$
 12187.68
-48.45
 14366.84
-73.02
 159.09
-0.01
weather
+26
Кечаси   +14°

10,9 million abonent, 629 ming terabayt trafik va 5G rekordlari: Ucell 2025-yilni qanday yakunladi?

2025-yil Ucell uchun keng ko‘lamli yuksalish, texnologik yutuqlar hamda tarmoq, brend va jamoaning izchil rivojlanishi davri bo‘ldi. Kompaniya bozordagi o‘z mavqeini mustahkamlab, abonentlar bazasi bo‘yicha yangi marrani zabt etdi va xizmatlar sifati hamda mijozlar tajribasini oshirishga qaratilgan bir qator strategik tashabbuslarni amalga oshirdi.

Abonentlar soni 10,9 milliondan oshdi

Yil yakunlariga ko‘ra, foydalanuvchilar soni 10,7 milliondan oshib, 1 million abonentga ko‘paydi (2024-yilga nisbatan +12,1%). Bugungi kunga kelib abonentlar bazasi o‘sishda davom etib, 10,9 million mijozdan oshdi. Bu dinamika raqamli xizmatlar iste’molining sezilarli darajada ortishi bilan birga kuzatilmoqda: umumiy internet-trafik 44,4 foizga, beshinchi avlod tarmog‘ida ma’lumotlar uzatish hajmi esa 62,2 foizga o‘sdi.

Andrey Shishkovskiy, Ucell Bosh direktori:

Biz Ucell jamoasi texnologik yetakchi sifatida mamlakatning texnologik kelajagini shakllantirishga hissa qo‘shishimiz shart, deb bilamiz. Aynan shuning uchun ham 2025-yilda Raqamli texnologiyalar vazirligining yoshlarga oid uchta yirik loyihasini qo‘llab-quvvatladik.

Ketma-ket ikkinchi yil O‘zbekiston terma jamoasining informatika bo‘yicha qizlar o‘rtasidagi Yevropa olimpiadasida ishtirokini ta’minladik. Agar 2024-yilda qizlarimiz bitta bronza medalini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, o‘tgan yili ular ikkita bronza medaliga sazovor bo‘lishdi.

“Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasi doirasidagi Milliy IT-xakaton tashabbusi ham qo‘llab-quvvatlandi. Bundan tashqari, Ucell “Bir million o‘zbek koderi” tashabbusi finalchilarini taqdirlash marosimida ishtirok etdi. Ko‘p yillardan buyon ekologik loyihalarga alohida e’tibor qaratib kelamiz. 2025-yil davomida kompaniya ko‘ngillilari O‘zbekistonning yetti hududida 2693 tup ko‘chat ekdilar.

Biznes ijtimoiy mas’uliyatli bo‘lishi kerak. Bu yo‘nalishdagi ishlarni izchil davom ettiramiz.

Brend va mijoz tajribasini rivojlantirish

2025-yilda kompaniya korporativ o‘ziga xosligini yangiladi: logotip, ranglar palitrasi, tipografika va vizual kommunikatsiyalar standartlari modernizatsiya qilindi. Texnologik yetakchi hamda kompleks raqamli yechimlar provayderi sifatidagi mavqe yanada mustahkamlandi.

Cheksiz dam olish kunlari va tungi internet, xalqaro rouming, Yandex Plus integratsiyasi hamda OVVA l TV xizmatini o‘zida birlashtirgan “BOR” tariflar tizimi yilning muhim yangiligi bo‘ldi. Shu bilan birga, kompaniya milliy miqyosdagi madaniy va sport loyihalaridagi, jumladan, FIFA World Cup 2026 saralash o‘yinlariga bag‘ishlangan hamkorlik tadbirlaridagi, shuningdek, Toshkentda Jennifer Lopez ishtirokida o‘tgan konsertdagi ishtirokini kuchaytirdi.

