$
 12101.84
53.0
 13811.83
70.13
 153.75
0.87
weather
+26
Кечаси   +14°

Yaponiya O‘zbekistonda universitet ochadi

Univer

Toshkentda xalqaro ta’lim va ilmiy hamkorlik sohasida yangi bosqichni boshlab beruvchi muhim hujjat imzolandi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov hamda Yaponiyaning Tsukuba universiteti prezidenti Kyosuke Nagata O‘zbek-Yapon universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi rasmiy bitimga qo‘l qo‘ydilar. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.

Tashkil etilayotgan qo‘shma oliy ta’lim muassasasi zamonaviy texnik va boshqaruv yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashni maqsad qilgan. Shuning bilan birga, ushbu loyiha O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ta’lim, ilmiy-tadqiqot va madaniy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Boshqaruv va akademik muvofiqlashtirish

Rasmiy xabarga ko‘ra, yangi universitetning ta’sischilari sifatida O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Yaponiya universitetlari konsorsiumi ishtirok etadi. Ta’lim muassasasining to‘liq faoliyatini, uning akademik va o‘quv jarayonlarini bevosita Tsukuba universiteti muvofiqlashtirib boradi.

Talim yonalishlari

Loyiha bir necha bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Birinchi bosqich doirasida quyidagi ustuvor vazifalar belgilangan:

  • Sun’iy intellekt va raqamli transformatsiya yo‘nalishida magistratura dasturini yo‘lga qo‘yish;
  • Biznes boshqaruvi yo‘nalishi bo‘yicha magistratura dasturini tashkil etish;
  • Yaponiya oliy ta’lim tizimi modeli va xalqaro standartlar asosida ingliz tilida ta’lim berishni yo‘lga qo‘yish;
  • Tahsil olayotgan talabalar uchun Yaponiyada qisqa muddatli ta’lim dasturlarini tashkil etish;
  • Yapon tili va madaniyatini chuqur o‘rgatuvchi maxsus kurslarni yo‘lga qo‘yish.

Universitet rivojining keyingi bosqichlarida esa bakalavriat va doktorantura kabi bosqichli ta’lim dasturlarini ochish ham ko‘zda tutilgan.

Tomonlarning mas’uliyati va infratuzilma

Loyiha bo‘yicha tomonlarning mas’uliyat va majburiyatlari aniq belgilab olindi. O‘zbekiston tomoni universitet kampusi, eng zamonaviy o‘quv va ilmiy infratuzilmani barpo etish hamda professor-o‘qituvchilar va ma’muriy xodimlar mehnatiga haq tulash kabi moliyalashtirish masalalarini o‘z zimmasiga oladi.

O‘z navbatida, Tsukuba universiteti ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, Yaponiya universitetlari konsorsiumi faoliyatini muvofiqlashtirish, yuqori malakali professor-o‘qituvchilarni ta’lim jarayoniga jalb qilish va akademik almashinuvlarni tashkil etish kabi masalalarda yaqindan ko‘maklashadi.

Bosqichma-bosqich amalga oshirish muddatlari

Tashkiliy ishlarni amalga oshirish va tayyorgarlik ko‘rish uchun universitetning tayyorgarlik ofisi 2026-yilning sentyabr oyida Toshkent shahrida o‘z faoliyatini boshlaydi. Dastlabki magistratura dasturlariga talabalarni qabul qilish esa 2028/2029-o‘quv yilidan e’tiboran yo‘lga qo‘yiladi.

Ushbu keng ko‘lamli loyiha O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi oliy ta’lim hamkorligini sezilarli darajada kengaytirib, mehnat bozori uchun jahon standartlariga to‘liq javob beradigan mutaxassislar tayyorlashda muhim amaliy qadam bo‘ladi.

Теги :
Jamiyat