$
 11801.23
-22.46
 13737.81
-59.25
 136.73
-3.01
weather
+26
Кечаси   +14°

Mustaqillikning 35 yilligiga oltin va kumush tangalar sotuvga chiqarildi

tanga

O‘zbekiston Markaziy banki Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan uch xil dizayndagi esdalik tangalarini sotuvga chiqardi. Tangalar 999,9 asillikdagi oltin va kumushdan zarb etilgan, har birining og‘irligi 31,1 gramm. Oltin tangalarning dastlabki tiraji 450 dona, kumush tangalarniki esa 800 dona. 

Xo‘sh, esdalik tangalarni qayerdan sotib olish mumkin?

Birinchi tangada Mustaqillik monumenti va O‘zbekiston bayrog‘i

Birinchi tanga O‘zbekistonning mustaqil davlat sifatidagi ramzlariga bag‘ishlangan. Uning old tomonida Mustaqillik monumenti tasvirlangan. Monument ortidan quyosh nurlari taralib turadi. Bu tasvir mustaqillik bilan ochilgan yangi imkoniyatlar va kelajakka ishonchni ifodalaydi.

Tanganing ikkinchi tomonida O‘zbekiston davlat bayrog‘i joylashtirilgan. Uning yonida bayroq qabul qilingan sana — 1991-yil 18-noyabr ham yozilgan. Shu tariqa bitta tangada Mustaqillik monumenti va mamlakatning asosiy davlat ramzlaridan biri birlashtirilgan.

Ikkinchi tangaga Islom sivilizatsiyasi markazi tushirildi

Ikkinchi tanga O‘zbekistonning tarixiy va ma’naviy merosiga bag‘ishlangan. Unda Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi tasvirlangan. Markaz obrazi O‘zbekiston hududidan yetishib chiqqan buyuk allomalar, mamlakatning ilm-fan va islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasini eslatib turadi.

Tanganing orqa tomonida O‘zbekiston davlat gerbi aks etgan. Shuningdek, gerb qabul qilingan sana — 1992-yil 2-iyul ham ko‘rsatilgan. Bu tanga orqali tarixiy meros bilan mustaqil O‘zbekistonning davlat ramzlari bir kompozitsiyada jamlangan.

Uchinchi tangada “35” raqami va madhiyadan satr bor

Uchinchi tanga bevosita Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan. Undagi eng katta va ko‘zga tashlanadigan element — “35” raqami. Dizaynda bu raqam zamonaviy uslubda ishlangan, bezaklarda esa o‘zbek do‘ppisiga xos milliy naqshlardan foydalanilgan.

Tanganing orqa tomoniga O‘zbekiston davlat madhiyasidagi “Olamni mahliyo aylagan diyor!” satri tushirilgan. Uning yonida madhiya qabul qilingan sana — 1992-yil 10-dekabr ham qayd etilgan. Shu bilan kolleksiyadagi uchta tangada O‘zbekistonning bayrog‘i, gerbi va madhiyasi bilan bog‘liq sanalar ham o‘z aksini topgan.

Tangalarni qayerdan sotib olish mumkin?

Esdalik tangalari 999,9 asillikdagi oltin va kumushdan tayyorlangan. Har bir tanganing og‘irligi 31,1 gramm, nominal qiymati esa 100 ming so‘m. Tangalarni uch donadan iborat kolleksiya ko‘rinishida ham, har birini alohida ham xarid qilish mumkin.

Dastlab 450 dona oltin va 800 dona kumush tanga chiqarilgan. Markaziy bank talab yuqori bo‘lsa, tirajni oshirish mumkinligini bildirgan.

Tangalar 27-avgustdan 690 ta tijorat banki filialida sotuvga chiqarilgan. Ularning amaldagi sotuv narxi va qaysi banklarda mavjudligi haqidagi ma’lumotlar Markaziy bankning rasmiy saytida har kuni yangilanadi.

Теги :
Jamiyat