$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

Ikki yillik urushda taraf ochiqlanmadimi?

Putin Tokaev Mirziyoyev

Rossiya Ukraina yerlariga bosqin uyushtirganiga ham ikki yil to‘lmoqda. Urush avvalida Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, Qozog‘iston va O‘zbekiston bunga qarshiligini bildirgandi. Hattoki, mazlum davlat aholisiga gumanitar yordam ko‘rsatilishi ham ma’lum qilingandi. Bugungi kunga kelib esa, nafaqat, O‘zbekiston, balki qolgan Markaziy Osiyo mamlakatlari ham "orqa frontda" Rossiyaga "ko‘rinmas qo‘llar" orqali yordam berayotgani haqidagi xabar va tahlillar yangramoqda. Xo‘sh, ular qanchalik rost va asosga ega?

Urush avvalidagi rasmiy pozitsiyalar 

Bundan ikki yil muqaddam O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri (sobiq) Abdulaziz Komilov mamlakat Oliy Majlis Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisida so‘zga chiqib, Rossiya — Ukraina urushiga O‘zbekistonning rasmiy munosabatini bildirgan edi. Unda Komilov "Biz bugungi og‘ir kunlarda Ukrainaga gumanitar yordam beramiz va hozirgi og‘ir vaziyatni inobatga olib, gumanitar yordam yuborishda davom etamiz. O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Ukrainaning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan oladi. Biz Donetsk va Lugansk xalq respublikalarini tan olmaymiz", deya davlat pozitsiyasini ma’lum qilgan. Ma’lumot uchun, xuddi shunday pozitsiyani qo‘shni, Qozog‘iston tomoni ham ilgari surgandi. 

Porox va portlovchi moddalar uchun resurs eksporti 

Bundan bir oy avval O‘zbekiston va Qozog‘iston Rossiyaga porox va portlovchi moddalar ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan paxta va undan olinadigan mahsulotlarni sotish hajmini oshirganligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Bu haqda Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiya haqidagi xabarlar loyihasi (OCCRP) jurnalistik tekshiruvi mualliflari yozishgandi. OCCRPning “Vlast i storiyes” (Hokimiyat va voqealar) guruhi qo‘lga kiritgan hujjatlarga ko‘ra, Rossiyaga paxta sellyulozasi importining 98 foizdan ortig‘i Qozog‘iston va O‘zbekistondan yetkazib berilmoqda va bu mahsulotning import hajmi Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinchilik urushi boshlaganidan buyon ancha oshgani ma’lum qilingan. 

O‘zbekiston va Qozog‘iston 

Unda g‘arb sanksiyalari tufayli Rossiyaning xorijiy harbiy texnologiyalarni sotib olishi qiyinlashgani, ammo artilleriya uchun eng zarur komponent hisoblangan porox yetkazib berish uchun Kreml baribir Markaziy Osiyodagi ikki qo‘shnisi - Qozog‘iston va O‘zbekistonning ko‘magiga tayanishi mumkinligi, aynan, ular Rossiyaning Ukrainaga qarshi boshlagan keng ko‘lamli bosqinidan so‘ng, poroxning asosiy komponenti bo‘lgan - paxta sellyulozasi eksporti hajmini oshirgani haqida yozgan surishtiruv mualliflari. 

Hayratlanarli va shubhali 

Kuni kecha yana bir mashhur xorij kanali Sky News’da Qirg‘iziston, Armaniston va O‘zbekiston Buyuk Britaniyadan dron xarid qilib ularni Rossiyaga yetkazib berayotgani haqida xabar yangragan. Tahlilga ko‘ra, 2022 - yil fevralida Ukrainada urush boshlanganidan keyin Britaniyaning Rossiyaga eksporti keskin pasaygan. Bungacha Britaniya eksportining muhim qismini avtotransport va mexanizmlar tashkil etgan. Aniqlanishicha, sanksiyalar kiritilgandan so‘ng, mazkur tovarlar Britaniyadan Rossiyaga kira olmagan, ammo Britaniyaning daromad va bojxona boshqarmasi ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, Moskva bilan yaxshi aloqada bo‘lgan Gruziyadan O‘zbekistongacha bo‘lgan ayrim postsovet mamlakatlariga eksport 2022 - yildan boshlab keskin oshgan. “Britaniyadan Qirg‘izistonga eksport 1100 foizga o‘sgani nihoyatda hayratlanarli”, — degan Sky News muharriri Ed Konuyey.

Теги :
Jamiyat