“Platforma yoki uning egasi ushbu platformadagi huquqbuzarliklar uchun javobgar ekanligini da'vo qilish bema'nilik”
Telegram jamoasi Pavel Durovning hibsga olinishiga birinchi marta izoh berib, rasmiy bayonotni e'lon qildi.
2 daqiqa o‘qiladi

Telegram jamoasi ijtimoiy tarmoq asoschisi va bosh direktori Pavel Durovning hibsga olinishiga birinchi marta izoh berib, yakshanba kuni kechqurun rasmiy bayonotni e'lon qildi, unda “platforma yoki uning egasi ushbu platformadagi huquqbuzarliklar uchun javobgar ekanligini da'vo qilish bema'nilik” ekani aytilgan.
Pavel Durovning yashiradigan hech narsasi yoʻq
“Telegram Yevropa Ittifoqi qonunlariga, jumladan, Raqamli xizmatlar toʻgʻrisidagi qonunga amal qiladi – uning moderatsiyasi soha standartlariga javob beradi va doimiy ravishda takomillashtiriladi. Telegram bosh direktori Pavel Durovning yashiradigan hech narsasi yoʻq va u tez-tez Yevropa boʻylab sayohat qiladi. Platformadagi suiiste'molliklar uchun platforma yoki uning egasi javobgar, deb da'vo qilish bema'nilikdir”, – deyiladi bayonotda.
Ta'kidlanishicha, “dunyo boʻylab qariyb bir milliard foydalanuvchi Telegram’dan muloqot vositasi va muhim ma'lumotlar manbai sifatida foydalanadi”.
“Biz ushbu vaziyatning tezroq hal etilishini kutmoqdamiz. Telegram siz bilan”, – deyiladi xabarda.
Rossiya TIV ning munosabati
Rossiya TIV Durov hibsga olingani boʻyicha munosabat bildirdi.
TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova Durovning qo‘lga olingani haqidagi xabar paydo bo‘lishi bilanoq Fransiyadagi elchixona ishga tushganini aytgan.
Rossiyaning Fransiyadagi elchixonasi Telegram asoschisi Pavel Durov atrofidagi vaziyatga oydinlik kiritish uchun zarur choralar ko‘rmoqda. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Rossiyalik diplomatlar oʻz ishini allaqachon boshlagan
Ma’lum qilinishicha, Rossiya elchixonasiga Durov vakillari tomonidan hech qanday murojaat kelib tushmagan bo‘lsa-da, rossiyalik diplomatlar ish boshlagan.
“Durovning qamoqqa olingani to‘g‘risidagi ma’lumotga javoban, Rossiyaning Fransiyadagi elchixonasi, tadbirkor vakillarining murojaati bo‘lmaganiga qaramay, bunday holatlarda qo‘llaniladigan zaruriy choralarni darhol ko‘rib, Rossiya fuqarosi atrofidagi vaziyatni oydinlashtirishga kirishdi”, - deyiladi munosabatda.
“Diplomatlarimizga vazifalarini eslatib o‘tirishning hojati yo‘q”
Davlat dumasi spikeri o‘rinbosari Vladislav Davankov avvalroq Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga murojaat yo‘llab, Durovni ozod qilishga erishishga chaqirgandi.
TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova Durovning qo‘lga olingani haqidagi xabar paydo bo‘lishi bilanoq Fransiyadagi elchixona ishga tushganini aytgan.
“Diplomatlarimizga ularning funksional vazifalarini eslatib o‘tirishning hojati yo‘q”, – degan u.
Telegram asoschisining hibsga olinishi
Avval xabar qilinganimizdek, Telegram messenjeri asoschisi va bosh direktori Pavel Durov shanba kuni kechqurun Fransiyada hibsga olindi.
Fransiya huquq tartibot organlari Durovni «narkotiklar aylanmasi, bolalarga qarshi jinoyatlar va firibgarlik»da ayblamoqda. Bunga sabab qilib messenjerda moderatsiya yoʻqligi va qonunni himoya qiluvchi organlar vakillari bilan hamkorlikdan bosh tortgani koʻrsatilmoqda.