Operator yildan-yilga abonentlariga yaqinlashmoqda: birgina 2025-yilning o‘zida to‘liq xizmatlar majmuasi va keng turdagi devayslar assortimentiga ega 43 ta savdo shoxobchasini ochdi. Ularning umumiy soni butun O‘zbekiston bo‘ylab 193 taga yetdi.

Texnologik rivojlanish va infratuzilma

Kompaniya 2025-yilda tarmoqni keng ko‘lamli modernizatsiya qilishni davom ettirdi. Transport tarmog‘ining asosiy uchastkalari modernizatsiyalandi, yirik shaharlarda 5G qamrovi kengaytirildi hamda Toshkent metropolitenida 100% mobil aloqa bilan qoplashga erishildi — bu Markaziy Osiyoda ilk bor bekatlarda uzluksiz 5G va tunnellarda 4,5G aloqasining yo‘lga qo‘yilishidir.

Xalqaro Ookla kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Ucell 2025-yil yakunlari bo‘yicha "Eng tezkor mobil tarmoq" (Fastest Mobile Network) va “Eng yaxshi mobil tarmoq” (Best Mobile Network) mukofotlari sohibi deb topildi.

2025-yilda 5411 ta yangi mantiqiy tayanch stansiya ishga tushirildi. Samarqand–Buxoro yo‘nalishi bo‘yicha 310 km magistral optik tolali aloqa liniyasi qurilishi yakunlanib, asosiy uchastkalarning o‘tkazuvchanlik qobiliyati 10 barobarga oshirildi. Buning sharofati bilan ma’lumotlar uzatish tezligi 26 foizga, mobil internetning umumiy hajmi esa 15 foizga ortdi.

Ucell’ning umumiy internet-trafigi 629 464 terabaytni tashkil etdi. Xo‘sh, 629 464 terabayt o‘zi nima degani?

— 160 millionta yuqori sifatdagi film;

— 130 milliardta fotosurat;

— O‘n ming yillik uzluksiz video.

 Ayniqsa, metropolitenda sezilarli o‘sish kuzatildi: ma’lumotlar uzatish hajmi 182 foizga, ovozli aloqa esa 144 foizga ortdi. Bu ko‘rsatkichlar kompaniya sarmoyalarining samaradorligini va tarmoqning kengayish imkoniyatlarini tasdiqlaydi, shuningdek, Ucell’ni mamlakatda mobil aloqa sifati va tezligi bo‘yicha yetakchiga aylantiradi. 2024-yilga nisbatan tig‘iz vaqtlarda metropolitendagi abonentlar bazasi 131 foizga o‘sgani qayd etildi. Mobil aloqa faqat bekatlarda ishlagan paytda, tig‘iz vaqtlarda undan 7–8 ming kishi foydalanar edi. Avgust oyida Ucell metroning barcha tunnellarini aloqa bilan ta’minladi va tig‘iz vaqtlardagi foydalanuvchilar soni qariyb uch barobarga oshib, 20 mingdan ortiq abonentni tashkil etdi.

Xodimlarni rivojlantirishga sarmoyalar 

Har qanday biznes — bu Respublika iqtisodiyotini rivojlantirishga qo‘shilgan hissa va shu biznesda mehnat qilayotgan insonlarga kiritilgan sarmoyadir. Ucell kompaniyasida 2,5 mingdan ortiq xodim mehnat qiladi. Ularning har biri ortida esa oilasi turadi. Bu degani, kompaniyaning barqarorligi, mustahkamligi va rivojlanish istiqbollariga endi 2,5 ming emas, balki kamida 12 ming nafar ayol, erkak, farzand va ota-onalarning kelajagi bog‘liqdir. 2025-yilda kompaniya chakana savdo tarmog‘ini, ko‘chma mobil ofislarni kengaytirishni davom ettirib, mamlakat bo‘ylab 50 ta yangi aloqa salonini ochdi. Bu O‘zbekiston Respublikasi aholisi uchun 124 ta yangi ish o‘rni degani bo‘lib, ularning aksariyati tuman markazlari va kichik shaharlarda yaratildi.

