$
 12171.61
-24.39
 14117.85
-23.41
 149.80
-1.94
weather
+26
Кечаси   +14°

Qonun qabul qilindi, navbat tozalashga: Noqonuniy diniy ta’lim berib kelayotganlar fosh etilmoqda

Diniy ta

Huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan Farg‘ona viloyatida voyaga yetmagan shaxslarga noqonuniy diniy ta’lim berish holatlari fosh etildi. Bu haqda Sevimli telekanali xabar berdi.

Oyiga 200 dollarlik noqonuniy ta’lim

18-fevral kuni Uchko‘prik tumani Katta Qo‘shtepa mahallasida yashovchi shaxs xonadonida hujra tashkil qilgani aniqlandi. 52 yoshli shaxs hech qanday ma’lumotga ega bo‘lmay turib, 10 nafar voyaga yetmagan bolaga noqonuniy tarzda diniiy ta’lim bergan.

2024-yil oktabrdan buyon faoliyat ko‘rsatayotgan hujraga o‘quvchilar Toshkent shahri, Qashqadaryo, Namangan viloyatlari hamda Uchko‘prik, Rishton tumanlaridan borgan. Ularning ota-onalaridan oyiga 200 dollardan olingan.

Surxondaryodan Farg‘onaga borib o‘qiyotgan o‘g‘il-qizlar

10-fevral kuni Buvayda tumani Tepalik mahallasida yashovchi 34 yoshli fuqaro turmush o‘rtog‘i bilan uyining yerto‘lasida hujra tashkil qilgani aniqlangan. Ular Surxondaryo, Namangan viloyatlari va qo‘shni tumanlardan bo‘lgan 30 nafar o‘g‘il-qizga (25 nafari voyaga yetmagan) hech qanday ma’lumotga ega bo‘lmasdan noqonuniy tarzda diniy ta’lim berib kelgan.

Marg‘ilonda aniqlangan holat

19-fevral kuni Marg‘ilon shahri Rohat mahallasida ham 48 yoshli shaxs hujra tashkil qilgani aniqlangan. U xonadonida 30 nafar voyaga yetmagan bolaga noqonuniy diniy ta’lim berib kelgan.

Hozirda har uchala holat yuzasidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Yangi qonun

Ma’lumot uchun, prezident tomonidan 20-fevral kuni “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bola huquqlari himoyasini yanada mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun imzolandi. Qonun 2024-yil 25-iyun kuni Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan, Senatda esa 16-avgust kuni ma’qullangan.

Vasiylarning bolani diniy tarbiyalash huquqi kafolatlandi

Qonun bilan “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z bolasini shaxsiy e’tiqodlariga muvofiq diniy va axloqiy jihatdan tarbiyalash huquqiga egaligi belgilanmoqda.

Biroq ular tomonidan o‘z bolasini qonunga xilof ravishda diniy ta’lim olishga jalb etishga, ya’ni bolani ro‘yxatdan o‘tkazilmagan yoki litsenziyaga ega bo‘lmagan tashkilotlarga yoxud maxsus diniy ma’lumotga ega bo‘lmagan va diniy tashkilotlarning O‘zbekiston bo‘yicha markaziy boshqaruv organining ruxsatisiz diniy ta’limni amalga oshirayotgan shaxslarga diniy ta’lim olish uchun topshirishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi.

Javobgarlik qanday?

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan o‘z bolasini qonunga xilof ravishda diniy ta’lim olishga jalb etish BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi.

Shuningdek, mazkur huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi belgilandi.

Теги :
Jamiyat