Jahon shaharlari tajribasi Toshkentda tirbandlik muammosini hal qilishda qanday saboqlar bera oladi?
Avtomobil sanoati rivojlanib borayotgan bir paytda, yirik shaharlarda tirbandliklar jiddiy muammoga aylangan. Xususan, Toshkentda ham har kuni minglab haydovchilar va yo‘lovchilar qimmatli vaqtini tirband yo‘llarda yo‘qotmoqda. Ushbu maqolada xalqaro tajribalarga tayanib, tirbandlik muammosi, uning kelib chiqish sabablari va turli davlatlarda qo‘llaniladigan yechimlar haqida so‘z yuritamiz.
4 daqiqa o‘qiladi

Avtomobil sanoati jadal rivojlanib borayotgan bir paytda, yirik shaharlarda tirbandliklar jiddiy muammoga aylangan. Shu jumladan, O‘zbekistonning poytaxti Toshkentda ham. Har kuni minglab haydovchilar va yo‘lovchilar qimmatli vaqtini tirband yo‘llarda yo‘qotmoqda. Ushbu maqolada xalqaro tajribalarga tayanib, tirbandlik muammosi, uning kelib chiqish sabablari va turli davlatlarning samarali yechimlari haqida so‘z yuritamiz.
Qachon tirbandlik hosil bo‘ladi?
Yo‘llarda tirbandliklarning kelib chiqishiga bir nechta omillar sabab bo‘ladi. Jumladan, mashinalar sonining o‘ta ko‘pligi, ko‘chalarda qurilish-ta’mirlash ishlarining o‘tkazilishi, haydovchilarning tartibsiz harakatlanishi, yo‘l-transport hodisalarining sodir bo‘lishi yoki noqulay ob-havo sharoiti mashinalar harakatini cheklab qo‘yishi mumkin.
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi yengil avtomobillar soni yildan-yilga oshib bormoqda. Masalan, 2010-yilda har 100 ta uy xo‘jaligiga atigi 21 ta yengil avtomobil to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2015-yilda bu ko‘rsatkich 42 taga, 2020-yilda esa 49 taga yetgan. 2024-yilda esa har 100 ta uy xo‘jaligiga o‘rtacha 57 ta avtomobil to‘g‘ri kelmoqda.
Xalqaro tajribalar
Ma’lumotlarga ko‘ra tirbandlikdan eng ko‘p Hindiston aholisi aziyat chekadi. Chunki bu davlatda turli transport vositalari juda tartibsiz harakatlanadi va ularni hatto politsiya ham yetarlicha nazorat qila olmaydi. Tirbandlik muammosini hal qilishda turli davlatlar o‘z yondashuvlarini ishlab chiqqan:
Singapur: Bu davlatda shaxsiy avtomobil sotib olish huquqi cheklangan bo’lib, avval maxsus ruxsatnoma olish talab etiladi. Bundan tashqari, Singapurda “Elektron yo’l narxlash tizimi” joriy etilgan bo’lib, u orqali shahar markazidagi tirband hududlarga kirish uchun qo’shimcha to’lov undiriladi. Bu choralar shaxsiy transportdan foydalanishni kamaytirib, jamoat transportidan foydalanishni rag’batlantiradi.
London (Buyuk Britaniya): Shahar markazida tirbandlikni kamaytirish maqsadida “Congestion Charge” deb nomlangan to’lov tizimi joriy etilgan. Unga ko’ra, markaziy hududlarga kiruvchi avtomobillar kunlik to’lov to’laydi. Bu tizim shaxsiy transportdan foydalanishni kamaytirib, jamoat transportiga o’tishni rag’batlantiradi.
Stokgolm (Shvetsiya): Shaharda “Congestion Tax” tizimi amal qiladi. Unga ko’ra, kunning tig’iz vaqtlarida shahar markaziga kiruvchi avtomobillar uchun soliq undiriladi.
