$
 12088.98
23.49
 13801.99
47.33
 154.47
-1.19
weather
+26
Кечаси   +14°

Endi ishga kirishda "obyektivka"dan voz kechiladi

Shavkat Mirziyoyev

Sifatli kadrlar va zamonaviy boshqaruv tizimi har qanday davlatning taraqqiyot sur’atini belgilovchi bosh omildir. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri yangi avlod rahbarlarining salohiyatiga bog‘liq. Shuni inobatga olgan holda, Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtidorli boshqaruvchilar, liderlar va istiqbolli rahbarlarni aniqlash, shuningdek, “El-yurt umidi” jamg‘armasi ko‘magida iste’dodli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi.

Yangi rivojlanish bosqichi va kadrlarga bo‘lgan strategik ehtiyoj

Bugungi kunda O‘zbekiston iqtisodiyoti intellektual salohiyat hamda ilg‘or texnologiyalarga tayanadigan tamomila yangi rivojlanish bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Buni mamlakatimizga har yili kirib kelayotgan investitsiyalar miqdori 50 milliard dollardan oshayotgani, eksport hajmi esa 40 milliard dollarga yaqinlashayotgani hamda zamonaviy ishlab chiqarish korxonalarining uzluksiz ishga tushirilayotgani yaqqol tasdiqlaydi. Bunday sharoitda raqobatbardosh iqtisodiyot va professional davlat xizmatini yuritishga qodir mutaxassislarni oldindan tayyorlash davlat siyosatining eng muhim strategik vazifasiga aylanmoqda.

So‘nggi yillarda davlat boshqaruvida inson omilini kamaytirish va shaffoflikni ta’minlash maqsadida kadrlar tanlash va ularni baholash jarayonlari to‘liq raqamlashtirildi. Buning natijasida ilk bor 87,7 ming nafar davlat xizmatchisining yagona elektron ma’lumotlar bazasi yaratildi. Hozirda davlat xizmatiga qabul jarayonlari ochiq tanlovlar asosida, nomzodlarning bilim va ko‘nikmalarini xolis baholash tizimi orqali amalga oshirilmoqda.

Sun’iy intellekt yordamida tarmoqlar va hududlarning drayver sohalari chuqur tahlil qilinganda, bugungi kunda 50 dan ortiq zamonaviy kasb bo‘yicha boshqaruv kadrlariga jiddiy ehtiyoj borligi aniqlandi. Ayniqsa, energetika, “yashil” texnologiyalar, qurilish, urbanizatsiya, qishloq va suv xo‘jaligi, raqamlashtirish hamda xizmat ko‘rsatish sohalarida yuqori malakali mutaxassislarga talab o‘ta yuqoriligicha qolmoqda.

“Obyektivka”dan raqamli portfolioga

Taqdimot jarayonida davlatimiz rahbari tayyor kadrlar zaxirasi tizimli yo‘lga qo‘yilmasa, boshqaruv tizimida uzilishlar yuz berishi, bu esa o‘z navbatida qabul qilinayotgan qarorlar sifati va ish samaradorligini tushirib yuborishini alohida ta’kidladi. Shu bois, nomzodlarni baholashda eskirgan va yuzaki hisoblangan an’anaviy “obyektivka” uslubidan butunlay voz kechiladi. Buning o‘rniga shaxsning bilimi, kasbiy tajribasi, psixologik portreti, strategik fikrlashi va yetakchilik qobiliyatini yaqqol aks ettiruvchi portfolio tizimiga o‘tiladi.

Yangi tartibga muvofiq, istiqbolli boshqaruvchilarning layoqati raqamli texnologiyalar yordamida 100 ballik mezon asosida baholanadi. Katta ma’lumotlar (Big Data) va biznes-tahlil vositalari orqali yuqori salohiyatli kadrlar guruhi aniqlanadi hamda ular uchun sun’iy intellekt ko‘magida shaxsiy kasbiy rivojlanish rejalari tuziladi. Ushbu innovatsion tizimni dastlab qishloq xo‘jaligi, oliy ta’lim va qurilish sohalarida sinovdan o‘tkazish taklif etildi.

