$
 12072.96
52.48
 14177.28
128.95
 161.17
2.4
weather
+26
Кечаси   +14°

Poytaxt tadbirkorlari dizayn-kod islohotida “yumshoqroq” o‘tish davrini so‘rashmoqda

Peshlavha Foto: Spot

Toshkent shahrining tashqi qiyofasini tartibga solishga qaratilgan yangi dizayn-kodi va reklama sohasidagi islohotlar biznes vakillari o‘rtasida jiddiy xavotirlarga sabab bo‘lmoqda. 23-aprel kuni bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda poytaxt tadbirkorlari yangi talablarga moslashish uchun qo‘shimcha vaqt ajratish hamda iqtisodiy yuklamani kamaytirish masalasini ko‘tarishdi.

“Nazariya va amaliyot o‘rtasidagi masofa

Muloqotda so‘zga chiqqan “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i marketing departamenti rahbari Malik Karimov Toshkentning tasdiqlangan dizayn-kodiga munosabat bildirar ekan, hujjatning konseptual jihatdan puxtaligini e’tirof etdi. Biroq, u mazkur hujjatni bugungi kunda ko‘proq “nazariy” xarakterga ega ekanligini ta’kidlab, uning talablarini qisqa muddatda hayotga tatbiq etishdagi qiyinchiliklarga to‘xtaldi.

Karimovning ma’lum qilishicha, hozirda belgilangan 14 ta tajriba-sinov ko‘chalarida joylashgan 240 ta supermarketdan 20 tasi peshlavhalarsiz faoliyat yuritishga majbur bo‘lmoqda. U 17-fevraldagi poytaxt Kengashi qarorigacha bo‘lgan va undan keyingi holatni chuqur tahlil qilish zarurligini bildirdi.

Moliyaviy yuklama va demontaj muammolari

Tadbirkorlar uchun eng og‘riqli nuqta — mavjud infratuzilmani yangi standartlarga moslashtirishdagi xarajatlardir. Malik Karimovning ta’kidlashicha, yirik tarmoqlar uchun bu millionlab mablag‘ni aylanmadan chiqarishni anglatadi:

“Mavjud 240 ta supermarketdagi vaziyat hamma joyda ham dizayn-kod talablariga javob bermaydi: ba’zi joylarda peshlavha kattaroq, ba’zi joylarda u tomda joylashgan, ba’zi joylarda esa savdo markazining fasadida. Bu barcha nozik jihatlarni tuzatish va barcha tadbirkorlarning manfaatlarini hisobga olish uchun vaqt va mablag‘ kerak. Yangi logotip yoki peshlavha buyurtma qilish uchun aylanmadan chiqarish kerak bo‘lgan katta mablag‘ talab etiladi. Kimda 60−80−100 mln so‘mlik peshlavhani olib tashlab, o‘rniga yangisini qo‘yishga mablag‘ bor?”

Shuningdek, u peshlavhalarni majburiy demontaj qilish jarayoni biznesga ham moddiy, ham reputatsion zarar keltirayotganini qayd etdi. Peshlavhaning yo‘qligi mijozlarda do‘kon yopilgani haqida noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otmoqda.

Soliq va ruxsatnoma tizimini soddalashtirish taklifi

Biznes hamjamiyati hukumatdan bir qator yengilliklar so‘ramoqda. Xususan, asosiy faoliyati reklama bo‘lmagan tadbirkorlik subyektlarini peshlavhalar uchun har oylik to‘lovlardan va ro‘yxatdan o‘tish yig‘imlaridan ozod qilish taklif etildi.

Malik Karimov viloyat hokimliklaridagi tajribani misol qilib keltirib, Toshkent shahar hokimiyatidan ham ko‘mak so‘radi:

“Faqat to‘g‘ri tushuning. Biz mana shu aniqliklar bilan shug‘ullanayotganimizda, peshlavhalar buzib tashlanmoqda. Har safar logotip buzilganda, uni ta’mirlash kerak bo‘ladi. Pasport olish ancha oson bo‘lgan viloyat hokimliklari ishini alohida ta’kidlamoqchiman. Shunchaki Toshkent hokimligiga iltimos: yordam bering.”

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada Biznes-ombudsman ham ushbu masalaga munosabat bildirib, Toshkent dizayn-kodini amaldagi qonunchilikka muvofiqlashtirish, bahsli normalarni qayta ko‘rib chiqish va hujjatning kuchga kirish muddatini kechiktirishni tavsiya qilgan edi. Hozirda biznes manfaatlari va shahar estetikasi o‘rtasidagi muvozanatni topish masalasi kun tartibidagi eng dolzarb mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda.

Теги :
Jamiyat