$
 12175.53
-4.28
 14151.62
12.08
 155.08
-1.65
weather
+26
Кечаси   +14°

11 ta davlat Ukrainadan Eron dronlariga qarshi yordam so‘ramoqda

Antidron

Kiyev nafaqat o‘z osmonini himoya qilmoqda, balki zamonaviy urushning eng xavfli qurollaridan biri — “Shahed” dronlariga qarshi kurashda global maslahat markaziga aylanmoqda.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning so‘nggi bayonotiga ko‘ra, ayni paytda dunyoning 11 ta davlati, jumladan, AQSh, Yevropa mamlakatlari va hatto Eron bilan qo‘shni bo‘lgan davlatlar rasmiy Kiyevdan harbiy-texnik yordam so‘ragan. Bu davlatlar Ukrainaning dronlarni urib tushirish, radioelektron kurash (REK) tizimlarini qo‘llash va mutaxassislar tayyorlash borasidagi noyob tajribasiga katta qiziqish bildirmoqda.

Global xavfsizlik va Ukrainaning strategik rolini tan olinishi

Prezident Zelenskiy barcha 11 ta murojaat batafsil ko‘rib chiqilganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Ukraina o‘zining hayotni saqlab qolishga qaratilgan texnologiyalarini bo‘lishishga tayyor, biroq bunda asosiy shart mavjud: yordam faqat Ukrainaning mustaqilligi va xavfsizligini qo‘llab-quvvatlayotgan hamkorlarga ko‘rsatiladi.

Ukrainaning bu boradagi amaliy qadamlari allaqachon boshlangan. Xususan, joriy yilning 5-mart kuni Vashingtondan kelib tushgan so‘rovga asosan, Ukraina ertasi kuniyoq o‘zining tutuvchi dronlari va tajribali mutaxassislar guruhini AQShning Iordaniyadagi harbiy bazalarini himoya qilish uchun safarbar etgan. Bu qadam Ukraina harbiy salohiyatining xalqaro darajada tan olinishini anglatadi.

“Shahed” tahdidi

Ukraina razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya va Eron harbiy sohada o‘zaro uzviy bog‘liqlikda harakat qilmoqda. Hatto Eronning qo‘shni davlatlariga hujum qilayotgan dronlar tarkibida Rossiyada ishlab chiqarilgan butlovchi qismlar topilishi bu ittifoqning xavfli miqyosini ko‘rsatmoqda. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Kiyevga "Shahed” dronlari ishlab chiqariladigan barcha ob’ektlarning aniq manzillari ma’lum va bu tahdidni bartaraf etish uchun dunyo hamjamiyatining birlashgan harakati zarur.

“Tomahawk” masalasi

Urushni o‘rganish instituti (ISW) tahlilchilari Ukrainaning harbiy imkoniyatlariga to‘xtalib, Kiyev uzoq vaqtdan beri Rossiya hududidagi strategik omborlarni yo‘q qilishni maqsad qilganini ta’kidlamoqda. Shu maqsadda 2025-yil kuzida so‘ralgan uzoq masofali “Tomahawk” raketalari Vashington tomonidan rad etilgan edi.

Ekspertlarning fikricha, agar Ukrainada ushbu turdagi qurollar bo‘lganida, Rossiya ichkarisidagi yirik raketa va dron omborlarini yo‘q qilish orqali qishki energetik inqirozlarning oldini olish mumkin edi. Hozirda Ukraina o‘zining uzoq masofali dronlariga tayanayotgan bo‘lsa-da, ularning portlovchi quvvati dushmanning mustahkamlangan yirik harbiy ob’ektlarini to‘liq yakson qilish uchun yetarli emas.

Shunday bo‘lsa-da, Ukraina “dronlar urushi”da dunyo yetakchisiga aylanib borayotgani va uning tajribasi global xavfsizlik arxitekturasida hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotgani inkor etib bo‘lmas haqiqatdir.

Теги :
Jamiyat