$
 12142.10
-52.11
 14079.98
95.66
 150.53
0.56
weather
+26
Кечаси   +14°

Statistika to‘g‘ri talqin qilinmoqdami?: Milliardlar sarf etilayotgan turizm sohasiga ko‘zgu

Turizm

9 oy ichida O‘zbekistonga 5,7 mln. chet el fuqarolari tashrif buyurgan. Ulardan qanchasi rosmana turist?

Statistika ma’lumoti

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning yanvar–sentyabr oylarida jami 5,7 mln. nafar chet el fuqarolari turistik maqsadlarda O‘zbekistonga tashrif buyurgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 825,8 ming nafarga yoki 16,8 foizga oshgan. Ammo ularning mamlakatga tashrif buyurish maqsadlariga oid raqamlarga ko‘z yugurtirarkanmiz, vaziyat aslida talqin qilinayotganidan o‘zgacha ekanligini ko‘rishimiz mumkin. 

Tashrif maqsadlari 

Ushbu ko‘rsatkich safar maqsadlari kesimida qaralganda sayohatchilarning 80 % dan ko‘prog‘i, ya’ni 4,5 millioni qarindoshlarni yo‘qlash maqsadida keladi. Xorijdagi targ‘iboti uchun milliardlar sarflanayotgan turizm bo‘yicha kelganlar soni bir millionga ham yetmagan bo‘lib, bu vaqtda 869,3 ming nafar sayyoh O‘zbekistonni ko‘rib, dam olishga keladi. Xizmat yuzasidan kelganlar soni - 121,5 ming, tijorat maqsadida kelayotganlar 112,8 ming nafarni tashkil etdi. Shuningdek, O‘zbekistonga davolanish maqsadida 81,7 ming, o‘qishga 17,6 ming nafar kishi kelgan. Turistlarning asosiy oqimi (79 foizi) qo‘shni mamlakatlar – Tojikiston (1,6 mln. nafar), Qirg‘iziston  (1,6 mln. nafar) va Qozog‘iston (1,1 mln. nafar) hissasiga to‘g‘ri keladi.

Turist asli kim?

Endi ushbu maqoladagi kalit so‘zga aniq tarifni topib olsak. Turist — bu sayohat yoki dam olish maqsadida doimiy yashash joyidan boshqa joyga tashrif buyuradigan shaxs. Turistlar ko‘pincha yangi joylarni o‘rganish, madaniyatlar bilan tanishish, tarixiy joylarni ziyorat qilish, tabiiy go‘zalliklardan bahramand bo‘lish va dam olish uchun sayohat qilishadi. Turistlar uchun qisqa muddatli mehmonxonalar, ekskursiyalar va boshqa turistik xizmatlar taqdim etiladi.

Talqin qilishdagi xatolik?

Endi yuqoridagi raqamlar bilan bog‘liq yana bir masalaga aniqlik kiritib olsak. Ma’lum bo‘lishicha, sayohatchilarning 80 % dan ko‘prog‘i, ya’ni 4,5 millioni qarindoshlarni yo‘qlash maqsadida mamlakatga keladi. Qiziq, bu maqsadda O‘zbekistonga tashrif buyurganlarni turist deb atash qanchalik to‘g‘ri? Ushbu savol bilan sun’iy intellektga yuzlanganimizda u quyidagicha javob qildi: qarindoshlarni yo‘qlash uchun boshqa mamlakatga borish ham sayohat deb ataladi, lekin bu turizmning to‘g‘ridan to‘g‘ri qismi hisoblanmaydi. Turizm, odatda, dam olish, tadqiqot, madaniyat bilan tanishish yoki ish bilan bog‘liq maqsadlarda amalga oshiriladi. Shunday ekan, statistikani bunday talqinda ommaga e’lon qilish nechog‘lik to‘g‘ri bo‘ladi, bilmadim? Savollarga javoblar ma’lum. Xulosa qilishni o‘zingizga qoldiraman.

Теги :
Iqtisodiyot