$
 12013.52
-10.88
 13649.76
6.88
 159.95
-0.46
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston tennisida ham yangi tarix

Tennis

Londonda bo‘lib o‘tadigan tennisning eng nufuzli “Katta dubulg‘a” turnirlaridan biri – Uimbldon musobaqasida ayollar o‘rtasidagi yakkalik bahslari asosiy to‘rida O‘zbekiston sharafini uch nafar tennischimiz himoya qiladigan bo‘ldi.

Unga ko‘ra, Kamilla Raximova reyting orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri asosiy to‘rga yo‘l olgan bo‘lsa, Polina Kudermetova va Mariya Timofeyeva esa saralash bosqichida ketma-ket uchta g‘alaba qozonib, asosiy to‘r yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Eng tarixiy turnir

Ma’lumot uchun, Uimbldon turniri (The Championships, Wimbledon) — tennis olamidagi to‘rtta eng nufuzli “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi musobaqalarning eng qadimiysi hisoblanadi. Turnir ilk bor 1877-yilda Londondagi “Butun Angliya kroket va maysa tennisi klubi” tomonidan tashkil etilgan. Ushbu nufuzli musobaqa har yili iyun oyining oxiri va iyul oyining boshlarida Londonning Uimbldon tumanida o‘tkaziladi.

Kort qoplamasi va uning o‘ziga xosligi

Uimbldon — zamonaviy tennisda “Katta dubulg‘a” turnirlari orasida o‘yinlar haligacha tabiiy chim (o‘t) qoplamali kortlarda o‘tkaziladigan yagona musobaqadir. Chim ustidagi o‘yinlarning o‘ziga xosligi shundaki, bu yerda to‘p juda tez va past trayektoriya bilan sakraydi, bu esa tennischilardan yuqori tezlik va kuchli reaksiyani talab qiladi. Kortlardagi maysaning balandligi o‘yinlar uchun ideal darajada bo‘lishi uchun qat'iy ravishda roppa-rosa 8 millimetr qilib kesiladi.

Qat’iy kiyim qoidasi

Turnirning eng mashhur va o‘zgarmas qoidalaridan biri — bu barcha tennischilarning kortga faqat oq libosda chiqishlari shartligidir. Ushbu qoida juda qat’iy bo‘lib, sportchilarning kiyimi, poyabzali, paypoqlari va hatto kiyim ostidagi bazi elementlarigacha deyarli butunlay oq rangda bo‘lishini talab qiladi.

Qirollik lojasi

Uimbldon nafaqat sport musobaqasi, balki asriy ingliz an’analarining yorqin namunasidir. Turnirning rasmiy va eng sevimli taomi — qaymoq qo‘shilgan qulupnay hisoblanadi. Har yili musobaqa davomida tomoshabinlar tomonidan tonnalab qulupnay iste’mol qilinadi. Shuningdek, turnirning Markaziy kortida maxsus Qirollik lojasi mavjud bo‘lib, u yerda Britaniya qirollik oilasi a’zolari va dunyoning eng nufuzli mehmonlari o‘yinlarni bevosita kuzatib borishadi.

Aynan ushbu turnirning joriy mavsumida O‘zbekiston nomidan ilk marta bir vaqtning o‘zida uch nafar tennischi ishtirok etmoqda.

Теги :
Jamiyat