$
 11915.64
28.92
 13749.46
32.19
 146.19
-0.18
weather
+26
Кечаси   +14°

“Enterprise Uzbekistan”: Apple, Google, Microsoft va Amazonlarga yo‘l ochildi

Google Foto: SI

Oliy Majlis Senatining 18-yalpi majlisida mamlakat raqamli kelajagini belgilab beruvchi muhim hujjat — “Xalqaro raqamli texnologiyalar markazi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun ko‘rib chiqildi va senatorlar tomonidan ma’qullandi. Ta’kidlash joizki, ushbu hujjat ilgarigi, ya’ni 17-yalpi majlisda ham muhokama qilinib, uni yanada mukammallashtirish va qayta ko‘rib chiqish taklifi bilan Qonunchilik palatasiga qaytarilgan edi. Shundan so‘ng Senatorlar hamda Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat kelishuv komissiyasi mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari bilan birgalikda qonun loyihasini har tomonlama va chuqur pishitib, oxirgi maromiga yetkazdi.

Angliya huquqi tamoyillariga asoslangan ushbu vakolatli Konstitutsiyaviy qonun “IT Park Uzbekistan” hududida tashkil etiladigan “Enterprise Uzbekistan” Xalqaro raqamli texnologiyalar markazining huquqiy poydevori bo‘lib xizmat qiladi.

Markazni boshqarish tartibi

Yangi qonun talablariga muvofiq, Markazni tashkil etish, uning faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda hududiy chegaralarini o‘zgartirish kabi strategik masalalar bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakolatiga kiradi. Shuningdek, strategik boshqaruv tamoyillarini belgilash va rahbar kadrlarni tayinlash ham davlatimiz rahbarining tegishli farmon va qarorlari asosida amaliyotga joriy etilishi belgilandi.

Investorlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari

Hujjatda Markaz ishtirokchilari uchun har tomonlama qulay va moslashuvchan soliq hamda bojxona rejimlarini tatbiq etish ko‘zda tutilgan. Xususan, faoliyatning ayrim turlari bo‘yicha soliq imtiyozlari taqdim etiladi, zamonaviy uskunalar, ilg‘or texnologiyalar va zarur materiallarni mamlakatga olib kirish tartib-qoidalari sezilarli darajada soddalashtiriladi.

Bunisi hammasi emas. Qonunga muvofiq, Markaz qatnashchilarini qo‘llab-quvvatlash uchun ma’murchilik hamda ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlari "yagona darcha" tamoyili bo‘yicha amalga oshiriladi. Shu bilan birga, loyihada intellektual mulk ob’ektlarini va kiritilayotgan investitsiyalarni himoya qilishning mustahkam huquqiy kafolatlari ko‘zda tutilgan.

Apple, Google, Microsoft va Amazon

Yangi qonun xorijiy investorlarning mulkiy hamda intellektual huquqlarini xalqaro standartlar darajasida kafolatlashga xizmat qiladi. Natijada global texnologiya bozorining Apple, Google, Microsoft va Amazon kabi yetakchi gigantlari O‘zbekiston bozoriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri va xavfsiz kirib kelishi uchun sharoit yaratiladi.

Markaz faoliyatining to‘liq yo‘lga qo‘yilishi 2030-yilga borib respublikamizda bir qator strategik marralarga erishish imkonini beradi:

  • Raqamli xizmatlar eksporti hajmini 5 milliard dollarga yetkazish;
  • Iqtisodiyotda 300 mingdan ortiq yangi va yuqori daromadli ish o‘rinlarini barpo etish;
  • Ko‘plab iqtidorli va bilimli yoshlarimizga o‘z uyida, O‘zbekistonda o‘tirgan holda jahon andozalariga mos maosh olish imkoniyatini taqdim etish.

Senatorlarning yakuniy xulosasiga ko‘ra, mazkur Konstitutsiyaviy qonun mamlakatimiz Yalpi ichki mahsulotida IT-sohasining ulushini keskin oshirish, raqamli tarmoqqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish, zamonaviy ish o‘rinlarini ko‘paytirish hamda IT-xizmatlar eksporti hajmini keskin oshirishda hal qiluvchi omil bo‘lib xizmat qiladi.

Теги :
Jamiyat