“Tolibon”ning taqiqlari ish bermadi: Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish hajmi yana oshyapti
2024-yilning birinchi yarmida quruq ko‘knorining bir kilogrammi 730 dollar atrofida sotilgan — bu taqiqdan oldingi narxdan 100 dollarga qimmat.
2 daqiqa o‘qiladi

“Interfaks” nashri BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi hisobotiga tayanib bergan ma’lumotiga ko‘ra, 2024-yilda Afg‘onistonda afyun ishlab chiqarish, Tolibon joriy etgan taqiqqa qaramay, 19 foizga oshgan. Bu natija o‘tgan yilgi 95% lik pasayishdan keyin ilk bor sodir bo‘lmoqda. Bu yilgi afyun ishlab chiqarish darajasi hali ham 2022-yil darajasidan ancha past. UNODC joriy yilda afyun ishlab chiqarishning 59 foizi shimoli-sharqiy viloyatlarga to‘g‘ri kelganini ta’kidladi (o‘tgan yilga nisbatan to‘rt baravar ko‘p).
BMT hisoboti
BMTning giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi hisobotiga ko'ra, “Tolibon” 2022-yil aprelida ko‘knori yetishtirishni taqiqlagan. Natijada, mamlakatda 2023-yilga kelib ko‘knori yetishtirish taxminan 95 foizga qisqaradi. Joriy yilda esa bu turdagi giyohvand moddalar ekiladigan maydonlar 19 foizga oshadi (12,8 ming gektargacha), shuningdek, ko‘knori ekiladigan hududlar Afg‘oniston markazidan mamlakatning janubi-g‘arbiy hamda shimoli-sharqiy qismlariga ko‘chadi. “2024-yildagi o‘sishga qaramay, ko‘knori maydonlari 2022-yilga nisbatan kam. Bundan ikki yil oldin ular 232 ming gektar hududda yetishtirilgan”, — deya ta’kidlanadi.
Fermerlarning faollashish sabablari
Ko‘knori ishlab chiqarishning jonlanishi ortidagi omillardan biri bozor dinamikasi va fermerlar duch kelayotgan qiyinchiliklar bo‘lishi mumkin. 2024-yilning birinchi yarmida quruq ko‘knorining bir kilogrammi 730 dollar atrofida sotilgan — bu taqiqdan oldingi narxdan 100 dollarga qimmat. O‘tgan yilgi hisobotda ko‘knori narxi 408 dollargacha chiqqani aytilgan edi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yuqori narxlar va opiy zaxiralarining kamayishi fermerlarni, ayniqsa, an’anaviy yetishtirish markazlaridan tashqarida joylashgan hududlarda taqiqni buzishga undashi mumkin.
Ekin maydonlari
2023-yilda Afg‘onistonda yetishtirilgan ko‘knorining qariyb yarmi Pokiston bilan chegaradosh janubi-g‘arbiy viloyatlar hisobiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, joriy yilda ushbu hududlar sezilarli darajada qisqargan. Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegaradosh shimoli-sharqiy viloyatlarda esa ekin maydonlari 381 foizga oshib, 7563 gektarga yetgan.



