Shanba, 17-oktabr, 2026
Havo 87 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌤 +17° kechasi +10°

O‘zbekiston aholisining 10 foiziga ichimlik suvi transportlarda yetkazib berilyapti

O‘zbekistonda ichimlik suvini transport vositasida yetkazib berishdagi qoidalarni tasdiqlash to‘g‘risida hujjat loyihasi qabul qilindi.

2 daqiqa o‘qiladi

Ichimlik suvi transporti

Hozirda Respublikamiz aholisining 77,1 foiziga ichimlik suvini yetkazib berishda hech qanday qiyinchiliklarga duch kelinmayapti. Ammo qolgan 10 foiz aholiga ichimlik suvlari hanuzgacha transport vositalarida sanitariya talablariga javob bermagan holda yetkazib berish holatlari ko‘plab uchrab turibdi.

Bu masalalarni to‘liq bartaraf etish va suv yetkazib berishni takomillashtirish uchun "O‘zbekistonda ichimlik suvini transport vositasida yetkazib berishdagi qoidalarni tasdiqlash to‘g‘risida" hujjat loyihasi qabul qilindi.

 “Soyadagi iqtisodiyot”

Ichimlik suvini transportda yetkazish va reabilitatsiya qilish jarayonlari tartibga solinmaganligi uchun hozirda har xildagi transport vositalarida rasmiy faoliyat yuritmagan holda, sifati kafolatlanmagan va yetkazib berish vaqti belgilanmagan ichimlik suvini aholiga pullash holatlari ham kuzatilmoqda. Bunday suvning yetkazib berish manbasi, transport vositasi, suv sig‘imining sanitar talablarga javob berishi ham ma’lum emas. Shuningdek, bu masala tartibga solinmagani bois bir ancha fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan davlat ro‘yxatidan o‘tmagan holda har xil sig‘imdagi ichimlik suvini yetkazib berish holatlari ham vujudga kelmoqda.

Ichimlik suvi ta’minoti to‘g‘risidagi qonun

Noqonuniy suv yetkazib berishni bartaraf etish maqsadida 2022-yil 24-oktyabrda “Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingandi. Qonunning 10-bobida transportda suv yetkazib berish va reabilitatsiya qilishning barcha bosqichlarini tartibga solinishi belgilangandi.

Yangi loyihadan kutilayotgan natijalar

Qarorni qabul qilinishi aholiga transport vositalarida xavfsiz va sifatli ichimlik suvini yetkazib berish kafolatini beradi. Shuningdek, ushbu faoliyat turi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga imkoniyatlar yaratiladi va o‘zboshimchalik bilan davlat ro‘yxatidan o‘tmagan holda har xil sig‘imli ichimlik suvini yetkazib berish holatlariga chek qo‘yilib transportda ichimlik suvi bilan ta’minlanayotgan 3 mln.dan ortiq aholiga sifatli xizmat ko‘rsatilishi kutilmoqda.