“Navoiyuran” ishlab chiqarish hajmini 28,1 foizga oshirdi
“Navoiyuran” O‘zbekistonda uran oksidi bo‘yicha yagona ishlab chiqaruvchi davlat kompaniyasi hisoblanadi. Kompaniya O‘zbekistondagi eng yirik soliq to‘lovchilar uchligiga kirdi.
1 daqiqa o‘qiladi

“Navoiyuran” O‘zbekistonda uran oksidi bo‘yicha yagona ishlab chiqaruvchi davlat kompaniyasi hisoblanadi. Kompaniya O‘zbekistondagi eng yirik soliq to‘lovchilar uchligiga kirdi.
3 trillionlik o‘sish
2024-yilda “Navoiyuran” davlat kompaniyasi 13,7 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqargan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 3 trillion so‘m (0,23 milliard dollar) yoki 28,1 foizga ko‘p degani. “Navoiyuran” uran oksidini ORANO (Fransiya), Converdin (AQSh), Cameco (Kanada), DAE India (Hindiston) korporatsiyalariga yetkazib beradi.
“Navoiyuran” haqida
“Navoiyuran”da uran oksidi olishdan tashqari ammoniy perrenat, sulfat kislota, polietilen va polivinilxlorid quvurlari ham ishlab chiqariladi. Yil yakuni bo‘yicha davlat korxonasi tomonidan 125,9 million dollarlik sarmoya kiritilib, bu 122 ish o‘rni yaratish imkonini beradi. Tannarxni optimallashtirish esa mahsulot tannarxini 457,2 milliard so‘mga kamaytirish imkonini bergan.
Mahalliylashtirish dasturi doirasida “Navoiyuran”da 58,7 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Bu o‘tgan yil natijalariga nisbatan 132,1 foizga ko‘p. Davlat korxonasining soliq imtiyozlari yiliga 4,6 trillion so‘mga yetgan. Ma’lumot uchun, kompaniya O‘zbekistondagi eng yirik soliq to‘lovchilar uchligiga kirdi.



