$
 11801.23
-22.46
 13737.81
-59.25
 136.73
-3.01
weather
+26
Кечаси   +14°

Bayram kunlari qo‘shimcha poyezd, avtobus va samolyotlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

poyezd

Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan bu yil o‘zbekistonliklar ketma-ket 3–4 kun dam oladi. Besh kunlik ish haftasida ishlaydiganlar 29-avgustdan 1-sentyabrgacha to‘rt kun, olti kunlik ish haftasida ishlaydiganlar esa 30-avgustdan 1-sentyabrgacha uch kun dam oladi. Shu kunlarda viloyatlarga boruvchilar va sayohat qiluvchilar ko‘payishi hisobga olinib, poyezd, avtobus va samolyotlarda qo‘shimcha qatnovlar tashkil etiladi.

Poyezdlarga qo‘shimcha vagonlar ulanadi

Bayram kunlari uzoq masofaga qatnovchi ayrim poyezdlarda joylar soni ko‘paytiriladi. Toshkent—Xiva—Toshkent, Toshkent—Qo‘ng‘irot—Toshkent, Toshkent—Shovot—Toshkent, Toshkent—Termiz—Toshkent va Toshkent—Sariosiyo—Toshkent yo‘nalishlaridagi poyezdlarga 4 tagacha qo‘shimcha vagon ulash rejalashtirilgan.

Toshkentdan Samarqand, Buxoro va Urganchga boradigan yo‘lovchilar uchun ham qo‘shimcha imkoniyat yaratiladi. Ushbu yo‘nalishlarda yuqori tezlikdagi elektropoyezdlarning qo‘shimcha qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi. Ular bayramdan ikki kun oldin qatnay boshlaydi va bayramdan keyingi ikki kun davomida ham davom etadi.

Viloyatlarga qo‘shimcha avtobuslar chiqariladi

Bayram kunlari viloyatlararo barcha yo‘nalishlarda qo‘shimcha avtobus qatnovlari tashkil etiladi. Yo‘lovchilar ko‘p bo‘lishi kutilayotgan yo‘nalishlarga oldindan zaxira avtobuslar tayyorlab qo‘yiladi.

Toshkentdagi Janubiy temiryo‘l vokzali hududida viloyatlararo avtobuslar uchun alohida zaxira to‘xtash joyi ajratiladi. Bayramdan kamida uch kun oldin Toshkent—Samarqand—Buxoro—Urganch—Nukus yo‘nalishlarida qatnovchi qo‘shimcha avtobuslar shu yerga joylashtiriladi. Zarurat tug‘ilganda ular yo‘nalishlarga chiqariladi.

Urganch, Nukus, Buxoro va Termizga qo‘shimcha aviareyslar bo‘ladi

Samolyotda sayohat qiladiganlar uchun ham qo‘shimcha reyslar tashkil etiladi. Bayramdan kamida ikki kun oldin Toshkent—Urganch, Toshkent—Nukus, Toshkent—Buxoro va Toshkent—Termiz yo‘nalishlarida qo‘shimcha samolyotlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Turizm qo‘mitasiga ko‘ra, qo‘shimcha transport qatnovlari bayram kunlarida viloyatlar o‘rtasida borib-kelishni osonlashtirish, ichki sayohatlarni ko‘paytirish hamda tarixiy va turistik maskanlarga borish uchun qulaylik yaratishga xizmat qiladi.

Теги :
Jamiyat