$
 12013.52
-10.88
 13649.76
6.88
 159.95
-0.46
weather
+26
Кечаси   +14°

Dunyodagi eng yirik aeroportda O‘zbekistonning turizm salohiyati namoyish etildi

aeroport

O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi dunyoning eng yirik aviatsiya xablaridan biri hisoblangan Atlantadagi xalqaro aeroportda mamlakatning turizm salohiyatini keng ko‘lamda taqdim etdi. Tadbir orqali O‘zbekistan brendi minglab xalqaro yo‘lovchilarga tanishtirildi va bu mamlakat turizm imkoniyatlarini xorijdagi transport infratuzilmasida targ‘ib etishga qaratilgan eng yirik loyihalardan biriga aylandi.

Kun davomida turli mamlakatlardan kelgan yo‘lovchilar O‘zbekistonning boy madaniyati, urf-odatlari va sayyohlik imkoniyatlari bilan yaqindan tanishishdi. Milliy pavilyon mehmonlariga turistik jurnallar va axborot materiallari tarqatildi, o‘zbek milliy taomlari hamda madaniyati namoyish etildi. Shuningdek, ularga O‘zbekistan ramzlari tushirilgan esdalik sovg‘alari ulashildi.

Yo‘lovchilarda katta qiziqish

Tadbirning eng yorqin lahzalaridan biri O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi ko‘magida tashkil etilgan musiqiy-raqsiy fleshmob bo‘ldi. Milliy cholg‘u asboblarida ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar va raqs jamoasining chiqishlari ko‘plab tomoshabinlarni o‘ziga jalb qildi. Koplab yo‘lovchilar chiqishlarni suratga olib, O‘zbekiston bo‘ylab sayohat yo‘nalishlariga qiziqish bildirdi.

Kun davomida milliy pavilyon xalqaro terminaldagi eng gavjum maydonlardan biri bo‘lib qoldi. Atlanta aeroporti ma’muriyati vakillarining baholashicha, taqdimot yo‘lovchilarda katta qiziqish uyg‘otgan va aeroport hududida o‘tkazilgan eng e’tiborli xalqaro tadbirlardan biri bo‘lgan.

Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulovning ta’kidlashicha, mamlakat turistik brendini targ‘ib qilish xalqaro sayyohlik oqimlari shakllanadigan nuqtalarda amalga oshirilishi muhim.

“Bugungi kunda turistik yo‘nalishlar o‘rtasidagi raqobat sayyoh safarga chiqishga qaror qilmasidan ancha oldin boshlanadi. Shu bois biz O‘zbekistan brendini dunyoning eng yirik xalqaro maydonlarida faol targ‘ib qilmoqdamiz. Bu orqali millionlab odamlarga mamlakatimizning boy madaniy merosi, zamonaviy turizm infratuzilmasi va o‘zbekona mehmondo‘stligi haqida bevosita hikoya qilish imkoniga ega bo‘lyapmiz. Bunday loyihalar O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi tanilishiga xizmat qiladi va mamlakatga xorijiy sayyohlar oqimini oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi”, — dedi u.

Ma’lumot uchun, Atlanta xalqaro aeroporti har yili o‘nlab million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi va dunyoning eng muhim aviatsiya markazlaridan biri hisoblanadi. Mazkur taqdimot Turizm qo‘mitasining Uzbekistan brendini xalqaro maydonda targ‘ib qilish, mamlakatning jahon turizm bozoridagi mavqeini mustahkamlash hamda yangi xorijiy sayyohlarni jalb etishga qaratilgan navbatdagi tashabbusi bo‘ldi.

Теги :
Jamiyat