$
 11997.83
18.19
 13967.87
66.7
 167.31
-0.21
weather
+26
Кечаси   +14°

Tramp dollarda? AQShda uning surati tushirilgan 250 dollarlik kupyura chiqarilishi muhokama qilinmoqda

AQSh prezidenti Donald Tramp maʼmuriyati Oq uy rahbarining oʻz surati tushirilgan yangi, 250 dollarlik banknotni muomalaga chiqarish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda. Ushbu tashabbus Qoʻshma Shtatlar mustaqilligining 250 yilligiga bagʻishlangan boʻlib, mamlakat bu yubileyni 2026-yilda nishonlaydi.

The Washington Post nashrining AQSh Moliya vazirligidagi manbalariga tayanib xabar berishicha, mulozimlar boʻlajak pul belgisining ilk maketlarini tayyorlab boʻlgan. Unda markaziy qismdan Donald Trampning portreti joy olgan boʻlsa, ikki chetida prezidentning oʻzi hamda AQSh moliya vaziri Skott Bessentning imzolari aks etgan.

Nashr maʼlumotlariga koʻra, loyihani hayotga tatbiq etish bilan AQSh gʻaznachisi Brendon Bich va uning maslahatchisi Mayk Braun shugʻullanmoqda. Ular yangi banknotni ishlab chiqish jarayonini tezlashtirish uchun AQSh Gravyura va bosma nashrlar burosiga bosim oʻtkazayotgani aytilmoqda.

Nega bu gʻoya mojaroga sabab boʻldi?

Bahslarning bosh omili — AQSh qonunchiligidir. Gap shundaki, Amerikada 1866-yildan buyon milliy valyutada tirik odamlarning suratini joylashtirishni taqiqlovchi qoida amal qiladi. Ushbu qonun XIX asrda yuz bergan shov-shuvli mojarodan keyin qabul qilingan: oʻshanda Moliya vazirligi mulozimi Spenser Klark 5 sentlik banknotlarga amalda oʻz suratini tushirib chiqqan edi.

Ayni shu sababli bugungi kunda AQSh dollarida faqat hayotdan koʻz yumgan prezidentlar va davlat arboblari — Jorj Vashington, Avraam Linkoln, Endryu Jekson va boshqalarning suratlarini koʻrish mumkin.

Trampning yangi kupyurada paydo boʻlishi uchun Kongress alohida qonun qabul qilishi shart. Tegishli qonun loyihasi hali 2025-yildayoq respublikachi Jo Uilson tomonidan kiritilgan edi, biroq hujjat bir yildan ortiq vaqt davomida Vakillar palatasining ixtisoslashgan qoʻmitasida hech qanday siljishsiz qolib ketmoqda.

Loyiha qabul qilingan taqdirda ham, u Senat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi kerak. Respublikachilar u yerda demokratlar tomonidan boʻlishi mumkin boʻlgan toʻsiqlarni yorib oʻtishi oson kechmaydi.

250 dollarlik banknot — shunchaki pul emas, siyosiy ramz

Ekspertlarning taʼkidlashicha, ushbu banknot gʻoyasi iqtisodiy choradan koʻra koʻproq Trampning siyosiy brendini targʻib qilish elementiga oʻxshaydi.

AQShda 47-prezidentning qiyofasi tushirilgan suvenirlar ishlab chiqarish tarmogʻi allaqachon shakllanib ulgurgan. Savdo maydonchalarida (marketpleyslarda) Tramp surati tushirilgan zarhallangan tangalar, soxta dollarlar va esdalik kupyuralari — "Trump Dollars" keng sotilmoqda. Bunday mahsulotlarning bir qismi siyosatchining tarafdorlari tomonidan uning "Make America Great Again" (Amerikani qaytadan buyuk qilaylik) harakatini qoʻllab-quvvatlash ramzi sifatida chiqariladi.

Bundan tashqari, Tramp maʼmuriyati bundan avval boy-badavlat xorijliklar uchun moʻljallangan maxsus investitsiya vizasi — "Trampning oltin kartasi"ni taqdim etgan edi. Unda ham prezidentning portreti aks ettirilgan. Dasturda ishtirok etish uchun dastlab 15 ming dollar badal toʻlash, soʻngra grin-karta (Green Card) maqomiga teng huquqni qoʻlga kiritish uchun yana 1 million dollar investitsiya kiritish talab etiladi.

Yangi banknotni chiqarish nega ortga surilishi mumkin?

Hatto AQSh Moliya vazirligining oʻzida ham ushbu loyihaga ehtiyotkorlik bilan yondashilmoqda. Washington Post xabariga koʻra, Gravyura va bosma nashrlar burosi xodimlari Kongressning yakuniy qarori chiqmasidan turib maketlar tayyorlana boshlaganidan taajjubga tushishgan.

Bunga jarayonning oʻta murakkabligi sababdir. AQShda yangi valyutani ishlab chiqish odatda bir necha yil vaqtni oladi; bu huquqiy kelishuvlar, himoya elementlarini yangilash, bosma sinovlar va uskunalarni modernizatsiya qilishni talab etadi.

Qolaversa, bugungi kunda Amerika moliya tizimida bunday nominaldagi banknotga deyarli ehtiyoj yoʻq. Muomaladagi eng yirik pul belgisi hali ham 100 dollarlik kupyura boʻlib qolmoqda. Bundan kattaroq AQSh banknotlari oʻtgan asrning ikkinchi yarmidayoq muomaladan chiqarilgan edi.

AQShning 250 yilligi — Trampning bosh siyosiy loyihasi

Mustaqillik yubileyiga koʻrilayotgan tayyorgarlik amaldagi maʼmuriyatning markaziy mavzularidan biriga aylandi. 2026-yilda mamlakat Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilinganining 250 yilligini keng nishonlaydi.

Tarixdan maʼlumki, ushbu hujjat Kontinental kongress tomonidan 1776-yil 2-iyulda Filadelfiyada maʼqullangan, uning yakuniy tahriri esa 4-iyulda qabul qilingan edi — aynan shu sana keyinchalik AQShning milliy bayramiga aylandi.

Ushbu yubiley fonida Tramp jamoasi prezident siymosini ushbu tarixiy voqea bilan bogʻlashga urinmoqda. Shu sababli ham, uning portretini dollarda aks ettirish gʻoyasi Oq uy rahbarining tarafdorlari tomonidan "Amerikaning yangi davri" ramzi sifatida koʻrilmoqda.

Biroq tanqidchilar ushbu tashabbusni Amerika siyosiy anʼanalariga yot boʻlgan — Tramp atrofida shaxsga sigʻinish kayfiyatini yaratishga urinish deb baholamoqdalar.

Теги :
Jamiyat