$
 12012.21
7.46
 13731.16
39.74
 158.14
1.03
weather
+26
Кечаси   +14°

Yaqin Sharqdagi sirli operatsiya: Kim rejani barbod qildi?

kurdlar

Yaqin Sharqda urush davom etayotgan bir paytda ortga surilgan yana bir maxfiy operatsiya haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Xabarlarga ko‘ra, kurd qurolli guruhlari Eronga bostirib kirishga tayyor turgan, ammo bu reja oxirgi daqiqalarda bekor qilingan. Ayrim manbalar bunga Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning bosimi sabab bo‘lganini aytmoqda.

Xo‘sh, bu voqealar ortida aslida nimalar bo‘lgan?

Eronga bostirib kirish rejasi nega amalga oshmay qoldi?

Middle East Eye nashri Isroilning i24News telekanaliga tayanib tarqatgan xabarga ko‘ra, AQSh va Isroil Eron bilan urush davom etayotgan paytda kurd qurolli guruhlari orqali mamlakat hududiga bostirib kirishni rejalashtirgan. Aytilishicha, kurd jangchilari operatsiyani boshlash uchun deyarli to‘liq tayyor holatga keltirilgan va faqat buyruqni kutayotgan bo‘lgan. Biroq aynan shu paytda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bu rejaga keskin qarshi chiqqan. Manbalarga ko‘ra, Anqaraning bosimi ortidan AQSh operatsiyani to‘xtatishga qaror qilgan va natijada hujum umuman boshlanmagan.

Operatsiya oylar davomida tayyorlangan

Isroillik yuqori martabali manbalarning ma’lum qilishicha, bu operatsiya oddiy reja bo‘lmagan. Uni AQSh razvedka xizmatlari bir necha oy davomida tayyorlagan. Tayyorgarlik jarayonida kurd qurolli guruhlari bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazilgan, ularga qurol-yarog‘ yetkazib berilgan va maxsus harbiy mashg‘ulotlar tashkil etilgan. Hujum boshlanishidan bir hafta oldin jangchilar barcha zarur qurollarni qabul qilib olgan va amaliyotga kirishishga tayyor bo‘lgan. Isroil tashqi razvedka xizmati Mossadning bu operatsiyadagi ishtiroki haqida ham savollar tug‘ilgan, biroq manbalar bu borada aniq ma’lumot berishni istamagan. Shunga qaramay, ayrim xalqaro nashrlar Isroil razvedkasi kurd guruhlari bilan urush boshlanishidan ancha oldin aloqalar o‘rnatganini yozgan.

Maxfiy ma’lumot kim tomonidan sizdirilgan?

Bu voqeaning eng bahsli jihatlaridan biri operatsiya tafsilotlari Turkiyaga qanday yetib borgani bo‘ldi. Isroil rasmiylari AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vensni bu ma’lumotlarning sizdirilishida ayblamoqda. Ularning iddaosiga ko‘ra, Vensga yaqin shaxslar Anqarani kurdlarning rejalashtirilayotgan hujumi haqida oldindan ogohlantirgan. Shundan so‘ng Turkiya rahbariyati darhol AQSh bilan muzokaralarga kirishib, operatsiyani bekor qilish uchun bosim o‘tkazgan. Anqara bunday vaziyatni o‘z milliy xavfsizligi uchun jiddiy tahdid deb hisoblagan. Chunki Turkiya uzoq yillardan beri o‘z hududida, shuningdek, Iroq va Suriyada faoliyat yuritayotgan kurd qurolli guruhlariga qarshi kurash olib bormoqda. Eron markaziy hokimiyatining zaiflashishi esa Turkiya chegaralari yaqinida yangi xavfsizlik muammolarini keltirib chiqarishi mumkin edi.

Isroil va Turkiya o‘rtasidagi ziddiyat yanada kuchaymoqda

Bu ma’lumotlar Isroil va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar tobora keskinlashayotgan bir paytda paydo bo‘ldi. Avvalroq The New York Times Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan AQSH davlat kotibi Marko Rubioni Erondagi kurd operatsiyasini qo‘llab-quvvatlamaslik haqida ogohlantirgani haqida yozgan edi. CNN esa AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi Eron-Iroq chegarasidagi kurd guruhlariga bir necha oy davomida harbiy yordam berganini ma’lum qilgan. Reuters agentligi esa Isroil razvedkasi urush boshlanishidan qariyb bir yil oldin ham kurd jangchilari bilan aloqada bo‘lganini xabar qilgan. Urush boshlanganidan keyin Isroil Eronning g‘arbiy hududlarini bombardimon qilib, kurdlarning ichkariga kirishi uchun yo‘l ochishga uringan, ammo reja amalga oshmagan. Hozir ham Eron va kurd guruhlari o‘rtasida ayrim hududlarda qurolli to‘qnashuvlar davom etmoqda. O‘tgan haftada Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Piranshar yaqinida chegarani noqonuniy kesib o‘tgan kurd guruhining besh nafar a’zosini yo‘q qilganini ma’lum qildi.

Теги :
Jamiyat