$
 11801.23
-22.46
 13737.81
-59.25
 136.73
-3.01
weather
+26
Кечаси   +14°

Nepal va Tibetdagi toshqinda bedarak yo‘qolganlar soni 1 500 dan oshdi: Yangi toshqin xavfi paydo bo‘lyapti

nepal

Xitoy va Nepal chegarasidagi hududlarda yuz bergan kuchli toshqinlar oqibatida hozirgacha kamida 474 kishi halok bo‘lgani, 1 500 dan ortiq odam esa bedarak yo‘qolgani ma’lum bo‘ldi. Ular orasida bu hududga ishlash, sayyohlik safarlarida qatnashish yoki muqaddas ziyoratgohlarga borish uchun kelgan yuzlab xorijliklar ham bor. Minglab odamlar qutqarilgan. Jarohatlanganlarning bir qismi Nepal poytaxti Katmandudagi shifoxonalarga olib ketilgan. Qutqaruv ishlari davom etyapti.

Muzlik quladi, kuchli oqim yo‘lida uchragan narsalarni vayron qildi

Falokat chorshanba kuni ertalab Himolay hududida muzlik qulashi ortidan boshlangan. Katta hajmdagi tosh, loy va boshqa qoldiqlar daryoga tushib, suv oqimini keskin kuchaytirgan. Toshqin qisqa vaqt ichida qishloqlar va vodiylarga kirib borgan.

Suv yo‘lida uchragan elektr stansiyalari, avtomobil yo‘llari va ko‘priklarga jiddiy zarar yetgan. Katmandu bilan Tibetni bog‘laydigan yo‘nalish ham toshqindan zarar ko‘rgan. Bu hudud sayyohlar va ziyoratchilar orasida mashhur bo‘lgani sabab bedarak yo‘qolganlar orasida xorijliklar ham ko‘p.

Qutqaruvchilar shahar va qishloqlarda to‘planib qolgan loy hamda vayronalarni og‘ir texnika yordamida tozalamoqda. Ayrim joylarga quruqlik orqali yetib borishning iloji bo‘lmagani uchun vertolyotlardan foydalanilmoqda. Ular yordamida bedarak yo‘qolganlar qidirilmoqda, qamalib qolgan odamlarga esa oziq-ovqat va boshqa zarur yordamlar yetkazilmoqda.

Nepalda 469 kishi halok bo‘ldi

Nepalning tabiiy ofatlarni boshqarish idorasi ma’lumotiga ko‘ra, juma kuni ertalab mamlakatda qurbonlar soni 469 kishiga yetgan. Yana 977 kishi bedarak yo‘qolgan.

Vertolyotlar yordamida 3 253 kishi qutqarilgan. Jarohatlanganlarning 150 nafardan ortig‘i Katmandu hamda Rasuva, Nuvakot va Dxading tumanlaridagi shifoxonalarga olib ketilgan.

Mahalliy OAV Favqulodda vaziyatlar milliy operatsion markaziga tayanib xabar berishicha, bedaraklar orasida 113 nafar nepallik sayyoh, armiya va politsiyaning 85 nafar xodimi, Rasuva tumanining 161 nafar hamda Nuvakot tumanining bir nafar fuqarosi bor.

Tibetda ham vaziyat og‘ir. Xitoy davlat OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Tibetdagi Girong okrugida kamida besh kishi halok bo‘lgan, 558 kishi esa bedarak yo‘qolgan. Xitoyning CCTV telekanali bedaraklarning 260 nafari xorijlik ekanini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, Xitoy Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, Nepal hududida qariyb 100 nafar Xitoy fuqarosi bedarak.

Hindistonliklar, amerikaliklar va boshqa xorijliklar ham qidirilmoqda

Bedarak yo‘qolganlar orasida ko‘plab davlatlar fuqarolari bor. Hindiston Tashqi ishlar vazirligi 288 nafar hindistonlik bilan aloqa o‘rnatilmaganini ma’lum qilgan. Ularning 73 nafari energetika loyihasida ishlagan. Nepal rasmiylariga ko‘ra, ko‘plab hindistonlik sayyohlar hindular uchun muqaddas hisoblangan Tibetdagi Kaylash tog‘iga ziyoratga ketayotgan bo‘lgan.

