$
 12019.27
32.97
 13984.42
46.75
 165.65
2.04
weather
+26
Кечаси   +14°

Eron AQSh yo‘q qilolmagan uranni Rossiyaga bermoqchi

Uran

Yaqinda sodir bo‘lgan AQSh-Isroil va Eron o‘rtasidagi 40 kunlik keskin harbiy to‘qnashuvdan so‘ng, Yaqin Sharqdagi geosiyosiy vaziyat diplomatik muzokaralar maydoniga ko‘chdi. Joriy yilning 28-fevralida AQSh va Isroilning Eronga bergan zarbalari bilan boshlanib, 8-aprelda sulh bilan yakunlangan urushdan keyin tomonlar tinchlik formulalarini qidirmoqda. “Al Arabiya” va Eronning “Tasnim” axborot agentligi tarqatgan so‘nggi ma’lumotlar mintaqada butunlay yangi siyosiy manzara shakllanayotganidan dalolat beradi.

Yadroviy zaxiralar Rossiyaga topshiriladi

Eron hukumati AQSh bilan ziddiyatlarga butunlay chek qo‘yishni nazarda tutuvchi 14 banddan iborat yangilangan tinchlik rejasini ishlab chiqdi va uni vositachi tomon hisoblangan Pokistonga yetkazdi. Ushbu yangi loyihaning eng shov-shuvli jihati Tehrondan olib chiqilishi kutilayotgan boyitilgan uran zaxiralarining taqdiri bilan bog‘liq. Manbalarning ta’kidlashicha, Eron o‘z yadroviy materiallarini Vashingtonga emas, balki Moskvaga topshirish shartini ilgari surgan.

Bundan tashqari, Tehron o‘zining yadroviy dasturini butunlay yo‘q qilish fikridan yiroq. Buning o‘rniga Eron tomoni atom loyihalarini uzoq muddatli muzlatish rejimiga o‘tkazishga rozi bo‘lishi mumkinligini bildirmoqda. Shuningdek, iqtisodiy talablar borasida ham o‘zgarishlar mavjud: Eron urush oqibatida ko‘rilgan moliyaviy zararni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kompensatsiya shaklida talab qilmasdan, xalqaro maydonda keng ko‘lamli iqtisodiy imtiyozlar berilishini istamoqda.

Pokiston vositachiligidagi diplomatik “tennis”

Eron muzokara guruhiga yaqin manbalarning tasdiqlashicha, ushbu 14 bandlik hujjat ikki davlat o‘rtasidagi uzoq davom etayotgan diplomatik xatlar almashinuvining navbatdagi bosqichidir. Bundan avval AQSh Eronning dastlabki tinchlik takliflariga javoban o‘zining shartlar loyihasini taqdim etgan edi. Tehron esa Vashingtonning ushbu munosabatini o‘rganib chiqib, unga tegishli tuzatishlar kiritdi va yangilangan variantni Islomobod orqali Oq uyga yo‘lladi.

"Tasnim" agentligi manbasining bergan xabariga ko‘ra, Eronning so‘nggi tashabbusi urushni rasman yakunlash hamda ikki mamlakat o‘rtasida ishonchni qayta tiklash choralarini ko‘rishga qaratilgan.

Islomobod uchrashuvi

Muzokaralar jarayonida AQSh pozitsiyasida ham muayyan siljishlar kuzatilgani aytilmoqda. Xususan, Oq uyning so‘nggi takliflarida muloqot va muzokaralar davom etayotgan bir paytda Eron neft eksportiga qo‘yilgan xalqaro sanksiyalarni vaqtincha bekor qilish imkoniyati ko‘rib chiqilgan. Kuzatuvchilarning fikricha, Vashingtonning ushbu qadami avvalgi qat’iy va murosasiz pozitsiyalardan sezilarli darajada farq qiladi.

Eslatib o‘tamiz, 8-apreldagi otashkesindan so‘ng, Eron va AQSh delegatsiyalari 11–12-aprel kunlari Pokiston poytaxti Islomobodda yuzma-yuz muzokaralar o‘tkazgan edi. O‘shanda tomonlar yakuniy kelishuvga erisha olmagan bo‘lsa-da, so‘nggi haftalarda Islomobod vositachiligida davom etayotgan intensiv takliflar almashinuvi harbiy mojaroga diplomatik yechim topish strategiyasi hali ham kun tartibida ekanini ko‘rsatmoqda.

Теги :
Jamiyat