Tokio (Yaponiya): Shaharda jamoat transporti tizimi juda rivojlangan bo’lib, metro va poyezdlar tarmog’i keng qamrovga ega. Bundan tashqari, shaxsiy avtomobillar uchun parkovka joylari cheklangan va qimmat bo’lgani sababli, ko’plab fuqarolar jamoat transportidan foydalanishni afzal ko’radi.
Bogota (Kolumbiya): Shaharda “TransMilenio” deb nomlangan tezkor avtobus tizimi joriy etilgan bo’lib, u alohida ajratilgan yo’laklar orqali harakatlanadi. Mazkur tizim jamoat transportining samaradorligini oshirib, shaxsiy avtomobillardan foydalanishni kamaytiradi.
Chimkent (Qozog’iston): Shaharda tirbandlikka qarshi “aqlli” svetoforlar o’rnatilishi rejalashtirilgan. Bu svetoforlar transport oqimini real vaqt rejimida kuzatib, harakatni samarali boshqarishga yordam beradi.
Toshkentda jamoat transportining ahvoli
Jurnalist va jamoat faoli Laziz Hamidovning fikricha, Toshkentdagi tirbandliklarning asosiy sabablaridan biri — jamoat transportining yengil mashinalarga nisbatan qulay va samarali bo‘lmagani.
“Avval ham aytganimdek, jamoat transporti tirbandliklardan mustaqil bo‘lishi kerak — bu zamonaviy shahar uchun asosiy qoidadir. Buning yagona chorasi esa ko‘chalarda jamoat transportiga ustuvorlik berish hisoblanadi,” — deydi Laziz Hamidov.
Ammo bu borada Toshkentda muammolar yetarli:
• Ba’zi yo‘llarda avtobus uchun ajratilgan yo‘laklar mavjud emas.
• Ajratilgan yo‘laklar ko‘pincha svetofor oldida tugab qoladi.
• Ajratilgan yo‘laklar yonida mashinalar parkovka qilinadi.
• Jamoat transportiga ustuvorlik beruvchi svetofor tizimi yo‘lga qo‘yilmagan.
Jurnalistning fikricha, eng samarali yechimlardan biri — avtobuslar uchun maxsus yopiq yo‘laklarni tashkil qilish. Istanbul, Jakarta va Guanchjou shaharlarida bunday tizim muvaffaqiyatli ishlamoqda. Maxsus ajratilgan yo‘laklar jamoat transportiga hech qanday to‘siqsiz harakat qilish imkonini beradi.
Pulli parkovka yechimmi yoki muammo?
Toshkentda 2025-yildan boshlab pulli parkovka tizimini joriy qilish rejalashtirilmoqda. Ushbu tashabbus tirbandlikni kamaytirish va avtomobillarni tartib bilan joylashtirishga qaratilgan. Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, bunday tizim shaxsiy avtomobillardan foydalanishni qisqartirib, haydovchilarni jamoat transportidan foydalanishga undaydi. Shu bilan birga, tushgan mablag‘ shaharning infratuzilmasini rivojlantirish uchun ishlatiladi.
Biroq bu tizimning muvaffaqiyati bir necha omillarga bog‘liq. Birinchidan, tariflar adolatli va hududga moslashtirilgan bo‘lishi kerak. Masalan, markaziy hududlarda yuqoriroq, chekka joylarda esa arzonroq narx belgilanishi lozim. Ikkinchidan, to‘lov jarayonini qulay qilish uchun avtomatlashtirilgan tizimlar va mobil ilovalarni joriy etish muhim.
Uchinchidan, parkovka joylari ustidan samarali nazorat va noqonuniy to‘xtashlarga qarshi chora-tadbirlar ko‘rilishi zarur. Eng muhimi, jamoat transportining rivojlanganligi shaxsiy avtomobillarga muqobil sifatida taqdim etilishi lozim. Aks holda, tizim kutilgan natijani bermasligi mumkin.



