Siyosatshunos "O‘zbekiston uchun hayot-mamot masalasi" haqida gapirdi
12-mart kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Afg‘oniston poytaxti Kobulga safar qilib, u yerda "Tolibon" shakllantirgan hukumat vakillari bilan uchrashgandi. "Parda ortida" qanday masalalar ko'tarildi?
3 daqiqa o‘qiladi

12-mart kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Afg‘oniston poytaxti Kobulga safar qilib, u yerda "Tolibon" shakllantirgan hukumat vakillari bilan uchrashgandi. Vazir Saidovning shaxsiy sahifasida qayd etilishcha Kobul safari chog‘ida u bosh vazir vazifasini bajaruvchi Mulla Muhammad Hasan Oxund, bosh vazir o‘rinbosari v. b. Mavlaviy Abdul Salom Hanafiy, bosh vazir o‘rinbosari v. b. Mulla Abdul G‘ani Barodar, tashqi ishlar vaziri v. b. Mavlaviy Amir Xon Muttaqiy, ichki ishlar vaziri v. b. Xalifa Sirojiddin Haqqoniy, savdo va sanoat vaziri v. b. Nuriddin Aziziy bilan muzokaralar olib borgan.“Muzokaralar chog‘ida o‘zaro hamkorlikning keng ko‘lamli masalalarini muhokama qildik. Iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratdik”, deya umumlashtirilgan xabar yozilgan vazir sahifasida. “Tolibon” tomoni bayonotida esa uchrashuvda ko‘tarilgan masalalarni birma-bir sanab o‘tgan. Unda Qo‘shtepa kanali masalasi ham ko‘rib chiqilgani aytilgan.
Siyosatshunos fikrlari
Siyosatshunos Hamza Boltayev tarmoqlardagi nashrlardan biriga Kobuldagi muzokaralar haqidagi savollarga javob berar ekan, barchamiz uchun qiziqarli va dolzarb masalaga to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, Afg‘oniston masalasi tarixan ham, hozir ham O‘zbekiston uchun juda muhim. Faqatgina qo‘shnilik omili emas, balki Afg‘oniston bilan hamkorlik qiladigan bir nechta sohalarimiz bor va bu hamkorlikni saqlab turish bizning strategik manfaatlarimizga to‘g‘ri keladi.
Afg‘oniston va O‘zbekiston tomoni "ko‘targan" mavzular
“Tolibon” birinchi navbatda ikkala delegatsiya qanday masalalarni ilgari surganini aytgan. Xususan, Afg‘oniston tomoni ikki tomonlama hamkorlik, savdo-sotiq, transport masalasini ilgari surgan. “Tolibon” bilan diplomatik aloqalarni yangilash masalasi haqida aytilgan. Bu degani “Tolibon” Afg‘onistondagi hukumat sifatida o‘zining rasmiy vakilini Toshkentda tan olinishini nazarda tutuvchi fikrni ilgari surgan. Keyin afg‘on biznes vakillari va haydovchilarga viza berish masalasi ko‘tarilgan. Bundan tashqari, elektr energiyasidagi uzilishlar. Fevral oyida kuchli qor yog‘ishi, aholining elektrga bo‘lgan ehtiyoji ortishi natijasida uzilishlar bo‘lgan, shu masala ham muhokama qilingan. O‘zbekiston tomoni ham bir qator mavzularni ilgari surgan. Tashqi ishlar vaziri O‘zbekiston va Afg‘oniston chegarasida xavfsizlik ta’minlanganidan mamnunligini bildirgan. O‘zbekiston tomoni Afg‘onistonni Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida ko‘rishini bayon etgan.
“Tolibon” va Xitoy munosabatlari
Ekspert fikriga ko‘ra, rasmiy manbalar va qolgan ekspertlarning ham xulosalarga tayanib javob berish mumkin. Lekin real voqelikka, bo‘layotgan ishlarga qarab javob berish kerak. Masalan, yoqilg‘i bilan ko‘pchilik ta’minlayapti O‘zbekiston ham, Turkmaniston ham, boshqa davlatlar ham eksport qiladi. Texnikalar sotib olishdagi moliyaviy manba “Tolibon” hukumatining o‘zi sifatida ko‘rsatiladi rasmiy mahsulotlarda. Texnikalarning 90 foizi Xitoydan sotib olingan texnikalar. 2021-2022-yillarda Afg‘oniston Xitoydan eng ko‘p qurilish texnikalarini sotib olgan davlat ekan. Umuman, bu qurilishlar ortida qaysidir homiy davlat bor deyishga asoslar yo‘q.
O‘zbekiston uchun hayot-mamot masalalardan biri
"Amudaryo suvidan foydalanishni tartibga solish O‘zbekiston uchun hayot-mamot masalalardan biri deb o‘ylayman. “Tolibon” 2023-yil oktyabr oyida kanalning birinchi qismi qurilishini tugatdi. Lekin oddiy eski uslubda qurilgan kanal, hech qanday betonlashtirish yo‘q. O‘zbekiston tomoni texnik jihatdan yordam taklifini berishi mumkin. Sement ishlab chiqarish taklifidan tashqari, O‘zbekiston kanal qurilishida irrigatsion jihatdan yordam berishni ham taklif etdi. O‘zbekiston suv xo‘jaligi sohasida ancha yaxshi, albatta, shuning uchun bu tomonlardan yordam berishi mumkin deb o‘ylayman. O‘zbekiston ko‘mir qazib olish va ko‘mirga asoslangan elektr energiyasi ishlab chiqarishda ham o‘z yordamini taklif etdi. Bu takliflarning barchasini Qo‘shtepa kanali atrofida, shu prizmadan ko‘rish noto‘g‘ri bo‘lmaydi, menimcha.", — degan siyosatshunos.



