$
 12447.35
86.49
 14545.97
66.46
 146.08
0.42
weather
+26
Кечаси   +14°

Suvdan foydalanish tartibi o‘zgartirildi

Suvdan foydalanish tartibini o‘zgartirish bo‘yicha qonun qabul qilindi. Qonunga ko‘ra suvdan foydalanuvchilar va iste’molchilarga “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari tomonidan ruxsatnoma berilishi belgilanmoqda.

O‘zgartirishlar deputatlar tomonidan ma’qullanadi

Ma’lum qilinishicha, Oliy Majlis Senatining ellik yettinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

Qonunda suvdan foydalanuvchilar va iste’molchilarga qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun suv obyektlaridan foydalanishga “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari tomonidan ruxsatnoma berilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, kiritilayotgan qo‘shimchalarga muvofiq fermer, dehqon xo‘jaliklari hamda boshqa suv iste’molchilarining qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun suv olish limitlari tegishicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va hududiy qishloq xo‘jaligi boshqarmalari tomonidan ishlab chiqiladi hamda xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan tasdiqlanadi.

Suv inshootlari texnik jihatdan yaxshi saqlanishi kerak

Qonunda fermer xo‘jaligi "Suv yetkazib berish xizmati'' davlat muassasasi bilan tuzilgan shartnomaga asosan suv resurslaridan foydalanishi, shuningdek, fermerlararo ichki sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlarini, ulardagi inshootlarni ta’mirlash hamda tiklashda ishtirok etishi, ularni texnik jihatdan soz holatda saqlashi shart ekanligi belgilanmoqda.

Qonun bilan jamoa bog‘lari, tokzorlari, ekinzorlarini va tomorqa yer uchastkalarini suv bilan ta’minlash belgilangan tartibda "Suv yetkazib berish xizmati" davlat muassasalari tomonidan suv yetkazib berish va suv xo‘jaligi xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomaga asosan amalga oshirilishi ko‘rsatib o‘tilmoqda.

Suv yetkazish bo‘yicha to‘lovlar bekor qilinadi

Shuning bilan birga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga suv yetkazib berish xizmatlari uchun belgilangan to‘lovlar bekor qilinmoqda.

Mazkur Qonunda belgilangan qoidalar quyi bo‘g‘inda suv bilan ta’minlovchi tashkilotlar va suv iste’molchilari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni tartibga solgan holda, suv resurslarini boshqarish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.