$
 11952.73
15.13
 14021.75
60.73
 159.48
0.01
weather
+26
Кечаси   +14°

“Markaziy Osiyo turizm halqasi”: Mirziyoyev tashabbusi nimani ilgari suryapti?

Turizm Foto: SI

Samarqand xalqaro anjumanlar markazida Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yig‘ilishi doirasida Shavkat Mirziyoyev mintaqa turizm industriyasini tubdan isloh qilishga qaratilgan global tashabbusni ilgari surdi.

Xavfsiz turizm yo‘nalishi

Dunyo miqyosida kuzatilayotgan geosiyosiy beqarorlik va turli mojarolar fonida xalqaro sayyohlar oqimi bugungi kunda xavfsiz va tinch yo‘nalishlarga intilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida aynan Markaziy Osiyo mintaqasi ushbu talablarga to‘la javob bera oladigan ulkan imkoniyatlar chorrahasi ekanligini alohida ta’kidladi. Davlat rahbari mintaqaning boy madaniy merosi, ziyorat turizmi salohiyati, o‘ziga xos gastronomiyasi, etno-madaniyati hamda ekstremal va tibbiyot turizmi yo‘nalishlaridagi resurslarini birlashtirish vaqti kelganini qayd etdi.

12 million turist oqimi

O‘zbekiston tajribasi so‘nggi o‘n yillikda sohani tizimli rivojlantirishning yorqin namunasi bo‘ldi. Mamlakatda infratuzilmani modernizatsiya qilish, servis sifatini oshirish, viza tartibotlarini soddalashtirish va transport bog‘lanmalarini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar o‘z mevasini berdi. Eng muhimi, sayyohlar xavfsizligini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Natijada xorijiy turistlar oqimi qisqa davr ichida 6 barobarga ko‘payib, yillik ko‘rsatkich 12 million nafarga yetdi.

 “Markaziy Osiyo turizm halqasi” tashabbusi

Prezident o‘z nutqida ma’naviy va ilmiy merosimizni dunyoga ko‘z-ko‘z qiladigan yangi loyihalarga ham to‘xtalib o‘tdi. Toshkentda qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi bugun mintaqaning yangi me’moriy va ma’naviy durdonalariga aylandi. Shunday ulug‘vor bunyodkorlik ishlari qo‘shni davlatlarda ham izchil davom etayotgani mintaqaviy hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

Ushbu salohiyatni yagona brend ostida birlashtirish maqsadida Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo turizm halqasi”ni tashkil etish g‘oyasini o‘rtaga tashladi. Mazkur tashabbus mintaqa davlatlarini yagona turistik makon sifatida dunyoga tanitishni nazarda tutadi.

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston rahbari qo‘shni mamlakatlar va Osiyo taraqqiyot banki kabi yirik xalqaro hamkorlarni ushbu g‘oya atrofida birlashishga chaqirdi. Prezident turizm sohasini yangi bosqichga olib chiqadigan istiqbolli loyihalar portfelini shakllantirish va ularni birgalikda moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish zarurligini bildirdi. Bu qadam nafaqat iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga, balki mintaqadagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Теги :
Jamiyat