$
 12168.98
40.96
 14588.17
169.17
 159.89
1.37
weather
+26
Кечаси   +14°

Tajriba: Jurnalist bir oy telefonsiz yashab ko‘rdi

detox

The Guardian nashri jurnalisti Emma Rassel smartfonsiz yashash uning hayotiga qanday ta’sir qilishini bilish maqsadida o‘zining iPhone’idan bir oyga voz kechishga qaror qildi. Ushbu tajriba orqali u zamonaviy inson uchun ajralmas bo‘lib qolgan texnologiyalardan uzilish ruhiy holat, kundalik hayot va ijtimoiy munosabatlarga qanday ta’sir ko‘rsatishini o‘rganib chiqdi.

Jurnalist kuzatuvlari 

Tajriba yakuniga yetgach, jurnalist o‘z kuzatuvlarini “Mening analogli oyim: smartfondan voz kechish meni sog‘lomroq va baxtliroq qiladimi yoki faqat stress keltiradimi?” sarlavhali maqolada jamladi. Maqolaning boshidayoq Emma bugungi kunda insonlarning gadjetlarga qaramligini ochiq tan oladi.

“Hammasi 2007-yilda boshlandi: birinchi iPhone taqdim etilganidan buyon smartfonlar zamonaviy hayotning ajralmas qismiga aylandi. Buyuk Britaniyada odam kuniga o‘rtacha 4 soat 20 daqiqani internetda o‘tkazadi. Ekran vaqtining ko‘payishi esa depressiya, xavotir va uyqu muammolari bilan bevosita bog‘liq. Ammo ilg‘or texnologiyalar dunyosida oflayn rejimda yashashning iloji bormi?”, deb yozadi u.

Oddiy tugmachali telefon

Tajriba doirasida Emma smartfonni oddiy Nokia tugmachali telefoniga almashtirdi. U striming servislaridan, ijtimoiy tarmoqlardan va barcha mobil ilovalardan butunlay voz kechdi. Bir oy davomida jurnalist faqat naqd pul yoki bank kartasidan foydalandi, musiqa tinglash uchun Walkman pleyerini, suratga olish uchun plyonkali kamerani tanladi. Kitoblar qog‘oz formatida o‘qildi, eslatmalar yon daftarga yozildi, yo‘l topishda qiynalmaslik uchun esa yonida doimo London xaritasi olib yurildi.

“Yagona istisno ish vaqti bo‘ldi. Soat 9:00 dan 17:00 gacha noutbukda ishladim, elektron pochta xatlariga javob berdim va materiallar tayyorladim”, dedi Rassel.

Qiyinchiliklar

Tajribaning ilk kunlaridanoq jurnalist kutilganidan ham ko‘proq amaliy qiyinchiliklarga duch keldi. U avtobus raqamlarini eslab qolishda qiynaldi, yo‘nalishlarni adashtirdi, SMS yozish esa ancha vaqtini oldi. Eng qizig‘i, uning bu qarori atrofdagilarning ham noroziligiga sabab bo‘ldi: do‘stlari ham, hatto ijaraga olgan uy egasi ham bunday “uzilish”dan ko‘ngli to‘lmadi.

“Men do‘stlarim bilan WhatsApp orqali so‘zlashishni sog‘indim. Ular menga kundalik hayotlari haqida qiziqarli xabarlar yuborishardi. O‘zimni biroz chetda qolgandek his qildim. Shunda e’tiborimni atrof-muhitga, daraxtlardagi barglarning qimirlashiga qaratishga harakat qildim. Menda odatda vaqt topilmaydigan fikrlar paydo bo‘la boshladi. Bu esa o‘ziga xos stress edi”, deydi Emma.

Smartfonga ishonib yashash

Jurnalist tajriba davomida muhim bir narsani anglab yetdi: u ko‘p hollarda o‘z xotirasiga emas, balki smartfoniga ishonib yashagan ekan. Masalan, sakkizinchi kuni u uyda mazali taom tayyorlamoqchi bo‘ldi, biroq supermarketga borganda taom uchun kerakli masalliqlarni eslay olmagani sababli rejasidan voz kechdi. 

Ijobiy oʻzgarishlar

Tajribaning ikkinchi haftasidan boshlab Emma o‘zida ijobiy o‘zgarishlar seza boshladi. Vaqt o‘tishi bilan u o‘zini xotirjamroq, sabrliroq, diqqatini yaxshi jamlay oladigan bo‘ldi. Eng muhimi, kundalik hayotda odamlar bilan jonli muloqot qilishga bo‘lgan qiziqishi ortdi.

“Bir oy davomida yuzaga kelgan barcha qiyinchiliklarga qaramay, tajriba tugaganidan afsuslandim. Ha, mening oflayn hayotim ba’zida boshqalarni noqulay ahvolga solib qo‘ydi, ammo men o‘zimni ancha baxtli va xotirjam his qildim. Ijtimoiy tarmoqlarda soatlab o‘tirish, xabarlarga javob kutish va doimiy onlayn bo‘lish majburiyatidan xalos bo‘ldim”, deb yozadi jurnalist.

Uning ta’kidlashicha, taxminan, bir haftadan so‘ng Rassel telefonni tekshirish odatini butunlay unutgan va bo‘sh vaqtini kitob o‘qishga bag‘ishlay boshlagan. Kechqurunlari elektron pochtasini ko‘zdan kechirmaslik esa unga alohida zavq bag‘ishlagan.

“Endi meni chalg‘itadigan ortiqcha narsalarni hayotimdan olib tashlashga qat’iy qaror qildim”, deya yakunladi Emma Rassel o‘z hikoyasini.

Теги :
Jamiyat