$
 12158.59
-39.69
 14238.92
-2.57
 157.88
1.31
weather
+26
Кечаси   +14°

1-oktyabrdan tadbirkorlar jarimaning 50 foizini bir oyda to‘lasa, qolganidan ozod etiladi

qonun

O‘zbekistonda 1-oktyabrdan jarimaning 50 foizini bir oy ichida to‘lagan tadbirkorlar qolgan qismini to‘lashdan ozod etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda 13-aprel kuni prezident rahbarligidagi o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Yangi tartib

2026-yil 1-oktyabrdan moliyaviy jarimalarni ixtiyoriy to‘lashni rag‘batlantiruvchi yangi tartib joriy etish taklif qilindi. Unga ko‘ra, tadbirkorlik subyekti vakolatli organning qarori topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarimaning 50 foizini to‘lasa, qolgan qismini to‘lashdan ozod etiladi.

Bundan tashqari, jarimani olti oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati ham nazarda tutilmoqda. Bunda qaror topshirilganidan keyin bir oy ichida jarimaning kamida oltidan bir qismi to‘lansa, ushbu tartib avtomatik ravishda amal qiladi.

Sud nazoratini kuchaytirish 

Takliflarda sud nazoratini kuchaytirish ham muhim yo‘nalish sifatida qayd etilgan. Agar vakolatli organning jarima qo‘llash haqidagi qarori sud tomonidan bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, undirilgan mablag‘lar 15 kun ichida qaytarilishi kerak bo‘ladi. Mazkur muddat buzilgan taqdirda esa har bir kechiktirilgan kun uchun foiz hisoblanishi rejalashtirilmoqda.

Jarima jarayonlarini raqamlashtirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Biznes-ombudsman tomonidan yuritiladigan “Yagona davlat nazorati” tizimida moliyaviy jarimalarning elektron reyestrini yuritish, barcha qarorlarni elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash majburiy etib belgilanishi taklif etildi. Tizimga kiritilmagan qarorlar haqiqiy emas deb hisoblanadi.

Shuningdek, mobil ilovalar orqali jarimalarni kuzatish va onlayn to‘lash, shaxsiy kabinet orqali qarorlar ustidan shikoyat qilish va shikoyat berilgan zahoti ijroni avtomatik to‘xtatish mexanizmini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Davlat rahbari tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, jarima tizimida adolat va shaffoflikni ta’minlash ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi hamda mutasaddilarga ushbu yo‘nalishda aniq va yagona huquqiy mexanizm ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Теги :
Jamiyat