Atrof to‘la "to‘rtko‘zlar"
Ko‘z tananing eng qimmatli organlaridan biri bo‘lib, usiz hayotni tasavvur etish ancha qiyin. Bugungi kun odami oddiy kundalik ba’zi odatlari tufayli ko‘zlarini qattiq zararlamoqda va uni o'zi bilmagan holda zaif ko‘rish yoki shu kabi turli xil ko‘z muammolariga olib kelyapti.
3 daqiqa o‘qiladi

Hech e’tibor berganmisiz, atrofda ko‘zoynakdan foydalanadigan va ko‘rish qobiliyati pasaygan odamlar bugun ancha ko‘paygan. Bunga balki texnika asri sabab deyish mumkindir, aslida esa oddiy kundalik ba’zi odatlar tufayli biz ko‘zlarimizni qattiq zararlaymiz va uni bilmagan holda zaif ko‘rish yoki shu kabi turli xil ko‘z muammolariga olib kelamiz.
Ko‘zlarni qattiq zararlaydigan top 5 kundalik odatlar:
"Peshonamizga yopishib qolgan" nurli ekranlar
So‘nggi 10 yil ichida ko‘zoynak taqib yurganlar soni 4 barobar oshdi. Buning sababi mobil, kompyuter, noutbuk va hokazolarda ko‘proq vaqt sarflanishi edi. Doimiy ravishda ekranga tikilganda, ko‘zlar quriydi va ko‘z yuzasida o‘lik hujayralar to‘planadi, ko‘proq o‘lik hujayralar to‘planishi qora doiralarni keltirib chiqarishi va ko‘rishni zaiflashtirishi mumkin. Kun talabi sifatida, siz noutbukda yoki boshqa ekran bilan bog‘liq qurilmada ishlarni bajarishingiz tabiiy va allaqachon odatiy holat, lekin baribir bu ancha zararli. Buning yechimi esa juda oddiy, ekrandan foydalanayotganingizda birmuncha vaqt o‘tgach bir stakan suv ichish nafaqat ko‘zlaringizni stressdan xalos qiladi, balki toliqishni ham kamaytiradi. ko‘zlardagi quruqlikning oldini oladi.
Ko‘zni ishqalayverish
Ko‘zlarimiz tanamizning eng nozik organi bo‘lib, ko‘zlarini ishqalash odatiga ega bo‘lganlar o‘zlari bilmagan holda ko‘zlarining qon tomirlariga jiddiy zarar yetkazadilar. Yana qo‘llaringiz iflos bo‘lsa, mikroblar ko‘zingizga o‘tishi hamda allergiyaga olib kelishi mumkin. Shuning uchun, agar siz ko‘zingizda qichishishni his qilsangiz, ko‘z tomchili dori vositalarini qo‘llashingiz yoki ehtiyotkorlik bilan ishqalashingiz mumkin.
Harakat paytida o‘qish
Sayohat paytida yoki harakatlanib ketayotganda biror narsa o‘qishimiz ko‘zlarimizda juda ko‘p stressga sababchi bo‘ladi, chunki biz o‘qishga harakat qilayotgan matn doimo harakatda bo‘ladi va ko‘zlar e’tiborni jamlashga juda qiynaladi. Eng yomoni, hozirgi kunda kitoblar mobil telefonlar bilan almashib bormoqda, bu ikki karra zarar degani. Ko‘zlar telefondagi kichik so‘zlarga e’tibor qaratishi uchun zo‘riqadi va asta-sekin zaiflashib boradi. Eng yaxshisi, tinch va qulay joyda mutolaa bilan shug‘ullanishdir.
Quyosh ko‘zoynaklarini taqmaslik
Quyosh ko‘zoynaklari nafaqat moda, balki ko‘zlarni quyoshning ultrabinafsha nurlari va yuqori intensivlikdagi nurlarning ko‘zlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’siridan himoya hamdir. Doimiy ravishda ultrabinafsha nurlar ta’sirida bo‘lish ko‘zning to‘liq shikastlanishiga olib keladigan "shox parda" kuyishi va "katarakta" ehtimolini oshirishi mumkin. Shuning uchun ko‘zingizni himoya qilish uchun ultrabinafsha nurlaridan 100% himoya qiladigan sifatli quyoshdan saqlovchi ko‘zoynaklardan foydalaning.
Kam yorug‘likda o‘qish
Yoshi kattalar bekorga chiroq yongach o‘qiysan deya yoshlikda tanbeh bermagan ekan. Yorug‘lik kam xonada o‘qish ko‘z mushaklarini ko‘proq zo‘riqishiga olib keladi va buning natijasida ko‘zlar asta-sekin zaiflasha boshlaydi. Bundan tashqari, ko‘pchilikda qorong‘ida telefondan foydalanish odati bor va bu o‘ta zararli. Agar sizga sog‘lom ko‘zlar kerak bo‘lsa, o‘zingiz uchun yetarli darajada yorug‘likni va qulaylikni yaratib olgach ishlaganingiz ma’qul.



