$
 12013.40
-36.04
 13831.03
-193.31
 163.87
-0.05
weather
+26
Кечаси   +14°

BMT sun’iy intellekt bo‘yicha xavotirli prognozni e’lon qildi: Chatgpt 1,3 milliard odamning suvini “ichib” yuborishi mumkin

suv

Bugun odamlar matn yozishdan tortib rasm va video yaratishgacha bo‘lgan ko‘plab ishlarni SI yordamida bajarmoqda. Lekin bu qulayliklarning ko‘zga ko‘rinmaydigan tomoni ham bor. BMT olimlari e’lon qilgan yangi hisobotda sun’iy intellektni ishlatib turadigan ma’lumotlar markazlari 2030-yilga borib 1,3 milliard odamning yillik suv ehtiyojiga teng resurs sarflashi mumkinligi aytilgan.

Xo‘sh, biz har kuni ishlatayotgan sun’iy intellekt aslida tabiatga qanchalik qimmatga tushmoqda?

Ma’lumotlar markazlari rekord darajada resurs talab qilmoqda

BMT universiteti huzuridagi Suv resurslari, atrof-muhit va salomatlik instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, 2030-yilga borib sun’iy intellektni ishlatib turadigan ma’lumotlar markazlari 945 teravatt-soat elektr energiyasi iste’mol qiladi. Bu Pokiston, Bangladesh va Nigeriyaning umumiy yillik elektr sarfidan qariyb uch baravar ko‘p degani.

Olimlar yana bir qiziq raqamni keltirgan. Bu markazlar sarflaydigan suv hajmi Sahroyi Kabirdan janubdagi Afrika davlatlarida yashovchi 1,3 milliard kishining asosiy yillik suv ehtiyojiga teng bo‘lishi mumkin. Ular egallaydigan yer maydoni esa 14 ming kvadrat kilometrdan oshadi. Taqqoslash uchun, bu Jakarta aglomeratsiyasi hududidan deyarli ikki baravar katta maydon hisoblanadi.

Muammo faqat elektr energiyasida emas

Ko‘pchilik sun’iy intellekt haqida gap ketganda faqat uglerod chiqindilarini eslaydi. Biroq olimlar masala bundan ancha kengroq ekanini aytmoqda. Har bir kilovatt-soat elektr energiyasi bilan birga suv va yer resurslari ham sarflanadi.

Masalan, elektr energiyasini ko‘mirdan emas, bioenergetika orqali olish uglerod chiqindilarini 70 foizga kamaytirishi mumkin. Lekin buning evaziga suv sarfi 30 baravardan, yer maydoniga bo‘lgan ehtiyoj esa 100 baravardan ko‘proq oshib ketishi mumkin.

2025-yilda ma’lumotlar markazlari 448 teravatt-soat elektr energiyasi ishlatgan. Agar ular alohida davlat bo‘lganida, elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinni egallagan bo‘lardi. Hatto Fransiyadan keyin, Saudiya Arabistonidan oldinda joylashardi.

ChatGPT har kuni milliardlab so‘rovlarni qayta ishlaydi

Odamlar odatda sun’iy intellektning asosiy xarajati modelni yaratishda deb o‘ylaydi. Haqiqatan ham GPT-3 modelini o‘qitish uchun 1,3 gigavatt-soat, GPT-4 uchun esa taxminan 50–70 gigavatt-soat elektr energiyasi sarflangani aytiladi.

Ammo olimlarning fikricha, bugungi kunda asosiy xarajat modelni yaratishda emas, uni har kuni ishlatishda. Sun’iy intellekt sarflaydigan energiyaning 80–90 foizi foydalanuvchilarning kundalik so‘rovlariga javob berishga ketadi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, birgina ChatGPT kuniga 2,5 milliardga yaqin so‘rovni qayta ishlaydi. Bu yiliga 383 gigavatt-soat elektr energiyasi degani. Shuncha energiya natijasida hosil bo‘ladigan uglerod chiqindilarini qoplash uchun 10 yil davomida parvarish qilinadigan 2,6 million tup daraxt kerak bo‘ladi. Bu deyarli Manxetten kattaligidagi hududni qoplaydigan o‘rmon bilan teng.

ChatGPT ishlashi uchun sarflanadigan suv esa taxminan 500 ming kishining minimal yillik ichimlik suvi ehtiyojiga teng. Infratuzilma egallagan hudud esa 800 dan ortiq futbol maydoniga tenglashadi.

Qolaversa, har bir so‘rov bir xil energiya sarflamaydi. Oddiy chat so‘rovi bazaviy matn tasniflashga qaraganda 200 baravar ko‘proq energiya talab qiladi. Bitta SI rasmi yaratish esa 1450 baravar ko‘proq energiya sarflashi mumkin. Hatto qisqa SI videosini yaratish uchun ketadigan energiya 200 mingta spam-xabarni tasniflash energiyasiga teng bo‘lishi mumkin.

SI rivojlangani sari muammo ham kattalashishi mumkin

Olimlar texnologiya arzonlashgani sari undan foydalanish yanada ko‘payishini ham eslatmoqda. Bu holat iqtisodiyotda Jevons paradoksi deb ataladi. Ya’ni tizim qanchalik samarali bo‘lsa, odamlar undan shunchalik ko‘p foydalanadi va umumiy sarf kamayish o‘rniga oshib ketadi.

Bu holat ayrim davlatlarda allaqachon sezilmoqda. Masalan, Irlandiyada 2023-yilda ma’lumotlar markazlari mamlakat elektr energiyasining 21 foizini iste’mol qilgan. Bu ko‘rsatkich barcha shahar uy xo‘jaliklari sarfidan ham yuqori bo‘lgan. Shu sabab Dublin hududida yangi markazlar qurilishiga ruxsat berish 2028-yilgacha to‘xtatilgan.

Bundan tashqari, 2030-yilga borib sun’iy intellekt infratuzilmasi har yili 2,5 million tonnagacha elektron chiqindi ishlab chiqarishi mumkin. Bu chiqindilarning katta qismi ekologik nazorat sust bo‘lgan mamlakatlarda qayta ishlanadi. SI qurilmalarida ishlatiladigan foydali metallar ham ko‘pincha tabiatni muhofaza qilish talablari sust bo‘lgan hududlarda qazib olinadi va bu suv hamda tuproqning ifloslanishiga olib keladi.

Olimlar yana bir muhim jihatga e’tibor qaratmoqda. Ma’lumotlar markazlari ko‘pincha suv tanqisligi mavjud hududlarda quriladi. Eng qizig‘i, o‘sha hududlarda yashovchi odamlar bu markazlarda ishlayotgan sun’iy intellekt xizmatlaridan umuman foydalanmasligi ham mumkin. Natijada bir hudud xarajat qiladi, boshqa hudud esa foyda ko‘radi. Bu esa kelajakda yanada katta bahs-munozaralarga sabab bo‘lishi mumkin.

Теги :
Jamiyat