$
 12031.25
-62.1
 13764.95
-102.49
 153.24
-1.98
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda tantanali kutib olingan aka-uka Teytlar hibsga olindi: Ularga qanday ayblovlar qo‘yilgan?

Teytlar

Bir necha yildan buyon turli jinoiy ishlar bilan tilga olinayotgan Endryu Teyt yana dunyo e’tibor markaziga tushdi. Bu safar u ukasi Tristan Teyt bilan birga AQShning Mayami shahrida hibsga olindi. Aka-ukalarga nisbatan juda og‘ir ayblovlar ilgari surilmoqda. Ish doirasida ularga nisbatan yangi sud jarayonlari boshlanishi kutilyapti.

Mayamida maxfiy order asosida qo‘lga olindi

Britaniya va AQSh fuqaroligiga ega aka-uka Endryu va Tristan Teytlar Qo‘shma shtatlarning Mayami shahrida hibsga olindi. CNN xabariga ko‘ra, ularni qo‘lga olish Buyuk Britaniyaning ekstraditsiya so‘rovi asosida amalga oshirilgan. Aka-ukalar AQSh Marshallar xizmati tomonidan Jeyms L. Nayt nomidagi sport majmuasi yaqinida ushlangan. Qizig‘i, Endryu Teyt aynan shu yerda kikboksing bo‘yicha mushtlashuv turnirini o‘tkazishi kerak edi. Hozircha ularga qo‘yilgan ayblovlar rasman e’lon qilinmagan, biroq bu kelasi hafta federal sudda ma’lum qilinishi kutilmoqda.

Aka-ukaga o‘nlab og‘ir ayblovlar qo‘yilgan

Oradan ko‘p o‘tmay Britaniya Qirollik prokuraturasi aka-ukaga qo‘yilgan ayblovlar yuzasidan bayonot berdi. Unda Endryu va Tristan Teyt zo‘rlash, jinsiy tajovuz hamda odam savdosi kabi jinoyatlarda ayblanayotgani aytilgan. Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, bu jinoyatlar 2010–2017-yillar oralig‘ida sodir etilgan. 39 yoshli Endryu Teytga jami 42 ta ayblov qo‘yilgan bo‘lib, ular orasida zo‘rlash, odam savdosi, bolalar pornografiyasiga oid jinoyatlar va hujum qilish holatlari ham bor. 37 yoshli Tristan Teytga esa jinsiy tajovuz, zo‘rlash va odam savdosi bilan bog‘liq 17 ta ayblov ilgari surilgan.

Aka-ukalarning nomi bundan oldin ham bir necha bor shov-shuvli jinoyat ishlari bilan bog‘langan. Ular 2022-yilda Ruminiyada odam savdosi va nomusga tegish ayblovlari bilan hibsga olinib, keyinchalik uy qamog‘iga o‘tkazilgan. 2023-yil yozida uy qamog‘idan chiqarilgan bo‘lsa-da, politsiya nazoratida qolgan. Ruminiya tergoviga ko‘ra, aka-ukalar 2015-yilda ayollarni videochatlarda ishlashga jalb qiluvchi jinoiy tarmoqni tashkil etgan va ularni pornografik kontent tayyorlashga majburlagan. Shuningdek, tergov materiallarida aka-ukadan biri 2020-yilda 15 yoshli qiz bilan jinsiy aloqada bo‘lgani va undan pornografik materiallar tayyorlashda foydalangani ham qayd etilgan. 2024-yilda ular Ruminiyada jinsiy zo‘ravonlik ayblovi bilan yana qo‘lga olingan, 2026-yilda esa sud nazorati bekor qilingan.

Aka-ukalarning O‘zbekistonga tashrifi

Joriy yilning 4-aprel kuni Endryu Teyt X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida O‘zbekistonga kelgani aks etgan videoni e’lon qilgandi. Videoda u Toshkent xalqaro aeroportida karnay-surnay sadolari va zarchopon bilan kutib olinayotgani tasvirlangan. Holat O‘zbekiston ijtimoiy tarmoqlarida keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Ko‘plab foydalanuvchilar og‘ir jinoyatlarda ayblanayotgan shaxsga bunday tantanali kutib olish uyushtirilganini tanqid qilgan. Hozirgacha Endryu Teytning O‘zbekistonga tashrifi kim tomonidan va qanday maqsadda tashkil etilgani yuzasidan rasmiy izoh berilmagan.

Теги :
Jamiyat