Uy olishni istagan mijozlar pulni quruvchiga emas, bankka topshiradi
Endilikda uy-joy sotib olish bo‘yicha kafolatli eskrou tizimi joriy qilinishi belgilanmoqda.
2 daqiqa o‘qiladi

Uy olishni istagan mijozlar pulni quruvchiga emas, bankka topshiradi. Bu borada kafolatli eskrou tizimi joriy qilinishi ko‘zda tutilmoqda.
Yig’ilgan mablag’ quruvchilarga resurs sifatida beriladi
Prezident topshirig‘iga asosan qurilish vaziri boshchiligidagi ishchi guruhi xorijiy tajribani o‘rgandi. Endilikda uy-joy sotib olish bo‘yicha kafolatli eskrou tizimi joriy qilinadi.
Shuningdek, developerlar o‘zlari qurayotgan uylar sotuvini tashkil qilish bo‘yicha banklar bilan shartnoma tuzadi, bu uylarni olmoqchi bo‘lgan odamlar pulini quruvchiga emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri bankka topshiradi.
Yangi tizim ba’zi shahar va tumanlarda tajribadan o‘tkaziladi
Banklar esa yig‘ilgan pulni quruvchiga resurs sifatida beradi. Shunda banklar quruvchi va xaridor o‘rtasida ko‘prik bo‘lib, uy-joyni o‘z vaqtida va sifatli qurib, egasiga topshirishga kafil bo‘ladi.
Yangi tizim Samarqand shahri, Yangihayot va Sergeli tumanlarida bir yil davomida tajribadan o‘tkazilishi belgilandi.
Quruvchilarning malakasi oshiriladi
Hozirda qurilish korxonalarida 300 mingga yaqin odam mehnat qilmoqda. Bunda ishchi-kasblarga malaka darajasi va ish o‘rinlariga aniq talablar belgilanadi, bu darajani olish uchun ishchilar profta’lim muassasalarida o‘qitiladi.
Shuning bilan birga, ishni mustaqil yoki shogird sifatida o‘rganganlarga sertifikat olish uchun malaka imtihonidan o‘tishi kifoya qiladi. Sertifikati bor ishchilari soniga qarab, reyting tizimida pudratchilarga 15 ballgacha qo‘shimcha ball beriladi. Xuddi shu tizim loyiha tashkilotlari uchun ham bo‘ladi.
Yig‘ilish davomida tarmoqlar va hududlarning hisobotlari tinglandi.