AQSh Davlat departamenti Xitoy va Nepalda 90 nafar amerikalik bilan aloqa o‘rnatilmaganini bildirgan. Hozircha AQSH fuqarolari orasida halok bo‘lganlar haqida ma’lumot yo‘q, uch nafar amerikalik qutqarilgan.

Shuningdek, 55 nafar Ukraina, 51 nafar Malayziya, 39 nafar Avstraliya, 33 nafar Buyuk Britaniya va 25 nafar Kanada fuqarosi bedarak ekani ma’lum qilingan.

Janubiy Koreyaning Nepalda GES qurilishida ishlayotgan to‘qqiz nafar fuqarosi ham bedarak. Bundan tashqari, sakkiz nafardan Singapur, Germaniya va Rossiya fuqarolari qidirilmoqda. Janubiy Afrika va Latviyadan olti nafardan, Yaponiya va Yangi Zelandiyadan besh nafardan, Fransiyadan to‘rt, Belgiya va Ispaniyadan uch nafardan fuqaro bedarak.

Italiya, Qozog‘iston, Portugaliya, Irlandiya va Niderlandiyadan ikki nafardan, Belarus, Finlandiya, Vengriya, Isroil, Litva, Filippin, Bolgariya, Shveytsariya, Serbiya va Shvetsiyadan esa bir nafardan fuqaro bedarak yo‘qolgan.

Daryoda yangi ko‘l paydo bo‘ldi, yana bir toshqin xavfi bor

Hozir rasmiylarni tashvishga solayotgan asosiy muammolardan biri — yangi toshqin ehtimoli. Suv bilan oqib kelgan tosh, loy va boshqa vayronalar Bxotekoshi daryosining bir qismini to‘sib qo‘ygan. Natijada tabiiy to‘g‘on va uning ortida ko‘l hosil bo‘lgan.

Ko‘lda suv ko‘payishda davom etsa, vayronalardan hosil bo‘lgan to‘siq bosimga bardosh bermasligi mumkin. Bunday holatda katta hajmdagi suv birdaniga pastdagi hududlarga oqib tushishi va yana bir falokatga sabab bo‘lishi mumkin

Xitoy tomoni yaqin uch kun ichida ko‘lga yana qariyb 3 mln kub metr suv kelib tushishini kutmoqda. Taxminlarga ko‘ra, suv oqimi 1 sentabr atrofida eng yuqori darajaga yetishi mumkin.

Vaziyatni o‘rganish uchun Xitoy sakkiz nafar muhandisdan iborat guruhni safarbar qilgan. Mutaxassislar hududni havodan o‘rganib, ko‘lning 3D modelini yaratmoqda. Xavfni kamaytirish yo‘llaridan biri sifatida suvni asta-sekin chiqarib yuboradigan drenaj kanali qazish ko‘rib chiqilmoqda. Buning uchun suvning kelish tezligi va ko‘lning qanchalik tez to‘layotganini aniq hisoblash kerak.

Tramp yordam taklif qildi, Nepal barcha kuchlarni safarbar qilgan

AQSh prezidenti Donald Tramp Nepalga yordam berishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Uning aytishicha, AQSh tomoni Nepal rahbariyati bilan gaplashgan va mamlakatga zarur yordamni yetkazib berishni taklif qilgan.

Tramp toshqin oqibatlarini juda og‘ir deb baholagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hatto mustahkam qurilgan binolar ham kuchli suv oqimi qarshisida vayron bo‘lgan. AQSh Nepal tomoni qanday yordam so‘rasa, uni yetkazib berishga tayyorligini bildirgan.

Nepal bosh vaziri Balendra Shax ham toshqindan zarar ko‘rgan Nuvakot hududiga borgan. U vaziyat hamon og‘irligini va barcha davlat idoralari to‘liq kuch bilan ishlayotganini aytgan. Hozir asosiy e’tibor tirik qolganlarni qutqarish, bedarak yo‘qolganlarni topish, yaradorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish va uy-joysiz qolgan oilalarga zarur yordamni yetkazishga qaratilgan.

Теги :
Jamiyat