$
 12165.24
-25.19
 14330.65
-32.11
 159.42
-2.67
weather
+26
Кечаси   +14°

Har biriga 30 milliondan: O‘zbekistonda Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan faxriylar taqdirlanadi

O‘zbekistonda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 30 million so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi. Bu haqda Prezident raisligida harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda 9-may — Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Faxriylarga ehtirom va qahramonlar xotirasi

Joriy yilda qutlug‘ sana munosabati bilan har bir urush qatnashchisi va nogironiga 30 million so‘mdan to‘lanishi rejalashtirilgan. Shuningdek, front orti mehnatkashlari, keksalar va ustozlarga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatish choralari ko‘rilmoqda. Hududlarda yolg‘iz va yordamga muhtoj faxriylarning xonadonlarini obodonlashtirish hamda xotira tadbirlarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Mustaqillik yillarida o‘z burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar xotirasini abadiylashtirishga alohida e’tibor qaratiladi. Ularning oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatiladi.

Harbiylarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish

Muhokamalar davomida Mudofaa vazirligi ofitserlarining ko‘p yillik xizmati uchun to‘lanadigan oylik ustamalarni ikki baravarga oshirish taklifi ilgari surildi. Bundan tashqari, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarning (oddiy askar va serjantlar) pul ta’minotini 10 foizga oshirish rejalashtirilmoqda.

Ta’kidlanishicha, ushbu choralar harbiylarning ijtimoiy himoyasini mustahkamlash va harbiy xizmat nufuzini oshirishga xizmat qiladi.

Ofitserlarni tayyorlashning yangi tizimi

Bugungi kunda zaxira va rezervdagi ofitserlarni tayyorlash 4 ta fuqarolik va 2 ta harbiy oliygohda 42 ta mutaxassislik bo‘yicha olib borilmoqda. Buningga qo‘shimcha ravishda, Urganch, Termiz va Andijon davlat universitetlari hamda Samarqand iqtisodiyot va servis instituti kabi qator oliygohlar huzurida yana 5 ta harbiy tayyorgarlik o‘quv markazi ochilishi mo‘ljallangan.

Shu bilan birga, “chaqiriqqacha harbiy ta’lim” yo‘nalishi bo‘yicha uch yillik bakalavriat dasturi joriy etiladi. Tibbiyot yo‘nalishi talabalari uchun ham imkoniyatlar kengaymoqda — ilk bor klinik ordinatura va magistraturada harbiy tayyorgarlik dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.

Zamonaviy texnologiyalarga tayaniladi

Islohotlar doirasida zaxiradagi ofitserlarni sun’iy intellekt, dronlar va robototexnika kabi yo‘nalishlar bo‘yicha tayyorlash rejalashtirilgan. Shu maqsadda ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda yangi ta’lim dasturlari ishlab chiqiladi.

Kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va armiyaning jangovar shayligini oshirish ustuvor vazifa bo‘lib qolishi alohida qayd etildi. Qabul qilingan ushbu choralar harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, armiya kadrlar salohiyatini rivojlantirish va tarixiy xotirani saqlashga yo‘naltirilgan.

Теги :
Jamiyat