$
 12694.87
-25.13
 13766.32
-61.59
 139.48
-0.56
weather
+26
Кечаси   +14°

Urushda ishtirok etgan 2 million nafarga yaqin o‘zbekistonliklar ro‘yxati shakllantirildi

Mirziyoyev

Shavkat Mirziyoyev “G‘alaba bog‘i”da bo‘lib o‘tgan 9-may “Xotir va qadrlash kuni”ga bag‘ishlangan tadbirda bayram tabrigini yo‘lladi.

Urushdagi harbiylar

Tabrik davomida prezident urushda ishtirok etgan o‘zbekistonlik harbiylarni hamda front ortidagilarning qilgan ishlarini eslab o‘tdi. Unda ma’lum qilinishicha, urushga safarbar etilgan 1 million 950 mingdan ziyod o‘zbekistonlik jangchilardan 538 mingdan ko‘prog‘i halok bo‘lgan, 158 mingdan ortig‘i bedarak yo‘qolgan, 870 mingdan oshig‘i turli jarohatlar olgan, 60 ming nafardan ziyodi esa nogiron bo‘lib qaytgan.

Urush davrida 214 ming askar va ofitserlarimiz jangovar orden va medallar bilan taqdirlangan, ularning 301 nafari Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga, 70 nafari uchala darajadagi “Slava” (“Shuhrat”) ordeniga sazovor bo‘lgan.

Front ortidagi o‘zbekistonliklar

Shuningdek, urush yillarida Sanoat korxonalarining faoliyati front ehtiyojlari uchun yo‘naltirildi. Urush alangasi ichida qolgan hududlardan mamlakatimizga 170 dan ortiq zavod va fabrika ko‘chirib keltirildi va qisqa muddatda ularning faoliyati qayta tiklangan.

O‘zbekiston aholisi 1941-1943-yillarda mudofaa fondiga 475 million rubldan ortiq mablag‘ni, 22 million rubllik qimmatbaho shaxsiy buyumlarini ixtiyoriy ravishda topshirgani g‘alabani yaqinlashtirishga yana bir muhim hissa bo‘lib qo‘shildi.

Bundan tashqari, hududlaridan evakuatsiya qilingan 1 million 500 mingga yaqin insonga mamlakatdan boshpana berildi. Ota-onasidan judo bo‘lgan 250 ming nafar yetim bolalar o‘zbek oilalari tomonidan asrab olingan.

G‘alaba bog‘i

Mirziyoyev nutqi davomida Ikkinchi jahon urushiga bag‘ishlab qurilgan “G‘alaba bog‘i” haqida ham bir qator raqamlar keltirib o‘tdi. Unga ko‘ra, Shu kungacha bog‘ga 2 million 200 ming nafardan ziyod ziyoratchi tashrif buyurgan. Shu bilan birga majmua jamoasi tomonidan ellikka yaqin kitob-albom va monografiyalar, noyob hujjatlar to‘plamlari yaratilib, hozirga qadar noma’lum bo‘lgan yuzlab tarixiy faktlar aniqlanib, jamoatchilikka yetkazildi.

Bedarak yo‘qolgan 200 nafar askarning ma’lumotlari

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev urush qatnashchilarining ma’lumotlariga oid loyihalar haqida ham gapirib o‘tdi. Ma’lum bo‘lishicha, “Bobomni izlayman” loyihasi doirasida urushda ishtirok etgan 2 million nafarga yaqin vatandoshlarimiz ro‘yxati shakllantirilgan. Yurtdoshlarimizdan kelib tushgan 300 dan ziyod murojaatlar bo‘yicha urushda bedarak ketgan 200 nafar jangchining taqdiriga oid muhim ma’lumotlar to‘plangan.

Теги :
Жамият