$
 11909.66
-24.58
 13588.92
-2.99
 152.28
-0.7
weather
+26
Кечаси   +14°

“Bunyodkor” va “Andijon” klublariga transfer taqiqi qo‘yildi

Shuhrat Abdurahmonov

FIFA moliyaviy majburiyatlarini bajarmagan ikki o‘zbek klubiga nisbatan jiddiy sanksiyalar joriy etdi. O‘zbekiston Professional futbol ligasi rasman tasdiqlagan xabarga ko‘ra, endilikda “Bunyodkor” hamda “Andijon” jamoalari o‘z tarkibiga yangi o‘yinchilarni qo‘shib olish huquqidan mahrum etildi.

“Bunyodkor”ning millionlab yevrolik qarzdorligi

FIFA joriy yilning 23-iyun kuni “Bunyodkor” jamoasi bilan bog‘liq ish yuzasidan yakuniy qarorini e’lon qildi. Mazkur qarorga muvofiq, poytaxt klubi o‘zining sobiq braziliyalik legionerlari oldidagi qarzdorlikni yopishi shart. Xususan, klub Rivaldoga 8,1 million yevro, Denilsonga esa 1,1 million yevro miqdorida mablag‘ to‘lashi lozim.

Aslida Toshkent klubi Rivaldo bilan ushbu ulkan summani besh yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash borasida kelishuvga erishgan va 2024 hamda 2025-yillardagi to‘lov majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarib kelayotgan edi.

Bosh homiyning chekinishi va buzilgan kelishuv

Klub tarkibida 2008–2010-yillarda to‘p surib, uch bor mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan Rivaldo hamda 2010-yilda chempionlik shohsupasiga ko‘tarilgan Denilson bilan bog‘liq vaziyat joriy yilda keskinlashdi. 2026-yilga kelib “Bunyodkor”ning ta’sischisi va bosh homiysi hisoblangan “O‘zbekneftgaz” AJ jamoani moliyalashtirishni to‘xtatdi.

Oqibatda may oyida to‘lanishi kerak bo‘lgan navbatdagi pul mablag‘i o‘z vaqtida o‘tkazilmadi. Shundan so‘ng Rivaldo yana FIFAga shikoyat qildi va bu tomonlar o‘rtasidagi besh yillik imtiyozli kelishuv hamda chegirmalarning mutlaqo bekor qilinishiga olib keldi. Endilikda klub afsonaviy braziliyalik futbolchi bilan to‘liq hisob-kitob qilmagunicha, yangi o‘yinchilarni ro‘yxatdan o‘tkaza olmaydi.

Yozgi transfer oynasi va akademiya tarbiyalanuvchilari taqdiri

Mamlakatimizda yozgi transfer oynasi 10-avgustga qadar davom etadi, biroq joriy etilgan cheklov sababli Bunyodkor” joriy mavsumni faqat qo‘l ostidagi mavjud tarkib bilan yakunlashga majbur.

Klub faqatgina taqiq kuchga kirgunga qadar o‘z akademiyasida tahsil olgan va FIFA tizimida ro‘yxatda turgan yosh tarbiyalanuvchilarinigina asosiy tarkib qaydnomasiga kirita oladi. 2026-yilning 23-iyunidan keyin akademiyaga qabul qilingan o‘smirlarni esa klub safida ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat berilmaydi.

“Andijon” klubiga qo‘yilgan uchta mavsumlik cheklov

FIFA sanksiyalaridan vodiyning Andijon” klubi ham chetda qolmadi. Xalqaro tashkilotning O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga yo‘llagan rasmiy xatida keltirilishicha, andijonliklar Albaniyaning “Lachi” jamoasi oldidagi moliyaviy majburiyatlarini bajarmagan.

FIFA qaroriga muvofiq, “Andijon”ga ushbu qarzdorlikni uzish uchun 45 kunlik muhlat berilgan edi. Ammo 10-iyun etib belgilangan so‘nggi muddat tugasa-da, mablag‘ o‘tkazib berilmadi. Buning oqibatida klubga mazkur nizo to‘liq hal etilgunga qadar ketma-ket uchta transfer oynasi davomida yangi futbolchilar bilan shartnoma imzolash taqiqlab qo‘yildi.

Sanksiyalarni bekor qilish shartlari

Mavjud vaziyatni o‘nglash uchun “Andijon” rahbariyati futbolchi Altin Kreziu transferi bo‘yicha yuzaga kelgan barcha majburiyatlarni to‘liq bajarishi shart. Vodiyliklar qarzdorlikni bartaraf etgach, bu haqda FIFAga tegishli hisobotlarni taqdim etishi lozim. Albaniyaning “Lachi” klubi pul mablag‘lari yetib kelganini rasman tasdiqlaganidan so‘nggina FIFA “Andijon»ga qo‘yilgan ushbu cheklovni olib tashlashi mumkin.

Теги :
Jamiyat