yaqinlashgani noma’lum. Har qanday yangi hujum muzokaralarni izdan chiqarishi mumkin.

Eron Quvayt tomonga raketa va dronlar uchirdi

AQSh hujumlaridan keyin Eron ham javob qaytardi. Quvayt havo mudofaasi tizimlari dushanba tongida mamlakat tomon uchayotgan raketa va dronlarni aniqlab, ularga qarshi harakat qilganini ma’lum qildi.

Shu paytda Eron Inqilobiy gvardiyasi AQShning avvalgi hujumlariga javob qaytarilganini e’lon qildi. Davlatning IRNA agentligi tarqatgan bayonotda Amerika kuchlari aloqa minorasini nishonga olgani aytilgan.

AQSh Markaziy qo‘mondonligi esa Eron tomonidan Amerika harbiy bazalari tomon uchirilgan ikkita ballistik raketa havoda yo‘q qilinganini bildirdi. Bayonotga ko‘ra, hodisa oqibatida birorta amerikalik harbiy zarar ko‘rmagan.

Eron davlat televideniyesi raketa uchirilayotgan lavhalarni ham namoyish etdi. Raketalardan birida Donald Trampning ko‘kargan yuzi tasvirlangan stiker va “Hududdagi so‘nggi amerikalik askar ketmaguncha” degan yozuv ham mavjud.

Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat butun dunyoga ta’sir qilmoqda

Urushning eng katta oqibatlaridan biri Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyat bo‘lib qolmoqda. Eron bu hududdagi nazoratni saqlab turgani uchun dunyoning eng muhim dengiz yo‘llaridan biri amalda cheklanib qolgan.

Urush boshlanishidan oldin bu bo‘g‘oz orqali har kuni o‘rtacha 130 dan ortiq yirik kema harakatlangan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich keskin kamaygan. Lloyd’s List Intelligence ma’lumotiga ko‘ra, juma kunidan oldingi yetti kun ichida atigi 36 ta kema bo‘g‘ozdan o‘tgan. Ularning uchdan bir qismi neft va neft mahsulotlarini tashigan.

Bir vaqtlar dunyoda savdo qilinadigan neft va tabiiy gazning qariyb beshdan bir qismi aynan shu yo‘l orqali o‘tgan. Shu sababli bo‘g‘ozdagi muammolar nafaqat yoqilg‘i narxlarining oshishiga, balki kimyoviy o‘g‘itlar ta’minotiga ham bosim o‘tkazmoqda. Mutaxassislar bu holat oziq-ovqat tanqisligi xavfini ham kuchaytirishi mumkinligini aytmoqda. Chunki Fors ko‘rfazi mamlakatlari dunyodagi kimyoviy o‘g‘itlar savdosining qariyb 30 foizini ta’minlaydi.

Dushanba kuni Iroqning Umm-Qasr porti yaqinidagi yuk kemasi ham snaryad zarbasiga uchradi. Buyuk Britaniya harbiylari katta portlash yuz berganini tasdiqladi, biroq hujum uchun hozircha hech kim javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi.

Isroil va Hizbulloh mojarosi ham vaziyatni murakkablashtirmoqda

AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralarga Livandagi vaziyat ham ta’sir qilmoqda. Isroil Livan hududlaridagi harbiy ishtirokini kengaytirgan, Hizbulloh esa Isroil tomon dronlar uchirishda davom etmoqda.

Eron har qanday kelishuv Livandagi vaziyatni ham qamrab olishi kerakligini aytmoqda. Eron Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan bayonotda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlar uchun AQSh javobgar ekani ta’kidlangan.

Donald Tramp dushanba kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan suhbatlashgani va vositachilar orqali Hizbulloh bilan aloqaga chiqqanini ma’lum qildi. Uning aytishicha, tomonlar janglarni kamaytirishga rozi bo‘lgan. Biroq oradan ko‘p o‘tmay Isroil Livandan raketalar uchirilganini qayd etdi va shimoliy hududlardagi aholiga boshpanalarga kirishni tavsiya qildi.

Pokistonlik sobiq diplomat Masud Xon Isroilning Livandagi harakatlari diplomatik muhitni murakkablashtirayotganini aytdi. Uning fikricha, Isroil mintaqada yangi strategik vaziyat yaratishga urinmoqda.

Sulh bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda, ammo ishonch yo‘q

Dam olish kunlari AQSh Eron portlari blokadasini yorib o‘tishga urinib, Gambiya bayrog‘i ostidagi yuk kemasiga ham raketa bilan zarba bergan. Ushbu voqea ham muzokaralar fonida keskinlikni yanada oshirdi.

Donald Tramp juma kuni maslahatchilari bilan uchrashgan bo‘lsa-da, Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish va sulhni uzaytirish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilmadu. Eron esa bunday kelishuv hali rasman tasdiqlanmaganini aytmoqda.

Eslatib o‘tamiz, AQSh va Isroil 28-fevral kuni Eronga qarshi harbiy amaliyotlarni boshlagan edi. Mojaroning asosiy sabablaridan biri Eronning yadroviy dasturi bo‘lib qolmoqda. Tehron bu dastur tinch maqsadlarga xizmat qilishini ta’kidlaydi, biroq G‘arb davlatlari Eron yuqori darajada boyitilgan uranga ega ekanini va istasa bir nechta yadroviy qurol yaratishi mumkinligini aytmoqda.

AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens muzokarachilar hozircha yadroviy dastur bo‘yicha umumiy tamoyillar yuzasidan kelishishga urinayotganini bildirgan. Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Baqoyi esa AQShni pozitsiyasini doimiy ravishda o‘zgartirib turishda ayblab, muzokaralar o‘zaro ishonchsizlik muhitida o‘tayotganini ma’lum qilgan. Shu sabab urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar davom etayotgan bo‘lsa-da, Yaqin Sharqda vaziyat hali ham juda nozik va har qanday yangi hujum mojaroni yanada kengaytirib yuborishi mumkin.

Теги :
Jamiyat