$
 12208.08
32.74
 14116.20
52.46
 155.00
0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

Turistlar soni 2,5 baravarga ko‘paygan

Туризм Turizm

Turizm mamlakat taraqqiyoti hamda brendi uchun asosiy sohalardan biri hisoblanadi. O‘zbekistondagi tarixiy yodgorliklar esa mamlakatimizning turistik salohiyatini yanada oshirib berishga xizmat qilmoqda. Turizmga e’tibor qaratish bilan mamlakat o‘ziga keng qamrovli turistlarni jalb qiladi. Ya’ni turistlar uchun yaratilgan sharoitlar, qulayliklar ortib boraversa, tashriflar soni ham shunchalik ortadi. Bu orqali davlat o‘zini dunyo darajasiga olib chiqa oladi. Mamlakatimizda so‘ngi 6 yillikda turizmdagi raqamlar sezilarli darajada ko‘tarilgan. IMRS esa ushbu raqamlarni tahlil qildi.

91 ta mamlakat fuqarolari O‘zbekistonga vizasiz kirishi mumkin

Raqamlar shuni ko‘rsatadiki, 2023-yilda O‘zbekistonga kelgan xorijlik sayyohlar soni 6,6 million nafarga yetdi. Shuni ta’kidlash lozimki, oxirgi olti yilda turistlar oqimi qariyb 2,5 barobar ko‘paydi, ya’ni 2017-yilda xorijlik sayyohlar soni 2,6 million nafarni tashkil qilgandi.

Shu o‘rinda, dunyodagi 91 ta mamlakat fuqarolari O‘zbekistonga kelish uchun vizasiz tartibdan foydalanishi mumkin. Taqqoslaydigan bo‘lsak, Qozog‘istonga 26 ta, Turkiyaga 41 ta, Gruziyaga esa 56 ta mamlakat fuqarolari vizasiz kela oladi.

Turizm xizmatlari eksportlari 4,5 barobarga oshgan

Turizm eksportining rivojlanishi mamlakatimiz iqtisodiyotining barqaror o‘sish manbalaridan biri hisoblanadi. 2023-yilda turizm xizmatlari eksporti 2 milliard 143 million AQSh dollarini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2017-yilda 531 million dollarni tashkil qilgandi. 2023-yilda sayyohlar sonining sezilarli darajada oshishi hisobiga turizm xizmatlari eksporti 2017-yildagiga nisbatan qariyb 4,5 barobarga ortgan.

Eng yaxshi sayyohlik yo‘nalishida 9-o‘rin

O‘tgan yili Amerikaning “Travel Lemming” onlayn sayohat qo‘llanmasi O‘zbekistonni dunyoning 50 ta eng yaxshi sayyohlik yo‘nalishi ro‘yxatiga kiritdi va mamlakatimiz 9-o‘rinni egalladi. Ushbu qo‘llanma har yili dunyo bo‘ylab yangi yo‘nalishlar va yashirin durdonalarni yoritadi va uni 6 milliondan ko‘proq sayohatchi o‘qiydi. Qayd etilayotgan natijalar sohaning salohiyati katta ekanligidan dalolat beradi. Shu bois sohada infratuzilma obektlarini yanada ko‘paytirish va ichki turizm imkoniyatlaridan samarali foydalanishga e’tibor qaratilmoqda.

Sayyohlarni joylashtirish vositalari

Shuningdek, 2023-yilda O‘zbekistonda sayyohlarni joylashtirish vositlari soni 5526 taga yetdi. Oxirgi olti yilda sayyohlarni joylashtirish vositlari soni 7,2 barobar ko‘paydi, ya’ni 2017-yilda ularning soni 767 ta edi xolos.

Bundan tashqari, 2017-2023 yillar oralig‘ida mamlakatimizda sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi subyekt va obyektlar soni 7 baravar ko‘paydi va ularning soni 749 tadan 5276 taga yetdi.

“O‘zbekiston – 2030” da turizm

“O‘zbekiston - 2030” strategiyasida tashqi va ichki turizmni rivojlantirish uchun keng sharoitlar yaratish orqali sayyohlar sonini oshirishga alohida e’tibor berilgan. Shunga ko‘ra, 2030-yilga qadar xorijiy sayyohlar sonini 15 million nafarga, ichki sayyohlar sonini 25 million nafarga, ziyorat turizmi bo‘yicha keladigan sayyohlar sonini 3 million nafarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, xususiy investitsiyalarni jalb qilish hisobiga respublikada mehmonlar uchun mo‘ljallangan o‘rinlar sonini kamida 2 barobar oshirish, turizm mahallalari sonini 175 taga, turizm xizmatlari eksportini 5 milliard dollarga, tibbiyot va ta’lim turizmi eksportini yiliga 1,5 milliard dollarga yetkazish belgilangan.

Теги :
Jamiyat