$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

Raqobat qo‘mitasi fuqarolarni “Umra” tadbirlari reklamasidan ogoh boʻlishga chaqirdi

umra

Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi vakolati doirasida “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishga oid turizm xizmatlarining reklama qilinishi qonuniyligi yuzasidan oʻrganishlar oʻtkazmoqda.

Bunda oʻrganishlar ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar, guruh va kanallarda joylashtirilgan axborotlarning ustida olib borilmoqda.

Litsenziyaga ega boʻlmagan subyektlar tomonidan xizmatlar koʻrsatish taqiqlangan

Ma’lumki, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishga oid xizmatlarni koʻrsatish bilan bogʻliq turistik faoliyat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 7-iyundagi 364-sonli hamda 2023-yil 8-avgustdagi 345-sonli qarorlari asosida amalga oshiriladi.

Shuni ta’kidlab oʻtish joizki, joriy yilning 2-iyulida “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Unga koʻra, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha xizmatlar koʻrsatishga doir faoliyat litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi.

Oʻz navbatida, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishga oid xizmatlarni koʻrsatishga ruxsat berilgan (litsenziyaga ega) turoperatorlar roʻyxati e’lon qilingan boʻlib, bunday litsenziyaga ega boʻlmagan subyektlar tomonidan ushbu xizmatlarni koʻrsatish taqiqlangan.

“Umra” tadbirlarini reklama qilayotgan litsenziyasiz “turagentlik”lar

Hozirda aniqlanishicha, internet va ijtimoiy tarmoqlarda “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishga oid xizmatlarni koʻrsatish bilan bogʻliq reklama axborotlari faollashgan. Taʼkidlanishicha, tegishli litsenziya va ruxsatnomalari boʻlmaganlar ham ushbu turdagi xizmatlarni reklama qilmoqda.

Qo‘mita fuqarolarni hushyorlikka chaqirdi

Shu munosabat bilan qoʻmita ziyoratchilarni “Umra” amallarini munosib va xavfsiz bajarishlari, shuningdek, turli koʻngilsiz holatlarga tushib qolmasliklari uchun hushyorlikka chaqirmoqda.

Shu bilan birga, fuqarolarga ishonchli va kafolatlangan xizmatlardan hamda tegishli litsenziyaga ega boʻlgan turoperatorlar xizmatlaridan foydalanishlari tavsiya etilmoqda.