$
 12175.53
-4.28
 14151.62
12.08
 155.08
-1.65
weather
+26
Кечаси   +14°

Eron bilan urush AQShga kuniga 891 million dollarga tushyapti Yakunda AQSh qancha yo‘qotishi mumkin?

AQSh harbiy texnikasi

AQSh va Eron o‘rtasidagi keskinlik harbiy maydonlardan iqtisodiy hisob-kitoblar stoliga ko‘chdi. Pentagondan rasmiy raqamlar chiqishini kutmasdan, Vashingtondagi nufuzli tahlil markazlari va CNN tahlilchilari ushbu harbiy kampaniyaning AQSh soliq to‘lovchilari hamyoniga qanchalik og‘irlik qilayotganini ochiqladi. Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda AQShning Eronga qarshi harbiy amaliyotlari har kuni o‘rtacha 891,4 million dollarni “yutib yubormoqda”.

Strategik xarajatlar: Osmon, dengiz va quruqlikdagi narxlar

Urushning iqtisodiy yuki bir tekis taqsimlanmagan. Eng katta mablag‘ havo va dengiz ustunligini saqlab turishga sarflanmoqda. Xususan, havo operatsiyalarining bir kunlik qiymati 30 million dollarni tashkil etsa, dengizdagi harbiy harakatlar uchun 15 million dollar ajratilmoqda. Quruqlikdagi cheklangan amaliyotlar esa kuniga 1,6 million dollarga tushmoqda.

Texnik nuqtayi nazardan qaralsa, harbiy aviatsiyaning har bir bo‘g‘ini ulkan xarajat demakdir. Masalan, yonilg‘i tashuvchi va yuk samolyotlari faoliyatini ta’minlashga kuniga 9 million dollar ketayotgan bo‘lsa, aviatashuvchi kemalardagi zarbdor guruhlar va “Stealth" qiruvchilarining har biri qo‘shimcha 5 million dollardan mablag‘ talab qilmoqda. Dengizda suzib yurgan bitta aviatashuvchi kemaning o‘ziga xizmat ko‘rsatish sutkasiga 6 million dollarga baholanmoqda.

“Midnight Hammer”dan ham qimmatroq

Tahlilchilar ushbu kampaniyaning dastlabki bosqichini o‘tgan yilgi operatsiyalar bilan solishtirishmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, hozirgi urushning ilk 100 soati byudjet uchun 3,7 milliard dollarga tushgan. Taqqoslash uchun, 2025-yil iyun oyidagi Eron yadroviy obyektlariga qaratilgan va atigi 150 daqiqa davom etgan “Operation Midnight Hammer” operatsiyasi taxminan 2,2 milliard dollarga baholangan edi.

O‘sha qisqa muddatli hujumda 30 ming funtli ulkan MOP bombalari va B-2 ko‘rinmas bombardimonchilari ishlatilgan bo‘lsa, hozirgi operatsiya o‘zining ko‘lami va davomiyligi bilan barcha rekordlarni yangilashga yaqin turibdi.

95 milliard dollarmi yoki trillionlar?

Pentagon rahbari Pit Hegsetning “biz endi boshladik” degan bayonoti harbiy harakatlar hali uzoq davom etishidan dalolat beradi. AQSh ma’muriyati amaliyotlar 2 haftadan 6 haftagacha davom etishini taxmin qilmoqda. Biroq “Penn Wharton Budget Model” markazi direktori Kent Smettersning ogohlantirishicha, agar urush ikki oyga cho‘zilsa, umumiy xarajatlar 95 milliard dollarga yetishi hech gap emas.

Yakuniy summa quruqlik qo‘shinlarining qay darajada jalb qilinishi va qurol-aslaha zaxiralarini to‘ldirish tezligiga bog‘liq. Ekspertlarning fikricha, hozirgi 891 million dollarlik kunlik sarf-xarajatlar agar Eron tomonidan javob zarbalari kuchaysa yoki arzonroq dronlarga qarshi qimmatbaho raketalar ishlatishda davom etilsa, yanada o‘sishi mumkin. Eng yomon ssenariyda, ya’ni Eron yadroviy qurol qo‘llagan taqdirda, yetkaziladigan zarar miqdori trillionlab dollar bilan o‘lchanishi prognoz qilinmoqda.

Hozircha Oq uy Kongressdan qo‘shimcha mablag‘ so‘ramagan bo‘lsa-da, mutaxassislar urushning cho‘zilishi AQSh iqtisodiyoti uchun jiddiy sinov bo‘lishini ta’kidlamoqda.

Теги :
Jamiyat