Kompaniya xodimlarining ish natijalarini munosib baholaydi. Masalan, 2025-yilda yillik shaxsiy maqsadlarni bajargan barcha xodimlar yillik bonus oldilar. Umumiy to‘lov miqdori 2024-yilning mos davriga nisbatan 34 foizga ko‘p bo‘ldi. Bu shuni anglatadiki, kompaniya daromadlari o‘sishi bilan xodimlarning daromadlari ham ortib boradi.

Kompaniya xodimlari uchun imtiyozlar kafeteriysi yo‘lga qo‘yildi. Bu taklif etilgan “menyudan” yil davomida bitta imtiyozni tanlash imkoniyatidir: ish haqi hisobidan foizsiz avans, ixtiyoriy tibbiy sug‘urta (ITS), fitnes, sanatoriyga yo‘llanma, o‘z ustuvorliklari bo‘yicha ta’lim olish.

Ucell korporativ ta’lim tizimini izchil rivojlantirib, uzluksiz kasbiy o‘sish madaniyatini shakllantirib kelmoqda. O‘tgan yili chakana savdo va aloqa markazining yangi xodimlarini moslashtirishga, shuningdek, elektron ta’lim, dala tashriflari hamda auditoriya dasturlari orqali tijorat blokini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Uzoq vaqtdan beri ishlab kelayotgan va vaqti-vaqti bilan o‘zida kasbiy charchoq alomatlarini sezayotgan xodimlar uchun esa kasbiy maqsadlarni qayta ko‘rib chiqish va xodimlar salohiyatini ochib berishga qaratilgan “Restart. Qayta yuklanish” dasturi taklif etildi.

2025-yilda Ucell xodimlarining kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish uchun 3 mlrd so‘mdan ortiq sarmoya kiritildi. Ish unumdorligini oshirish, yo‘qotishlarni kamaytirish, qo‘l mehnatini avtomatlashtirish, mijozlar uchun qulay servislarni rivojlantirish kabi biznesning operatsion samaradorligiga oid masalalar 5 oy davomida kross-funksional jamoalarning diqqat markazida bo‘lib, bu jarayon aniq loyihalar bilan yakunlandi.

Yorqin bayramlar, yiliga ikki marta o‘tkaziladigan jalb etilganlikni o‘rganish so‘rovnomalari orqali xodimlardan qayta aloqa olish, farzandlar uchun yangi yil sovg‘alari, funksional korporativ portal, shifokor kabineti – bularning barchasi kompaniya rahbariyatining o‘z xodimlariga bo‘lgan g‘amxo‘rligidir.

Korporativ telekanalning ishga tushirilishi yangilik bo‘ldi. Oyiga ikki marta xodimlar korporativ telekanalning maxsus sonlari orqali kompaniya yangiliklarini kuzatib borish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Unda qahramonlar, spikerlar, muxbirlar va yangiliklar boshlovchilari ham xodimlarning o‘zlari edi. Ushbu loyiha uchun Ucell’ning Xodimlarni boshqarish departamenti jamoasi EMBRASS xalqaro mukofoti va ish beruvchi brendi bo‘yicha sammitining “Ochiq muloqot” nominatsiyasida birinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, Moskvada kommunikatsiyalar sohasidagi Rossiyaning “INTERKOM” mukofotiga ham sazovor bo‘ldi.

Ucell texnologik yetakchilik strategiyasini amalga oshirishda davom etib, 5G qamrovini kengaytirmoqda, xizmatlarni takomillashtirmoqda va butun mamlakat bo‘ylab millionlab foydalanuvchilar uchun barqaror raqamli yechimlar ekotizimini shakllantirish orqali korporativ madaniyatni mustahkamlamoqda.

Ucell kompaniyasining missiyasi:

“Odamlar bilan va odamlar uchun ishlab, oddiy, hamyonbop va ishonchli xizmatlarni taqdim etamiz”.

* Ookla® kompaniyasining Speedtest Intelligence ma’lumotlari tahlili natijalariga ko‘ra.

Reklama huquqlari asosida