Ichki turizm xaritasi: O‘zbekistonliklar eng ko‘p qayerga sayohat qiladi?
MHTI o‘tkazgan tadqiqot natijalaridan ayon bo‘lishicha, o‘zbekistonliklarning 48,1 foizi oilaviy byudjet tufayli sayohat qilishni o‘ziga ravo ko‘rmaydi.
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston ichki turizm bo‘yicha qanday o‘zgarishlarni boshdan kechirmoqda? Mamlakat fuqarolari qayerga, qanday va qanchalik tez-tez sayohat qiladi? Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalari ichki turizmning holati, aholi orasida mashhur bo‘lgan yo‘nalishlar hamda ushbu sohaning rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi omillar haqida muhim ma’lumotlarni taqdim etdi.
O‘zbekistonliklar qayerga sayohat qiladi?
So‘rov natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston ichki sayyohlarining eng sevimli manzillari quyidagilardir:
• Toshkent shahri – 16,8%
• Samarqand – 13,4%
• Toshkent viloyati – 10,6%
• Buxoro – 9,6%
Ushbu shahar va viloyatlar o‘zining boy tarixiy obidalari, zamonaviy infratuzilmasi va madaniy diqqatga sazovor joylari bilan sayyohlarni o‘ziga jalb qilmoqda. Aksincha, Sirdaryo viloyati (1,0%) ichki turizm bo‘yicha eng kam tashrif buyuriladigan hudud sifatida qayd etildi.
O‘zbekistonliklar qanchalik tez-tez sayohat qiladi?
Respondentlarning 63,8 foizi yilda bir marotaba, 9,8 foizi har uch oyda bir marotaba, 1,9 foizi oyiga kamida bir marotaba sayohat qilishini qayd etgan bo‘lsa, umuman sayohat qilmasligini bildirganlar ulushi 23,4 foizni tashkil etdi.
Sayohat qilmaydiganlarning aksariyati buni moddiy imkoniyatlar va turizmga qiziqish yetishmovchiligi bilan izohladi.
Ichki sayohatga chiqqan fuqarolar eng ko‘p qismi — 34,9 foizi shaxsiy avtomobildan, 27,8 fozi taksidan, 12,2 foizi poyezddan, eng kam qismi, ya’ni 7,3 foizi samolyotdan foydalanadi:
Bu tanlov aholining transport vositalarini qulaylik, narx va masofaga qarab tanlashini ko‘rsatadi.
Respondentlarning asosiy qismi, aniqrog‘i 58,5 foizi tunab qolish uchun mehmon uylarini tanlashini, 10,9 foizi xostellardan, 27,3 foizi mehmonxonalardan, 3,2 foizi chodirlardan foydalanishini qayd etgan.
Sayohat qilishga nima to‘sqinlik qiladi?
Aholining sayohatga chiqmaslik sabablariga e’tibor qaratsak, quyidagi omillar yetakchilik qiladi. Sayohatga chiqishingizga nima to‘sqinlik qiladi, degan savolga so‘rovda qatnashganlarning 36,4 foizi "O‘zbekiston bo‘ylab sayohatga chiqish uchun hech qanday to‘siq yo‘q", 9,2 foizi "qaramog‘imda parvarishga muhtoj farzandlar va keksalar bor", 0,8 foizi "ichki sayohat o‘ziga jalb qilmaydi", deb javob bergan. Respondentlarning 48,1 foizi ichki sayohat hozircha uy xo'jaligining kun tartibida yo'qligini ta’kidlagan.
Eng mashhur turistik yo‘nalishlar
So‘rov natijalari ichki sayyohlarning kattagina qismi (22,8 foiz) ziyorat maqsadida safarga chiqishini ko‘rsatdi. Sayohatchilarning 15,7 foizini madaniy va ma’rifiy turizm, 14,0 foizini oilaviy turizm, 11,0 foizini tog‘ kurortlari, 9,7 foizini xizmat safarlari, 7,5 foizini ta’lim va talabalar turistik almashinuvi, 3,9 foizini ekoturizm, 1,5 foizini ishbilarmonlik turizmi, 1,2 foizini plyaj turizmi, 1,1 foizini sport turizmi, 1,1 foizini agroturizm o‘ziga jalb qilishi ma’lum bo‘ldi. Ekstremal turizmga qiziqadiganlar ulushi esa bor-yo‘g‘i 0,5 foizni tashkil etdi.
Ichki turizmni rivojlantirish uchun nima qilish kerak?
Respondentlarning aksariyati, ya'ni 61,6 foizi sayohatlar uchun chegirmalar berish, 15,1 foizi parvarishga muhtoj bo‘lganlar uchun maxsus ijtimoiy paketlar tashkil qilish, 9,3 foizi sayohat uchun kreditlar berish, 5,1 foizi boshqa sayohat turlarini tashkil e’tish lozimligini ta’kidlagan.