Rejaga ko‘ra, mamlakatimizda har ikki yilda 500 nafar eng istiqbolli boshqaruvchi saralab olinadi. Shu tariqa, 2030-yilga borib 1,5 ming nafar yuqori salohiyatli mutaxassislarni birlashtirgan yangi avlod rahbar kadrlar zaxirasi shakllantiriladi.

“TOP-100” ochiq tanlovi va xorijdagi yoshlar salohiyati

Taqdimotda rahbarlik lavozimlariga nomzodlar zaxirasini shaffof va adolatli shakllantirish maqsadida tashkil etiladigan “TOP-100” ochiq tanlovi mexanizmi ham tushuntirildi. Mazkur tanlov agrar soha, sog‘liqni saqlash, tadbirkorlik, sud-huquq, ta’lim, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt kabi eng dolzarb yo‘nalishlarni qamrab oladi. Tanlov ishtirokchilari test, kompleks kasbiy baholash va suhbat bosqichlaridan o‘tadilar. Unda g‘olib chiqqan mutaxassislar maxsus o‘quv kurslarida o‘qitilib, milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladi va ularning keyingi kasbiy o‘sishi hamda rahbarlik lavozimlariga tayinlanishi tizimli ravishda ta’minlanadi.

Milliy kadrlar zaxirasini boyitishda xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar, shuningdek, dunyoning eng nufuzli 100 ta universitetida tahsil olayotgan va uni tamomlagan yoshlar salohiyatidan samarali foydalanishga alohida urg‘u berildi. Bu borada, 2026-yilning 1-oktabridan boshlab career.edu.uz elektron platformasida maxsus “Xorijdagi talabalar” moduli ishga tushiriladi. Mazkur modul chet elda o‘qiyotgan iqtidorli yoshlarni davlat idoralari hamda xususiy sektor vakillariga biriktirish, ularning amaliyot o‘tashini yo‘lga qo‘yish, ish beruvchilar bilan bevosita muloqotini ta’minlash va kelgusida munosib ish joylari bilan band qilishga xizmat qiladi.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyatidagi yangi bosqich

Yig‘ilish davomida “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari ham keng muhokama qilindi. Tizimli islohotlar va o‘tgan yili amalga oshirilgan transformatsiya jarayonlari natijasida jamg‘arma stipendiatlari orasida dunyoning eng nufuzli 100 ta oliygohiga qabul qilingan yoshlar ulushi 30 foizdan 80 foizga yetdi. Keyingi yilda yangi talablar asosida tashkil etilgan uchta tanlov yakunlariga ko‘ra 447 nafar iqtidorli yosh ushbu stipendiya sohibiga aylandi.

Shunga qaramay, jamg‘arma dasturlarini hududlar va tarmoqlarning real ehtiyojlariga moslashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Iqtidorli yoshlarni nufuzli xorijiy universitetlarda aniq maqsadli yo‘nalishlar bo‘yicha tayyorlash, ularning o‘qish xarajatlarini mamlakatimizdagi yirik korxonalar bilan hamkorlikda moliyalashtirish hamda chet el yetakchi oliygohlari bilan qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan yangi takliflar ilgari surildi.

Shu bilan birga, jamg‘arma bitiruvchilarining ilmiy izlanishlari, startap loyihalari hamda davlat ahamiyatiga molik islohotlarni ilgari suruvchi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun kichik grantlar ajratish rejalashtirilmoqda. Yuqori bo‘g‘in rahbarlari uchun esa Singapur, Malayziya, Buyuk Britaniya va Yaponiya kabi davlatlarning ilg‘or tajribalari asosida maxsus liderlik dasturlari tashkil etiladi.

Taqdimot yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev kadrlarni saralashda ochiqlik, xolislik va adolat tamoyillariga qat’iy amal qilish, iste’dodli mutaxassislarni tizimli qo‘llab-quvvatlash hamda ularning intellektual salohiyatidan Vatanimiz ravnaqi yo‘lida unumli foydalanish yuzasidan mutasaddi rahbarlarga muhim topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.

Теги :
Jamiyat