$
 12170.67
20.83
 14048.60
44.69
 152.30
1.2
weather
+26
Кечаси   +14°

“Bu — mobilizitasiya uchun tayyorgarlik”: Moskvadagi terakt haqida nimalar maʼlum?

Crocus

22-mart kuni terrorchilar Moskva oblastida joylashgan “Crocus City Hall” majmuasining konsert zaliga hujum qilishdi. Ular Moskva vaqti bilan soat 20:00 lar atrofida “Piknik” guruhining konsertiga yig‘ilgan 6 mingdan ziyod tomoshabin bo‘lgan zalga bostirib kirib, o‘qotar quroldan tomoshabinlarga qarata o‘t ocha boshlashgan.

Binoda portlash sodir boʻlgan va yongʻin boshlangan. Terrorchilar avtomat quroldan oʻt ochib, keyin, granata yoki yondiruvchi shashka uloqtirgan, oqibatda yongʻin boshlangan.

Terrorchilar nechta boʻlgan?

Eng kamida 5 nafar terrorchi binoga ikki tomondan — avtoturargoh va bosh kirish eshigidan bostirib kirishgan. Ular aniqlashtirib o‘tirmasdan, "Piknik" guruhining konsertiga kelgan tomoshabinlarga qarata o‘t ochishgan.

O‘nlab nuqtalarda o‘t ochilgan. Voqea guvohlari kamida ikkita portlash ovozini eshitishgan.  

Terakt oqibatida necha kishi halok boʻldi?

Dastlabki hisoblarga ko‘ra, 62 kishi halok bo‘lgan. Moskva oblasti sog‘liqni saqlash vazirligi terakt davomida turli darajada tan jarohati olgan 146 nafar jabrlanuvchining ro‘yxatini e’lon qildi. Ulardan 115 nafari kasalxonalarga joylashtirilgan.Shundan 5 nafari voyaga yetmagan bolalar. 60 nafar yoshi katta jabrlanuvchilar va bir nafar yosh bolaning ahvoli og‘ir. Yana to‘qqiz kishining ahvoli o‘ta kritik ekani ma’lum qilindi.

Jangarilar konsert zaliga o‘t qo‘yishgan. Yong‘in tezda bino bo‘ylab tarqala boshlagan. Olov qariyb 13 ming metr kvadrat maydonni qoplab olgan. Binoning oynavand fasadi va tomi qulab tushgan. Yong‘inni o‘chirishga vertolyotlar ham jalb qilingan. 5 soatlik urinishlardan so‘ng olov qurshab olingan.

“Crocus City Hall”ning hojatxonasida 10 dan ziyod insonning jasadi topilgan. Otishma chog‘ida tomoshabinlarning bir qismi hojatxonaga yashiringandi. Ular 112 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, qutqarishlarini so‘rashgan. Hojatxonaga yong‘in tutuni kirib, ular nafas olishga qiynalib vafot etishgan.

Qutqaruv ishlari

Voqea joyida 50 dan ziyod tibbiy tez yordam brigadasi ishlagan. 23-mart soat 8:30 dan boshlab jabrlanuvchilar uchun qon va uning tarkibiy qismlari qabul qilina boshlashi e’lon qilingan.

Terakt tufayli Moskva shahar transport tizimi va aeroportlarida xavfsizlik kuchaytirilgan. Rossiya bo‘ylab ommaviy tadbirlar bekor qilingan.

Moskvada "Yandex.Taxi" yo‘lovchilarga “Crocus City Hall” joylashgan hududdagi barcha tashuvlarni tekin qildi. 

Haydovchilarga yo‘lkira haqi to‘liq kompaniya hisobidan to‘lab berilishi, hududdan chiqib ketish uchun avval to‘langan pullar ham ikki kun ichida yo‘lovchilarga to‘liq qaytarib berilishi e’lon qilindi.

Terrorchilar haqida nimalar ma’lum?

Hozircha qurollangan shaxslarning kimligi, qanday maqsadda bu ishga qo‘l urgani va hozir qayerda ekanligi haqida aniq ma’lumotlar mavjud emas.

Guvohlar ularni "jigarrang kiyimdagi odamlar" yoki "jilet yo kamuflyaj kiyganlar" deya ta’riflashgan. Ularning aniq soni noma’lum. 

Voqeaga guvoh bo‘lganlardan birining so‘zlariga ko‘ra, hujum uyushtirgan shaxslar baland ovozda baqirishmagan. Shuningdek, ularning yuzlarida niqob ham bo‘lmagan. Boshqa bir guvohning ta’kidlashicha, qurolli hujum uyushtirgan shaxslarning yuzlari ro‘mol bilan yopilgan bo‘lib, uning ostidan soqollari ko‘rinib turgan.

Bu teraktda kimning qoʻli bor?

