$
 11975.36
-98.06
 14020.75
-113.6
 162.91
-1.56
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston suv sarfi bo‘yicha mintaqada yetakchilikni hech kimga bermayapti

Suv

Dunyo miqyosida chuchuk suv taqchilligi tobora jiddiy tus olayotgan bir davrda, Markaziy Osiyo mintaqasi suv resurslaridan foydalanish ko‘rsatkichlari bo‘yicha global reytinglarning yetakchilariga aylanib bormoqda. “Worldometer” tahliliy platformasining so‘nggi ma’lumotlari mintaqadagi transformatsiya va resurslarni boshqarish masalalarini yana bir bor kun tartibiga chiqardi. Kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, sarflanayotgan ushbu ulkan obihayot hajmi, birinchi navbatda, mintaqa iqtisodiyotining drayveri hisoblangan qishloq xo‘jaligi sohasi hamda keng tarmoqli irrigatsiya tizimlarini ta’minlashga yo‘naltirilmoqda.

Yetakchilik o‘zbekistonda

Agrosanoat salohiyati yuqori bo‘lgan O‘zbekiston umumiy suv iste’moli bo‘yicha mintaqa mamlakatlari orasida birinchi o‘rinni egallab turibdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, respublika har yili qariyb 54,56 milliard kub metr suv sarflaydi. Bu ko‘rsatkich mintaqadagi boshqa qo‘shni davlatlar bilan solishtirilganda eng yuqori dinamikani namoyon etadi.

Reytingning keyingi pog‘onasidan joy olgan Turkmanistonda yillik suv iste’moli hajmi 27,9 milliard kub metrga yaqinlashgan. Hududiy jihatdan yirik hisoblangan Qozog‘istonda esa bu raqam yiliga 22,77 milliard kub metrni tashkil qilmoqda.

Mintaqaning yuqori oqimida joylashgan Tojikistonda yillik iste’mol ko‘rsatkichi 11,49 milliard kub metr atrofida qayd etilgan bo‘lsa, eng kam ko‘rsatkich Qirg‘iziston hissasiga to‘g‘ri kelmoqda — qo‘shni davlat bir yilda qariyb 8 milliard kub metr suv sarflaydi.

Aholi kon boshi ko‘rsatkichi

Agar umumiy iste’mol hajmi bo‘yicha O‘zbekiston yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, aholi jon boshiga hisoblangan ichki ko‘rsatkichlarda mutlaqo boshqa manzara aks etadi. Bu yo‘nalishda Turkmaniston nafaqat mintaqada, balki dunyoda ham yuqori o‘rinlardan birini band etgan: mamlakatda bir kishi kuniga o‘rtacha 15 445 litr suv iste’mol qiladi.

Taqqoslash uchun, O‘zbekistonda har bir fuqaroning kunlik ehtiyojlari va unga to‘g‘ri keladigan tarmoqlar sarfi uchun o‘rtacha 4 778 litr obihayot to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha keyingi o‘rinlarni Tojikiston (kuniga bir kishiga 4 460 litr) va Qirg‘iziston (kuniga bir kishiga 4 153 litr) band etgan.

Mintaqada aholi jon boshiga suvni eng tejamkor sarflayotgan mamlakat Qozog‘iston bo‘lib chiqdi — bu yerda har bir fuqaroga to‘g‘ri keladigan kunlik sarf hajmi 3 397 litr darajasida cheklangan.

Ekspertlarning fikricha, keltirilgan ushbu raqamlar mintaqa davlatlari oldiga suv resurslaridan unumli foydalanish, integratsiyalashgan boshqaruv tizimini joriy etish va qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish kabi kechiktirib bo‘lmas vazifalarni qo‘ymoqda.

Теги :
Jamiyat