Ushbu terakt uchun javobgarlikni ISHID oʻz zimmasiga olgan, bu haqda CNN telekanali va Reuters agentligi terrorchi guruhga aloqador Amaq axborot agentligiga tayanib xabar qilgan.

Rybar telegram-kanali bu xabar feyk boʻlishi mumkinligini taxmin qilib, guruh yoki uning mintaqaviy filiallarining resurslarida hech qanday bayonot yoʻqligini bildirgan.

Moskva meri Sergey Sobyanin dam olish kunlari Moskva shahrida rejalashtirilgan barcha sport, madaniyat va boshqa ommaviy tadbirlar bekor qilinganini maʼlum qildi.

Rossiyaning boshqa hududlarida ham shanba va yakshanba kunlariga moʻljallangan ommaviy tadbirlar ham birin-ketin bekor qilinmoqda. Moskva oblasti gubernatori Andrey Vorobev voqea joyiga borib, operativ shtab tashkil etilganini maʼlum qilgan.

O‘zbekistonlik tahlilchilar ham Moskva terakti borasida dastlabki faraz va taxminlarni yozmoqda

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov IShID omilini muhokama qilar ekan, "qandaydir o‘yin ketayotgani"ga ishora qildi:

"Moskvadagi teraktlarda eng asosiy versiyalardan biri sifatida IShID ko‘rilmoqda. Bunga sabab, taxminan 2-3 hafta oldin AQSh tomonidan berilgan bayonot: "Moskvada va RFning katta shaharlarida teraktlar bo‘lishi mumkin, buni IShID amalga oshirish ehtimoli yuqori» deyilgandi. Qiziq, IShID hali ham bormi? Qolaversa, IShID Iroq, Suriya va Afg‘onistonda jiddiyroq teraktlar qila olmay, Moskvada qila oladimi?

Qandaydir o‘yin ketyapti, bu o‘yinda AQShning roli ham tushunarsizroq. RF bilan Ukraina jon-jahdi bilan urushib turganda, boshqa versiyalarni tahlil qilishning o‘zi g‘alati.

Menda ikkita versiya bor: 1. Bu Ukrainaning ishi. Maqsad konfliktni Rossiyaning ichiga ko‘chirish, xalqda panika uyg‘otish va shu yo‘l bilan Putin legitimligini sindirish va Kremlga bosim o‘tkazish.

2.Putinning o‘zi mobilizatsiya qilish uchun, Ukrainaga qarshi to‘laqonli va cheksiz urush qilish uchun ijtimoiy fikrni tayyorlamoqda".

“Fayzbog‘” kanali bir muddat oldingi ogohlantirishlarga e’tibor qaratgan:

"Ma’lumot uchun, bundan bir necha kun avval bir qator xorijiy mamlakatlar, jumladan, AQSh, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Shvetsiya, Kanada va Boltiqbo‘yi elchixonalari Moskvada teraktlar ehtimollari haqida ogohlantirish e’lon qilgan edi. 3 kun oldin Putin ushbu bayonotlarni "ochiqdan-ochiq shantaj" va "Rossiya jamiyatini beqarorlashtirishga urinish” deb atadi".

Dunyo davlatlari terakt haqida

Yevroittifoq “Crocus City Hall”dagi teraktni qoraladi. “Yevropa ittifoqi Moskvadagi "Crocus City Hall”da sodir etilgan terakt haqidagi xabarlardan karaxt holatiga tushdi. Yevroittifoq tinch aholiga qarshi har qanday hujumni qoralaydi. Bizning xayollarimiz — Rossiyaning jabrlangan fuqarolari bilan", — degan YEIning xorijiy ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha vakili Peter Stano.

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham Moskva shahridagi Crocus City Hallʻda sodir etilgan teraktni keskin qoralaydi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

“Terrorizmni oqlab boʻlmaydi, biz begunoh fuqarolarga nisbatan qilingan bunday zoʻravonlikni bir ovozdan rad etishga chaqiramiz”, — deyiladi TIV xabarida.

Vazirlik halok boʻlganlarning oila aʼzolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.

Shuningdek, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya va qator mamlakatlarda ham terakt qoralanib, ushbu davlatlarning tashqi ishlar vazirliklari jabrlanganlarga hamdardlik bildirdi. Oq uy ham voqea joyidan olingan kadrlarni “qoʻrqinchli” deb atab, qurbonlar va jabrlanganlarning oilalariga hamdardlik bildirgan.

Uzbekistan Airways terakt sabab yoʻlovchilarga murojaat bilan chiqdi

Uzbekistan Airwaysʻning maʼlum qilishicha, hozirda Moskvada xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Uzbekistan Airways “Domodedovo” va “Vnukovo” xalqaro aeroportlaridan parvoz qiladigan yoʻlovchilarni Moskva aeroportlariga belgilangan vaqtdan oldinroq kelishlarinisoʻraydi, — deyiladi aviakompaniya xabarida.